Ekstremistik va terrorchi guruhlar o‘z harakatlarini “shar'iy” deb isbotlash uchun o‘zlarini “mujtahid” deb e'lon qilishi to‘g‘rimi? (4-maqola)
Sunniylik mazhablarida mazkur masalada ijtihod eshiklari XIII asrda yopilgani hamda bugungi kunda mujtahidlik martabasiga erishish to‘g‘risida ikki hil fikr mavjud. Shunday bo‘lsa-da har qanday holatda ham biror-bir hukm chiqarish zarur bo‘lsa, avvalo mazhablar ta'limotiga tayaniladi, agar ularning birortasida masalaning yechimi topilmasa, musulmonlarga osonlik va qulay sharoit yaratish nuqtainazaridan fatvo berishga salohiyatli hamda vakolatli inson tomonidan fatvolar chiqarilishi mumkin.
Ijtihod qilish mumkin emas, ijtihod eshiklari yopilgan, deb iddao qiluvchilarga qarshi ravishda mazhab ulamolari o‘z qarashlarini bildirishgan. Jumladan, mashhur ulamo Ramazon Butiy: “Ijtihod eshiklari ochiq, uni yopishga hech kimning haq-huquqi yo‘q. Lekin uning tartib qoidalari bo‘lib, birorkim ulardan o‘z bilganicha, manfaati yo‘lida foydalanishga haqli emas”, deydilar.
Yurtimimzda bu borada O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyatini keltirib o‘tish mumkin. Diniy sohada paydo bo‘lgan muammo yuzasidan, aynan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan chiqarilgan fatvolarga asoslaniladi.
Demak, fatvo musulmonlar hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda fatvo berishga hamma ham xaqli emas. Aks holda, bu kabi holatlar qanchadan qancha begunoh insonlarning qoni to‘kilishiga hamda asl ta'limoti tinchlik bo‘lgan islom johillik, yovuzlik, bosqinchilik va qotillik sifatida namoyon bo‘lishga sabab bo‘ladi.
Masalan o‘zlarini turli jozibador nomlar bilan nomlab olgan buzg‘unchi to‘dalar o‘z a'zolariga g‘arazli maqsadlarni ko‘zlagan holda fatvolar beradilar. Vaholanki, Islom dini qoidalariga binoan fatvo berish huquqi yuqorida qayd etilganidek, faqatgina aqida, fiqh ilmida mukammal darajaga yetgan, Qur'onni tafsilari va turli ilmlari bilan to‘liq yod biluvchi, qolaversa, “muftiy” (fatvo beruvchi) martabasiga ega bo‘lgan muayyan shaxslargagina berilishi ma'lum. Shuningdek, Imom Ahmad ibn Hanbal (r.a) dan qancha hadisni yodlagan odam fatvo berishi mumkinligi haqida so‘ralganda, ular muftiy kamida 400 ming hadisni bilishi kerakligini aytganlar. Rasululloh (a.s)ning “Kimda-kim ilmsiz fatvo bersa, unga Alloh taolo, farishtalar, osmonu yerdagi barcha mavjudotlarning la'nati bo‘lsin”, degan hadislari ham ekstremistlarning bunday da'volari Islom asoslariga zidligini ko‘rsatadi. (avomi bor)
O‘MI Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov tayyorladi.
Kiritilgan vaqti: 14/07/2020 16:11; Ko‘rilganligi: 854
Chop etilgan vaqti: 15/10/2024 15:01