Ekstremistik va terrorchi guruhlar o‘z harakatlarini “shar'iy” deb isbotlash uchun o‘zlarini “mujtahid” deb e'lon qilishi to‘g‘rimi? (3-maqola)
Ushbu maqolaning birinchi sahifasida qayd etilganidek, so‘ngi yillarda ekstremistik va terrorchi guruhlar o‘z harakatlarini “shar'iy” deb isbotlash uchun o‘zlarini “mujtahid” deb e'lon qilib, turli manfaatlarni ko‘zlagan holda “fatvolar”ni chiqarib kelmoqdalar. Bu esa, bir tomondan, insonlarni adashib, noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketishlariga sabab bo‘lsa, ikkinchi tomondan, jamiyatda o‘zaro tushunmovchilik adovat kayfiyatining paydo bo‘lishiga zamin yaratmoqda.
Keling shu o‘rinda Islom tarixiga nazar tashlaylik.
Dastlab fatvo berish maqomida Rasululloh (a.s) turganlar. U kishi Alloh taolo tomonidan vahiy qilingan holda fatvo chiqarganlar. Rasululloh (a.s) bilan sahobalar o‘rtasidagi suhbatlar odatda savol-javob tarzida bo‘lar edi. Rasululloh (a.s) bilganlariga javob berar, bilmaganlariga Alloh taolodan shu savolga javobni bildirishni so‘rar edilar.
Rasululloh (a.s)dan so‘ng sahobalar, ulardan keyin tobeinlar fatvo berganlar. Shunday bo‘lsada, fatvo berishning mas'uliyati og‘ir ekanini his qilib, sahobalardan Umar ibn Xattob, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Mas'ud, Oisha onamiz, Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Umar (r.a)lar kabi sanoqli kishilargina fatvo chiqarganlar. Ibn Abu Laylo aytadilar: “Rasululloh” (a.s)ning 120 ta ansorlarini uchratdim. Ularning birlaridan savol so‘raganimda keyingisiga o‘tkazar, undan so‘rasam u boshqasini ko‘rsatar edi. Oxiri aylanib yana birinchi savol bergan kishiga keldim”. Ushbu holatda ham ko‘rishimiz mumkinki, sahobalar fatvo berishda nihoyatda ehtiyotkor bo‘lganlar.
Sahobalardan so‘ng, tobeinlar yoki ulardan keyingi davrda yashagan ulamolar ham fatvo berishdan o‘zlarini saqlardilar. Jumladan, tobeinlardan bo‘lgan Sha'biydan bir savol so‘ralganda u kishi: ”Bilmayman”, deb javob qiladilar. Shunday odamlar: ”Sen Iroq faqihi bo‘lsang “bilmayman” deyishga uyalmaysanmi?” deganda Sha'biy: “Farishtalar: “Zoti poking haqqi, bizda O‘zing bildirganigdan o‘zga ilm yo‘qdir” (baqara 32), deyishga uyalmagan, men nega uyalay”, deb javob bergan ekanlar.
Fatvo berish masalasida mazhabboshilaridan biri bo‘lmish Imom Molik: “Inson biror savolga javob berishdan oldin o‘zini do‘zax yoki jannatda tasavvur qilsin-da, keyin javob bersin”, degan ekanlar. Bir kuni u kishidan savol so‘rashganda: “Bilmayman”, deb javob beradilar. Savol bergan kishi: “Bu oson savol bo‘lsa, shuni ham bilmayman deyishlikka uyalmaysanmi?” deganda, Imom Molik g‘azablanib: “Oson masala?! Bilib qo‘y, dinda oson masalaning o‘zi yo‘q! Alloh taoloning: “Zero, biz sizga og‘ir so‘zni (Qur'onni tushurajakmiz)” (Muzammil, 5), oyatini eshitganmisan?! Ilmning barchasi qiyin, jumladan sen so‘ragan narsa ham”, deb javob berganlar.
Yuqoridagilardan kelib chiqsak, diniy, shar'iy masalarga bilib-bilmay javob beraverishlik yaxshilikka olib bormaydi. Fatvo beradiganlar ikki dunyoda ham og‘ir mas'liyatli insonlar sanaladi. Shunday mas'uliyatni xis qilmaydiganlar ogoh bo‘lsinlar.(davomi bor)
O‘MI Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov tayyorladi
Kiritilgan vaqti: 13/07/2020 11:39; Ko‘rilganligi: 826
Chop etilgan vaqti: 06/10/2024 19:50