O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Dunyoni deb oxiratni, oxiratni deya dunyoni tashlab qo‘ymaslik kerak

 
 

Inson jism va ruhdan tarkib topgan eng mukarram zot. U tug‘ilganidan boshlab doimo komillikka intilib yashaydi. Umri davomida kishi oilaviy tarbiya, o‘rgangan bilimlari, atrof-muhit ta'siri va boshqa omillar asosida shakllanadi, dunyoqarashiga ko‘ra, o‘zi uchun komillik mezonini belgilaydi.

Islom dinida haqiqiy komillikka erishish uchun insonning asosini tashkil etuvchi ruh va jism doimiy tarzda tarbiyalanib borishi ta'kidlanadi. Ya'ni, kishi o‘zini jismoniy va aqliy jihatdan tarbiya qilish barobarida ruhini ham pokiza saqlash orqali haqiqiy komillik darajasiga yetadi.

Qur'oni karimda shunday deyiladi: “Eslang, Rabbingiz farishtalarga degan edi: “Albatta, men loydan bashar yaratuvchidirman. Bas, qachonki, uni rostlab, unga ruhimdan puflaganimdan so‘ng, unga sajda qilgan holingizda yiqilingiz!” (“Sod” surasi, 71- oyat).

Demak, inson jism va ruhdan yaratilgan. Agar jismni ruh tark etadigan bo‘lsa, endi biz uni inson demaymiz, balki mayit deymiz. Shunday ekan, insonning kamol topishi, ikki dunyo saodatiga yetishi uchun uning ham moddiy, ham ma'naviy olami isloh bo‘lishi kerak.

Biz moddiy hayot ustimizdan g‘olib kelmasligiga harakat qilishimiz lozim. Shu bilan birga dunyodan butkul yuz o‘girib, tarkidunyochilik qilishdan ham saqlanishimiz zarur. Dunyo deya oxiratni, oxiratni deya dunyoni tashlab qo‘ymasligimiz manbalarda ham yozib qo‘yilgan. Chunonchi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Oxiratni deb dunyoni, dunyoni deb oxiratni tark qiladiganlaringiz yaxshilaringiz emasdir. Yaxshilaringiz undan ham, bundan ham nasibasini olgan kishidir”, deganlar. Yana bir hadisi sharifda: “Dunyo qanday ham yaxshi ulovdir. Uni minib olinglar. Sizlarni oxiratga yetkazadi”, deyilgan.

Bir kishi Ali roziyallohu anhuning huzurida dunyoni yomonladi. U: “Dunyo uni rostga chiqargan kishi uchun rostlik diyori, uni tushungan kishi uchun najot diyori, undan ozuqa oladigan kishi uchun boylik diyoridir”, dedilar. Demak, qachonki, biz dunyoviy ishlarga sho‘ng‘ib ketib, hayotning asl mohiyatini tushunmaydigan bo‘lsak, bu dunyoni to‘g‘ri anglamaganimizdan bo‘lar ekan. Buning aksini qilib, moddiy hayotdan butkul yuz buradigan bo‘lsak, uning ortidan kelgan muammo ko‘zlagan maqsadimizga ta'sir qilmay qolmaydi. Zero, hakimlardan biri: “Badan ozuqalanadigan narsalarni to‘plash do‘nyoga o‘chlik emas”, degan.

Anglagan bo‘lsangiz, yuqoridagi hadisi sharifda dunyo ulovga o‘xshatildi. Barchamizga ma'lumki, ulov bo‘lmasa, manzilga yetish mushkul. Shu bilan birga hamma narsani ulov uchun sarf qilib, manzilga quruq kirib borish ham oqil kishilar ishi emas.

Usmonxon MUHAMMADIYEV, 

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi.


Kiritilgan vaqti: 17/06/2020 09:28;   Ko‘rilganligi: 993
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/dunyoni-deb-oxiratni-oxiratni-deya-dunyoni-tashlab-qoymaslik-kerak
Chop etilgan vaqti: 21/05/2024 07:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing