O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Duo olgan bolakay

 
 

Xurmo daraxti ko‘p xususiyatlarga ega. Agar unga tosh otsangiz, eng mazali mevasini tashlaydi.
Rofe ibn Amr G‘iforiy Islomning ilk davrida yosh bola edi. U ko‘pchilik qatori qashshoqlik, muhtojlik va qiyinchiliklar ko‘rdi. Rofe ochlikdan qutulish uchun xurmo daraxtlariga tosh otib, to‘kilgan mevalardan yeb yurardi. Odamlar nasihat qilar, lekin u bu gap-so‘zlarga e'tibor bermasdi. Bir kuni uni tutib, Rasulullohning huzuriga olib kelishdi.
Nabiy : «Nega xurmoga tosh otasan?» deb so‘radilar undan. Rofe: «Yeyish uchun», deb javob berdi. Shunda u zot : «Xurmoga tosh otma, chunki xurmo ham, daraxt ham egasining haqidir. Ammo juda ham pishib, yerga tushsa va uni hech kim olmasa, oyoqlar ostida bosilib ketishi, qushlar yeb bitirishi yo quyosh urishi xavfi bo‘lsa, to‘kilgan xurmolarni yeyishing mumkin. Zero, bu o‘zganing mulkiga tajovuz qilish bo‘lmaydi», dedilar. So‘ng mehr va shafqat bilan uning boshini siladilar va: «Ey Rabbim, uning qornini to‘ydirgin va to‘yganini sezdirgin va taomlarning halollaridan ato etgin», deb haqqiga duo qildilar.

Umring ziyoda bo‘lsin

Ummu Xolid binti Xolid ibn Sa'd ibn Os bunday hikoya qiladi: “Otam bilan Rasulullohning huzurlariga bordik. Egnimdagi sariq ko‘ylakni ko‘rgan Payg‘ambarimiz : «Ovanrahu, sanrahu», dedilar. (Habash tilida: «Voy buning chiroyliligini, voy buning go‘zalligini», degan ma'no anglatadi. Ummu Xolid habash bo‘lgani uchun Payg‘ambarimiz shu tilda gapirdilar). Men u zotga yaqin borib, ikki yelkalari orasidagi nubuvvat muhrlariga qo‘limni tekkazib, unga razm sola boshladim. Otam meni urishib berdi. Shunda Nabiy : «Qizchani o‘z holiga qo‘y», dedilar va: «Kiyimingni kiyib eskirtirgin, so‘ngra boshqasini kiyib eskirtirgin, so‘ngra esa yana boshqasini», deb, umrimning uzun bo‘lishini so‘rab, duo qildilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Oldin to‘ydir, so‘ng nasihat qil

Abbod ibn Shurayhbil bunday hikoya qiladi: “Madinaga kelayotib yo‘limda uchragan birinchi boqqa kirdim. U yerga bug‘doy va arpa ekilgan ekan. Ozroq boshoq terib, donini ajratib yedim. So‘ng kiyimimga ham bir qancha boshoqni terib oldim. Shu payt bog‘ning egasi ko‘rib qoldi, yugurib kelib meni ura ketdi. Boshoqlar bilan birga kiyimimni ham tortib olib, o‘zimni Rasulullohning huzuriga yetaklab keldi.
Nabiy bog‘ egasiga bug‘doy boshoqlarini, menga esa kiyimimni qaytarib berdilar. Keyin bog‘bonga och bolani jazolashdan oldin qornini to‘yg‘izib, so‘ng nasihat qilish kerakligini aytdilar. Payg‘ambar men va Madinaga birga kelgan amakilarimga yarim hurjun bug‘doy berdilar. Men xursand bo‘lib ketdim.

Amirov To‘lqin tayyorladi


Kiritilgan vaqti: 16/12/2021 08:32;   Ko‘rilganligi: 497
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/duo-olgan-bolakay
Chop etilgan vaqti: 13/05/2024 02:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing