O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Diniy va milliy qadriyatlar

 
 

Islom dini yurtimizga kirib kelganiga o‘n asrdan oshdi. Xalqimiz dinga amal qilishda boshqa xalqlardan qolishmagan. Diniga amal qilmaydigan, uni bilmaydigan xalqdan olimlar chiqmaydi. Buning yaqqol namunasi sifatida IX asrdayoq turli sohalardagi buyuk olimlar yetishib chiqqanini ko‘rsatish mumkin. Ulamolar orasida bir gap bor: “Qur'on Arabistonda nozil bo‘ldi, Misrda o‘qildi, Movarounnahrda unga amal qilindi”. Bu gap bejizga emas. Chunki tarix gapimizga guvoh. Yozma manbalar, xalq og‘zaki ijodi va xalq ijtimoiy hayotiga nazar solsak,  tahlil qilsak dinimiz ta'limoti milliy qadriyatlarimiz aksariyatining asosi ekani namoyon bo‘ladi.

Taabbudiy (ibodatga oid) masalalalarda:

Namoz. Biz namozimizni so‘fiyona o‘qiymiz. Fiqhda namoz ikki yelkaga salom berish bilan tamom bo‘ladi deyiladi. Uning ortidan qilinadigan zikr, Qur'on tilovati va duolar sunnatga muvofiq qilinib, qalbni Allohga yanada yaqinroq qilish uchundir. Ba'zi musulmon yurtlarda salomdan keyin zikr, tilovat qilmasdan turib ketishadi. Bizda esa unday emas. 

Azon, Qur'on tilovatini eshitgan kishining sukut saqlab tik holda bo‘lsa, o‘tirib tinglashini ko‘ramiz. Bu holat dinga amal qilmaydigan odamlar orasida ham birdek kuzatiladi.

Tarbiyaviy masalalarda:

Bolalarga ovqatni o‘tirib yeyish, unga puflamaslik, o‘ng qo‘l bilan yeyish, o‘ng tomondan boshlash, bismillohni aytish, kattalarga salom, ota-onani rozi qilish, ustozga hurmat va itoat borcha ota-ona o‘rgatadigan tarbiya hisoblanadi. Payg‘ambar alayhissalom ovqatni o‘tirib, o‘z oldidan bismillohni aytib yeyishni ta'lim berganlar. Kim bularga amal qilmasa, “odobsiz ekan”, deymiz. Chunki, biz o‘zimiz bilmasak ham o‘sha sunnatga amal qilib kelamiz va u bizning hayotimizga singib ketgan. Chaqaloqning qulog‘iga azon aytish, tanglayini ko‘tarish, ism qo‘yishda ahli ilmlardan so‘rash ham shular jumlasidan. Ko‘pchilik buni dindan emas balki o‘zimizning qadriyatlarimiz deb biladi.

O‘gitlardan yana biri – ota o‘tirgan uyning tomiga farzandning chiqmasligi, bola otasiga sartaroshlik qilmasligi hamda otasidan oldinda yurmasligidir. Shu gap odamlar orasida ko‘p aytiladi. Bu to‘g‘risida sahobalardan birining “ey g‘ulom, otangdan oldinda yurmagin”, mazmunidagi rivoyatni va boshqa ko‘plab shunga o‘xshashlarini o‘qib, xalqimiz tarbiya borasida sunnatga tayangan ekan, deb mulohaza qildim. Bir sartarosh yigit otasining sochini “bola otasini sochini olmaydi”, deb olishga unamagandi. Keyin bilsam, biron joyini kesib olsa va bundan ota ranjisa, otamga oq bo‘lib qolmayin degan andisha bor ekan.

Bolalarni “sunnat” qilish asli Payg‘ambarimiz alayhissalom qilgan amallardan bo‘lgani uchun biz ham shu ishni ma'nosini bilmasak-da “sunnat” deymiz. Bir bolaga yetti mahalla ota-ona degan shior ostida tarbiya qilinganmiz. Bu ham shariatimiz ta'limotlariga asoslangan.

O‘zaro munosabatlarda:

Ayollarga erining roziligini topish o‘rgatiladi. Birovning hovlisiga mo‘ralash odobsizlik hisoblanadi. Bularning barchasi sunnatda ta'kidlangan. Mehmon otangday ulug‘, degan naql ham hadisga muvofiq. Shuningdek, qo‘shnichilikda ehtiyotkorona bo‘lish ham dinimiz ko‘rsatmalaridir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:

«Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisini izzat-ikrom qilsin. Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, mehmonini izzat-ikrom qilsin», dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

 Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Jabroil menga qo‘shni haqida shu qadar ko‘p tavsiya berdiki, uni merosga ham sherik qilarmikan, deb o‘ylab qoldim”,  dedilar», (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Tirmiziy rivoyati).

Bularning barchasi dono ota-bobolarimizning dinimizni o‘rgangani va unga og‘ishmay amal qilgani hamda biz avlodlarga meros qoldirganidir. Hadis kitoblarini o‘qib, xalqimiz orasida sunnatga muvofiq amallar ko‘pligini ko‘rib hayratda qoladi kishi.

Lekin shu bilan birga dinimizga zid tushuncha va amallar ham ancha-muncha. Payg‘ambar alayhissalomning Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhuga“Bitta qo‘y so‘yib bo‘lsa ham to‘y qilib ber”, degan so‘zlarini hujjat qilib “dinimizda ham to‘y qilishga targ‘ib bor-ku”, deb isrof qiluvchilar oz emas. “Orzu havas” degan iborani libos kabi kiyib misqollab topgan pullarni havoga sochganlar, to‘y qilish, mahr berish, kelinning sarpo-yu uyini jihozlash kuyov tarafning zimmasidagi ish bo‘lib, buni quda tomonga yuklab qo‘ygani kabi ishlar na dinimiz va na millatimiz qadriyatida topilmaydi. Qo‘rqamanki, bir-ikki avlod almashganidan keyin kelajak avlod bu holatni “ota-bobomizdan qolgan qadriyatlarimiz”,  demasa edi! Yoki besh vaqt o‘qish farz bo‘lgan namoz Ramazon oyigagina ko‘chib qolmasa edi. Shuni ham unutmaslik kerakki, bir necha asr oldin yashab o‘tgan ajdodlarimiz dinimizni bizdan ko‘ra yaxshi bilishgan va yaxshiroq amal qilishgan. Bizdan insofda, poklikda, halollik va odamgarchilikda ham ustun bo‘lishgan. Bu inkor etib bo‘lmas haqiqat. Holbuki, o‘sha davr sharoiti, imkoniyati ham edi.

Yechim shuki, dinimizni o‘rganish va amal qilish orqali Robbimizning roziligini hamda hayotimizda xotirjamlikni topamiz.

Olim Haydarov Tayloq tuman “G‘o‘lba” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 15/06/2020 14:08;   Ko‘rilganligi: 2415
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/diniy-va-milliy-qadriyatlar
Chop etilgan vaqti: 17/05/2024 21:50
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing