O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

"Eng katta niyatimiz - tezroq davo topib, uyga, oilangiz bag‘riga qaytishingiz"

 
 

Odamlar har doim bir xil holatda yashamaydi. Alloh taoloning turli sinovlari bo‘lib o‘tishi mumkin. Shunday sinovlardan biri bu bemorlikdir. Qaysi inson berilgan dardga sabrli bo‘lib, Alloh taoloning sinov imtihoniga bardoshli bo‘lsa, gunohlari kechirilib savobga erishadi. Ammo, bu sinovga sabrsizlik qilsa, gunohkor bo‘ladi. Mana shunday hollarda dinimiz mo‘min-musulmonlar o‘rtalarida mehr-muruvvat, o‘zaro hamjihatlik ziyoda bo‘lishi uchun bir-biridan xabar olib turishga chaqiradi.

Payg‘ambarimiz (s.a.v) marhamat qiladilarki: “Musulmonning musulmondagi haqqi beshtadir. Salomga alik olish, kasalni borib ko‘rish, janozaga ergashish, taklif etsa borish va aksa o‘rguvchiga yaxshilik tilashdir” (Muslim rivoyati).

Hadisi sharifdan ko‘rinib turibdiki, biz mo‘min-musulmonlarning bir-birimizdagi haq-huquqlarimizdan biri kasal bo‘lgan yaqinlarimiz yoki qavmu qarindoshlarimizdan bemor bo‘lib qolganlarini darhol ko‘rgani borishlik ekan. Bemorni ziyorat qilish esa Islom dinida eng savobli amallardan hisoblanadi. Bunga, ushbu keltiriladigan hadislar ajoyib dalildir.

“Bemor birodarining ziyoratida borgan musulmon kishi, to qaytib kelguncha, jannat bog‘lari ichra sayr qilib yurgan bo‘ladi”.

Boshqa bir hadisda esa “Bir musulmon boshqa bir musulmonning kasalligini ertalab ko‘rsa, albatta unga kechqurungacha yetmish ming farishta salovat aytadi. Agar kechqurun kasalni ko‘rsa, albatta unga yetmish ming farishta ertalabgacha salovat aytadi. Yana unga jannatda bir bog‘ yaratiladi”.

Alhamdulillah, yurtimiz tinch, turmushimiz osuda, bemorlarimizga klinika va shifoxonalarda davolanish uchun barcha jihoz va sharoitlar muhayyo. Davlatimiz rahbari tomonidan barcha islohotlardan asosiy maqsad odamlar hayotini yaxshilash ekani, sifatli tibbiy xizmat bu borada muhim o‘rin tutishi ta'kidlab kelinmoqda.

2021 yilning “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e'lon qilinishidan ham bu sohani yanada takomillashtirish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish nazarda tutilgan.

Xalqimiz Ramazon hayitini tinchlik-xotirjamlikda, shukronalik bilan bayram qilib, o‘zaro mehr-oqibat yanada oshib, ehtiyojmand oilalarga muruvvat ko‘rsatish, bemorlar holidan xabar olishdek savob ishlarni amalga oshirayotgan Ramazon hayiti kunlari shunday ezgu qadriyatlarimizga muvofiq, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 14 may kuni Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga bordi va shifoxonada davolanayotgan bolalar va ularning onalari bilan suhbatlashdi.

Payg‘ambarimiz (s.a.v) bemorni ziyorat qilish odoblari haqida shunday marhamat qilganlar: “Sizdan birortangiz kasal ko‘rishga borsa, u bilan qo‘l berib ko‘rishsin va qo‘lini bemorning peshonasiga qo‘yib ahvolini so‘rasin, unga shifo va uzoq umr tilasin. Va undan o‘zining haqqiga duo qilishini so‘rasin. Zero, kasal kishining duosi farishtalarning duosi kabi ijobatdir”. Bundan tashqari, yana bemorning tuzala boshlaganiga ishora qilish, samimiy so‘zlar bilan uning ko‘nglini ko‘tarish ham odobdir.

Bemor bolalar holidan xabar olgan davlatimiz rahbari onalar va bolalarni Ramazon hayiti bilan muborakbod etib: “Bugun kelishimdan maqsad - sizlarga yanayam ko‘proq sharoit yaratish, kasallarni tezroq oyoqqa turg‘azish, davolash kafolatini oshirish bo‘yicha choralarni belgilash. Sizlar hammangiz mening farzandlarimsizlar. Har kuni kulib turib, ota-onalaringga madad bo‘lishlaringiz kerak. Albatta tuzalib ketaman, degan intilishingiz bo‘lishi kerak. Biz buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilamiz”, deyish orqali ularning ko‘ngillarini ko‘tardilar, shifo topishlariga umid bag‘ishladilar. Bundan tashqari, ushbu kasallikni bartaraf etish bo‘yicha hukumat tomonidan bajariladigan amaliy ishlar haqida ham to‘xtaldilar.

- Ko‘ngillaringiz bo‘linmasin. Bir o‘zlaringiz emassizlar. Hammamiz hamdardmiz. Bu sohada imkoniyatlarni yaxshilash uchun yangi markaz quramiz. U yerda onalar uchun ham, bolalarning o‘qishi uchun ham sharoit bo‘ladi, davolash ham o‘zgaradi. Eng katta niyatimiz - tezroq davo topib, uyga, oilangiz bag‘riga qaytishingiz, - dedi Prezident.

Bemor dardiga shifo topishda albatta, tibbiy mutaxassis ko‘magiga muhtoj bo‘ladi. Bu paytda u mohir, o‘z ishining bilimdoni bo‘lgan tabib yoki shifokorga murojaat etishi lozim.

Alloh taolo aytadi: “Bas, agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat.)

Mufassir ulamolar bu oyat ma'nosini keng tushunish, ya'ni turli soha va ilmlarda ham bilimdon, mutxassislardan yordam so‘rash zarurligini aytganlar. Bu faqat diniy, aqidaviy masalalar bilangina chegaralanib qolmaydi. Insonning jismoniy salomatligini saqlashi, kasalliklarga muolaja qilishida ham ushbu oyatga amal qilishi lozimligi ta'kidlanadi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Alloh dardni ham, davoni ham tushirgan va har bir dardga davosini qilib qo‘ygan. Shunday ekan davolaninglar”, deya marhamat etganlar. Bu hadisi sharif musulmon tabiblarini zamonlar osha har qanday kasallikni davolashga qurbi yetgancha urinishga undab kelgan va yangi-yangi dorilarni kashf etishlarida ilhom manbai bo‘lgan. Inshalloh, bu bemorlar ham davo topadilar, ota-onalarini shod etib, kelgusida xalqimiz va mamlakatimiz farovonligi uchun bel bog‘lab xizmat qiladilar. Zero, ularning shifo topishlari uchun zaruriy choralar ko‘rilmoqda. Alloh taolo barcha bemorlarga O‘zi shifoi komil bersin.

Zayniddin Eshonqulov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili.


Kiritilgan vaqti: 19/05/2021 15:16;   Ko‘rilganligi: 667
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/eng-katta-niyatimiz-tezroq-davo-topib-uyga-oilangiz-bagriga-qaytishingiz
Chop etilgan vaqti: 16/05/2024 05:40
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing