O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

El boshiga ish tushganda

 
 

Haqiqatdan ham bugun butun jahon xalqlari shu jumladan O‘zbekiston ahlining boshiga ish, sinov tushgan payt. Bu sinovdan har birimizning qanday o‘tishimiz, iymon e'tiqodimizga, elimiz, yurtimiz qolaversa oilamiz oldidagi mas'uliyatimiz va qilgan yaxshi yomon amallarimizga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Mana shunday sinovli kunlarda Jomboy tuman mahallalarida faoliyat olib borayotgan otinoyilarimiz ham bir chetda qarab turmasdan, imkon qadar aholi o‘rtasida bu balodan qutilish uchun avvalo karantin qoidalariga jiddiy amal qilish, o‘zaro-mehr oqibatni kuchaytirish, kumakka muhtoj oilalarga mehr-sahovat ko‘rsatish, bir-biri bilan janjallashgan, arazlashgan oilalarni yarashtirish borasida ish olib bormoqdalar. Jumladan: “Sarichashma “mahalla fuqarolar yig‘inining otinoyisi, bir qancha she'riy kitoblarning muallifi Bibirajab Elbekova xalqimizni birdamlikka, savob ishlarni ko‘proq qilishga, sinovlar oldida tushkunlikka tushmaslikka targ‘ib qiluvchi she'rlari bilan birga, mahalla fuqarolar yig‘ini bilan hamkorlikda oilaviy va qo‘ni-qo‘shni o‘rtasida sodir bo‘lgan notinchliklarga barham berish borasida ham faol ishtirok etib kelmoqda.

Shuningdek “Toshkent” mahalla fuqarolar yig‘ini otinoyisi Ximoyatxon Satimova xam mahallasidagi boquvchisi bo‘lmagan 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari bo‘lgan oilani 5 yildan buyon o‘z himoyasiga olib, moddiy va ma'naviy jihatdan qullab quvvatlab kelmoqda.

Shu mahaladagi og‘ir hastalikka chalingan ayolning oilasiga mahalladagi sahovatpesha insonlarni jalb qilgan holda 1 million pul va oziq ovqat mahsulotlarini yetkazib berdi.

Yana bir oila, turmush o‘rtog‘i vafotidan so‘ng tushkunlikka tushib ichkilikka ruju qo‘ygan bir fuqaroni mahalla bilan xamkorlikka davolanishi uchun norkologiya shifoxanasiga joylashtirishni tashkil qildi va bu insonning oilasiga ko‘rpa – to‘shak, voyaga yetmagan farzandlariga oziq-ovqat mahsulotlarini ehson qildi.

“Katta qishloq” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat olib borayotgan otinoyilarimiz Xo‘jamurodova Nasiba va Saydullayeva Maxfiratlar xam shunday jonkuyar, faol otinoyilarimizdan. Ular ham mahalla fuqarolar yig‘ini bilan muntazam ravishda hamkorlikda ishlab, maxalladagi notinch oilalarni yarashtirish bilan birga, notinchliklarni oldini olish borasida xam tinmay ish olib borishadi. Shu maqsadda mahallada yangi kulin tushgan oilalarga borib, oila a'zolari, qaynona-kelinlar ishtirokida, oila muqaddasligi, oila tinchligi, oilada mehr-oqibat, o‘zaro xurmat tuyg‘ularining bardavomligida oiladagi ayollarning o‘zaro munosabatlari muhum ahamiyatga ega ekanligi to‘g‘risida suhbatlar tashkil qilishadi. Yaqindagina shunday suhbatlardan ikkita kelin tushirgan "Gul" qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Xidirova Ra'noxonning va “Katta qishloq” da istiqomat qiluvchi Shamsiyeva Nargizaxonlarning oilasida bo‘lib o‘tdi.

Bunday fidoiy otinoyilarimizdan ko‘plab misollar keltirishimiz mumkin, masalan: “Xolvoyi” mahalla fuqarolar yig‘ini otinoyisi Asolat Ahadova xam maxalla bilan hamkorlikda yurtimizga kelgan bu baloni yo‘qotishda, undan saqlanishda, ozodalik, pokizalik, inson o‘zi bilan birga xovli joyini xam pokiza saqlashi kerakligi to‘g‘risida tinmay tushuntirish ishlarini olib bomoqda.

To‘g‘rida, yurtimiz rahbariyati, shahsan yurtboshimiz Sh.Mirziyoevning har bir inson hayoti uchun jon kuydirib, kunni tunga ulab har bir fuqaromiz hayoti uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotgan kunda biz otinoyilar chetda tursak yarashmaydi.

Bas shunday ekan, ba'zi bir mas'uliyatni uncha his qilmayotgan ayrim otinoyilarimiz o‘zlarining haqiqiy diniy va dunyoviy ilmga ega bo‘lgan, ziyoli, yetakchi otinoyi ekanliklarini amalda kursatsalar, el boshiga tushgan bu baloni daf qilishga o‘z hissalarini qo‘shsalar nur ustiga nur bo‘lar edi.

Albatta har bir sinov va og‘ir kunlarning ortida yengillik va yaxshiliklar kelishi muqarrar, inshaa Alloh, Yaratgannning irodasi, davlatimiz va xalqimiz birdamligi natijasida, ayrim xato kamchiliklarimizdan to‘g‘ri xulosa chiqarib, ko‘proq ezgu amallar qilishga bel bog‘lab, bu baloni yengishimizga ishonchim komil!

B.Qo‘chqarova - Jomboy tuman bosh otinoyisi


Kiritilgan vaqti: 21/07/2020 09:16;   Ko‘rilganligi: 1099
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/el-boshiga-ish-tushganda
Chop etilgan vaqti: 06/10/2024 18:13
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing