O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ekstremistik va terrorchi guruhlar o‘z harakatlarini “shar'iy” deb isbotlash uchun o‘zlarini “mujtahid” deb e'lon qilishi to‘g‘rimi? (2-maqola)

 
 

Bugungi kunda mujtahid darajalari xususida bir qancha fikrlar mavjud bo‘lib, ular bir-biridan juz'iy holatdagina farq qiladi. Hanafiy mazhabi manbalariga ko‘ra, mujtahidlik darajalari quyidagi qismlarga bo‘linadi:

“Mujtahid fi-sh-shari'a” yoki “mutloq mujtahid” – Qur'on va sunna asosida usul-l-fiqh ishlab chiqadi. Hamda shari'at savollariga javob beradi. Bu toifa ulamolarga to‘rt mazhab asoschilari kiradi;

“Mujtahid fi-l-mazhab” (mazhab ichidagi mujtahid) – ijtihod darajasiga erishgan, biroq u o‘zi usul va qoidalarini ishlab chiqmaydi, balki, biror mazhab asoschisining yo‘lidan boradi. Bunga Imomi A'zamning (r.a) shogirdlari Imomi Abu Yusuf va Imom Muhammad Shayboniylarni keltirish mumkin;

“Mujtahid muqayyad” yoki “Mujtahid fi-l-masail” (muayyan masalalar mujtahidi) – mazhab boshi tomonidan javob berilmagan yangi masalalar yuzasidan mujtahid mutloq ishlab chiqqan usullar asosida ijtihod qiladi. Bu toifaga Imom Tahoviy, Imom Saraxsiy va Imom Karxiy kabi ulamolar kiradi;

“Muxarrij” – o‘zlari mustaqil ravishda ijtihod qilaolmaydi, lekin, mujtahidlar tomonidan bildirilgan, ko‘rinishidan ikki hil tushunish mumkin bo‘lgan ijtihodga aniqlik kiritadi. Bunga misol tariqasida Imom Roziy va Imom Jurjoniylarni keltirish mumkin;

“Murajjix” – bu toifa ulamolar ham ijtihod qilishga qodir bo‘lmasa-da, bir masalada mujtahidning ikki hil fikri bo‘lsa, dalilllarga tayangan holda ulardan birini tanlaydi. Bunga Imom Quduriy va Imom Marg‘inoniylarni kiritish mumkin;

“Fatvo mujtahidi” – bu toifa mujtahidlar o‘z mazhablari ichidagi masalalarni yaxshi o‘zlashtirgan hamda o‘z faoliyati davomida ulardan keng foydalanadigan ulamolardir. Bunga Imom Xaskafiy va ibn Obidin kabi faqihlar mansubdirlar.

Mujtahid tomonidan biror masa yuzasidan chiqarilgan hukm “Fatvo” deb ataladi. “Fatvo” arabcha so‘z bo‘lib, “savolga javob berish”, “shari'at masalalari yuzasidan fatvo chiqarmoq”, “maslahat bermoq”, “muftiyning xulosasi”, ma'nosini anglatadi. Istilohda esa, so‘ragan kishiga shar'iy dalil asosida hukm chiqarishga nisbatan qo‘llaniladi.

Lug‘aviy jihatdan fatvo beruvchi inson “Muftiy” deb ataladi. Bu borada olimlar bir qancha fikrlarni bildirishgan. Jumladan, Imom Qarafiy shunday deydilar: “Muftiylar Alloh taoloning tarjimonlaridir. Chunki, ular nassga tayangan holda hukm chiqaradilar”. Imom Shotibiy esa: “Muftiylar ummat uchun Rasululloh (a.s) maqomlarida bo‘ladilar. Bunga dalil qilib yuqorida aytilgan: “Olimlar Payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinor yoki dirham emas, balki, ilmni meros qilib qoldirganalar”, degan hadisni keltiradilar”, deb sharhlaganlar.  (davomi bor)

                                                                           O‘MI Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov tayyorladi


Kiritilgan vaqti: 11/07/2020 11:38;   Ko‘rilganligi: 915
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ekstremistik-va-terrorchi-guruhlar-oz-harakatlarini-shariy-deb-isbotlash-uchun-ozlarini-mujtahid-deb-elon-qilishi-togrimi-2-maqola
Chop etilgan vaqti: 06/10/2024 17:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing