O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Dunyo imtihonlar hovlisi va sinovlar ummonidir

 
 

Sevikli birodarim! Bu dunyoga kelgan kuningizdan boshlab siz imtihonu sinovlar girdobiga tashlangan bo‘ldingiz. Agar Alloh sizga mol-davlat ato etgan bo‘lsa, bilingki, siz sinovlar ummonidasiz. Agar sihat-salomatlik ato etgan bo‘lsa, bilingki, yana imtihondasiz. Agar Alloh sizni shak-shubhalar va tangliklarga duchor etgan bo‘lsa, bilingki, bu ham bir imtihon.

«Biz sizlarni (sabr-toqatlaringizni sinash uchun) yomonlik bilan ham, (shukr qilishingizni bilish uchun) yaxshilik bilan ham «sinab» imtihon qilurmiz» (Anbiyo: 35). Bu dunyo imtihon hovlisidir, sinovlar ummonidir. U abadiy o‘rnashish hovlisi emas, yo‘qlik va zavolga yuz tutish hovlisidir.

Alloh taolo aytadi: «Bilinglarki, bu hayoti dunyo faqat (bir nafaslik) o‘yin-kulgi, zeb-ziynat, o‘rtalaringizdagi o‘zaro maqtanish va mol-dunyo hamda farzandlarni ko‘paytirishdir, xolos. (U) xuddi bir yomg‘irga o‘xsharki, uning (yog‘ishi sababli unib chiqqan) o‘t-o‘lani dehqonlarni xayratga solib (aqllarini band qilib qo‘yur). So‘ngra u qurir, bas uni sarg‘aygan holda ko‘rursiz. So‘ngra u quruq cho‘p bo‘lib qolur. (Hayoti dunyoning holi ham shundan o‘zga emasdir). Oxiratda esa (o‘sha to‘rt kunlik dunyoga aldanib qolganlar uchun) qattiq azob va (iymon-e'tiqod bilan o‘tganlar uchun) Alloh tomonidan mag‘firat va rizolik bordir. Hayoti dunyo esa faqat aldovchi matodir» (Hadid: 20).

Alloh taoloning ushbu hovlidagi hukmi shudir.

Dunyo hayoti har qancha uzun bo‘lmasin, baribir qisqadir, har qancha ulkan bo‘lmasin, baribir haqirdir. Zotan, tun har qancha uzoq davom etmasin, tong otishi aniq, umr har qancha uzoq bo‘lmasin, qabrga kirishdan boshqa chora yo‘q..

Amirov To‘lqin tayyorladi


Kiritilgan vaqti: 22/12/2021 09:31;   Ko‘rilganligi: 581
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/dunyo-imtihonlar-hovlisi-va-sinovlar-ummonidir
Chop etilgan vaqti: 13/05/2024 20:57
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing