Donishmand xalqimiz bu sinovni Xaq taoloning rahmati ila yengib o‘tadi
Mamlakatimiz ahli og‘ir sinovni boshidan o‘tkazmoqda. Bu koronavirus degan kasallik jahonning 190 dan ziyod davlatiga kirib bordi, 21 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi. Ushbu xastalikka chalinganlar soni O‘zbekistonda ham o‘sib bormoqda. Ushbu virusning yanada tarqalib ketmasligi uchun davlatimiz Rahbarining bevosita boshchiligida qat'iy choralar ko‘rilmoqda.
Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz raisligida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda mamlakatimizda infeksiyaning keng tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka barcha kuch va vositalar safarbar qilish alohida ta'kidlandi.
Yurtboshimiz bugungi og‘ir damlarda shifokorlarning mashaqqatli mehnatlarini e'tirof etib: – Oddiy haqiqatni tan olish adolatdan bo‘ladi. Kasallarga o‘z vaqtida yordam berilsa, ular shifo topadi, kasalxonalarni tark etadi. Lekin, oxirgi kasal tuzalmaguncha tibbiyot xodimlari ish joyini tark etolmaydi. Shu sababli, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qo‘shayotgan ulkan hissalarini va fidokorona xizmatlarini e'tirof etgan holda, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish ishlariga jalb etilgan tibbiyot, sanitar-epidemiologik va boshqa xodimlarni qo‘shimcha ijtimoiy hamda moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida alohida qarorni imzoladim, deya ta'kidladilar.
Azal-azaldan xalqimiz tibbiyot xodimlarini qadrlab kelgan. Shunday sharafli vazifani o‘z qasamyodiga sodiq qolgan holda bajarib kelayotgan tibbiyot xodimlarining bugungi har bir kuni qahramonlik bo‘lib, Haq taoloning dargohida ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘ladi, insha Alloh.
Koronavirus infeksiyasi dunyoga tahdid solib turgan bir paytda tibbiyot xodimlari zimmasidagi mas'uliyat yanada oshishi bilan birga, ular faoliyatining har kuni qahramonlik ekanligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Mana shunday fidoyilikka dunyo xalqlari qatori, vatandoshlarimiz ham guvoh bo‘lishmoqda. Shu bois, shifokorlarimiz aholining mehri va e'tirofiga sazovor bo‘ldi. Ish joyida mijja qoqmay xizmat qilayotgan shu shifokorlar chin fidoyi insonlardir.
Prezidentimiz tomonlaridan “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida moliyaviy rag‘batlantirish joriy etilishi ayni muddao bo‘ldi. Shu o‘rinda mamlakat rahbariyati va aholi tomonidan bildirilayotgan ijobiy fikrlar tibbiyot xodimlari uchun ulkan mukofot ekanini alohida qayd etish zarur.
Islom dinida kishi o‘zi egallagan kasbining mohir bilimdoni bo‘lishi, fidoyilik bilan yondoshishi yuksak ulug‘lanadi. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh birortangiz biror ishni qilganda uni puxta qilishini yaxshi ko‘radi”, deganlar (Abu Ya'lo rivoyati, «Majma'u-z-zavoid»; Suyutiy, «Al-jome' as-sag‘ir»).
Bugungi murakkab davrda imom-xatiblar butun dunyoga tahdid bo‘layotgan pandemiyaga qarshi kurashayotgan matonatli shifokorlarning mehnatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ularning haqlariga duoi xayrlar qilmoqdalar. Shuningdek, tunu kun bemorlar muolajasi bilan band bo‘lgan hatto uyiga ham kelolmayotgan tibbiyot xodimlarining xonadonlariga tashrif buyurib, oila a'zolaridan hol-ahvol so‘rab, oziq-ovqat mahsulotlari va hadyalarni tuhfa qilmoqdalar.
Shunga ko‘ra, bugungi kungi shifokorlar o‘z ishlarini mukammal ravishda amalga oshirayotganlari tahsinga loyiqdir. Binobarin, bunday kasb egalariga ulkan ajru savoblar ham yoziladi. Qur'oni karimda: “Kim yaxshilik qilsa, unga undan ko‘ra yaxshiroq (mukofot) bo‘lur”, deya xushxabar qilingan (“Naml” surasi, 89-oyat).
Karantin talablariga befarq bo‘lmang!
Ayrim kishilar qonun-qoidalarga rioya qilish o‘rniga o‘zi va boshqalarning hayotini xavf ostida qoldirib, epidemiya qoidalarini buzmoqda. Ichki ishlar vazirligi xabarga ko‘ra, o‘tgan bir kun davomida karantin qoidalariga amal qilmagan jami – 980 ta holat aniqlangan. Davlatimiz rahbari ham ushbu yig‘ilishda kuyunchaklik bilan quyidagilarni ta'kidladilar:
“Bir narsani aniq tushunib olish lozim. Bizda aniqlangan kasallar soni kam-ku, 100 taga ham yetmaydi, xavotirga o‘rin yo‘q, deb xotirjam bo‘lish xiyonat hisoblanadi. Chunki, koronavirus menga yuqmaydi deb befarq yurganlar nafaqat o‘zining, balki ota-onasi, farzandlari, atrofidagilar, qolaversa, butun xalqimizning sog‘lig‘i va hayotini katta xavfga qo‘yishini chuqur anglab yetishi kerak”.
Karantin e'lon qilinganiga qaramay, tartib-qoidalarini qo‘pol ravishda buzishga yo‘l qo‘yayotganlar bir tafakkur qilib ko‘rsalar bo‘lar edi. Mana 12 mart kuni Turkiya safaridan qaytgan qiz o‘z onasiga ushbu kasallikni yuqtirgan. Natijala, ushbu 72 yoshli surunkali kasalligi bor ona 27 mart kuni miokard infarktidan vafot etdi. Yaqinlariga sabr tilaymiz.
Muhtaram Prezidentimiz ushbu majlisda aksariyat fuqarolar haligacha yuzaga kelgan murakkab vaziyatni to‘g‘ri tushunib yetmayotgani kuyunib gapirdi. Jumladan, haligacha ayrim odamlar ko‘pchilikni mehmonga chaqirib to‘y-hasham, turli ziyofat yoki marosimlar o‘tkazish holatlari uchrayotgani achinish bilan qayd etildi. Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida yashovchi ayol Umra ziyoratidan qaytib kelgach, karantin qoidalariga rioya qilmasdan, 120 kishilik dabdabali marosim tashkil etgani, natijasida uning o‘zi va yana 4 nafar oila a'zosida koronavirus aniqlangani katta afsus bilan ta'kidlandi.
Karantin talablarini bunday shaklda ongsizlarcha buzish nafaqat qonun hujjatlari, balki Islom dini ko‘rsatmalariga ham rioya etmaslik hisoblanadi.
Bunday kimsalar avvalo o‘zlari va yaqinlarini xatarga qo‘yayotganliklarini, yurtdoshlarimiz orasida virus tarqalishiga sababchi bo‘lib qolishlari mumkinligini teran anglab yetishlari juda ham zarur.
Islom dini ta'limotida har bir inson o‘zi va boshqalar hayotini muhofaza qilishga mas'uldir! Alloh taolo Qur'oni karimda: “O‘zingizni halokatga tashlamang!” deb qat'iy xitob qilgan (“Baqara” surasi, 195-oyat).
“Alloh sizlarga uylaringizni oromgoh qildi”
Butun dunyo bo‘ylab, koronavirusga qarshi kurashda eng yaxshi chora sifatida ma'qullangan “Uyda qoling!” chorlovi asl mohiyatiga ko‘ra Islom dinining bosh manbaiga muvofiqdir. Qur'oni karimdagi bir qissada chumolilar jamoasi bir-birlarini xavf-xatardan ogoh etishlari, ularning tilidan shunday bayon etiladi: «Ey chumolilar, maskanlaringga kiringlar, (Naml, 18). Boshqa oyati karimada esa: “Alloh sizlarga uylaringizni oromgoh qildi”, deb ta'kidlangan (“Nahl” surasi, 80-oyat).
Ushbu oyati karimadan ma'lum bo‘ladiki, inson uchun eng tinch-orombaxsh joy uning uyi hisoblanadi. Uy ham Alloh taoloning ne'matlaridan biridir. Inson o‘z uyichalik boshqa joyda xotirjamlik his qilmaydi. Bugun koronavirusdan eng yaxshi himoyalanish choralaridan biri uyda qolish ekani ko‘p ta'kidlanmoqda.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Qay bir kishiga to'un (pandemiya) yetsa va uyida sabr bilan va savob umidida o‘tirsa hamda o‘ziga Alloh yozganidan boshqa narsa yetmasligini bilsa, illo unga shahidning ajrichalik savob bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Taniqli ulamolarimiz bu hadisni sharhlab: “Bu hamma sabr qilgan, savob umid etgan va tavakkul qilgan kishilarga taalluqlidir, ular vabodan xoh vafot etsin, xoh etmasin, deyishmoqda.
Ishonchim komilki, oilasi, farzandlari, el-yurti tinchligi, sog‘lig‘ini hamma narsadan ustun qo‘yadigan donishmand xalqimiz bunday holatni Xaq taoloning rahmati ila yengib o‘tadi.
Koronavirus insoniyat uchun Yaratganning bergan bir sinovidir. Xalqimiz jipslashib, shifokorlarning barcha tavsiyasi, ko‘rsatmalariga amal qilsalar, odamlarimiz karantin davrida hayotiy zaruratsiz o‘z xonadonlarini tark etmasa, kasallikning ilk belgilari aniqlanganda, uni yashirmay shifokorlarga o‘z vaqtida murojaat qilsalar, biz bu kasallikni, albatta, bartaraf etamiz.
Davlatimizning boshida turganlar Allohni mudom yodda tutadigan, har bir so‘zida Uning ismini zikr etadigan insonlar, ularning maqsadu muddaolari ham Allohga ma'qul ishlarni qilishdir.
Bu kasallik ham bir sinov, bundan ham chiroyli o‘tish kerak, kasallik menga yuqmaydi, deb o‘ylayotganlar jiddiy tafakkur qilsinlar. Uyda qoling!
Alloh taolo qaysi dardni tushirgan bo‘lsa, albatta, davosini ham tushirgan. Shifo beruvchi faqat O‘zidir! Alloh taolo yurtimizni, xalqimizni turli kasallik va vabolardan asrab, O‘zining hidoyatidan ayirmasin!
Usmonxon ALIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Kiritilgan vaqti: 28/03/2020 09:04; Ko‘rilganligi: 1093
Chop etilgan vaqti: 15/10/2024 15:00