O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Diniy tashkilot tushunchasining O‘zbekiston qonunchiligidagi qiyosi

 
 

Vijdon erkinligi fuqarolarning har qanday dinga e'tiqod qilish yoki hech qanday dinga e'tiqod qilmaslikdan iborat kafolatlangan konstitusiyaviy huquqidir.

Fuqaro o‘zining dinga, dinga e'tiqod qilishga yoki e'tiqod etmaslikka, ibodat qilishda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda qatnashish yoki qatnashmaslikka, diniy ta'lim olishga o‘z munosabatini belgilayotgan paytda uni u yoki bu tarzda majbur etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Dinga e'tiqod qilish yoki o‘zga e'tiqodlar erkinligi milliy xavfsizlikni va jamoat tartibini, boshqa fuqarolarning hayoti, salomatligi, axloqi, huquqi va erkinliklarini ta'minlash uchun zarur bo‘lgan darajadagina cheklanishi mumkin.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda vijdon erkinligi va diniy e'tiqod erkinligi huquqidan foydalanadilar hamda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun qonunda belgilangan tarzda javobgar bo‘ladilar.

Fuqarolarning dinga munosabatidan teng huquqliligi prinsipi O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasida belgilangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari dinga munosabatidan qat'i nazar qonun oldida tengdirlar. Rasmiy hujjatlarda fuqaroning dinga munosabati ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Fuqarolarning dinga munosabatiga qarab ularning huquqlarini har qanday cheklash va ularga bevosita yoki bilvosita imtiyozlar belgilash, dushmanlik va adovat uyg‘otish yoxud ularning diniy yoki dahriylik e'tiqodi bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlash, diniy ziyoratgohlarni oyoq osti qilish qonunda belgilangan javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Hech kim diniy e'tiqodini ro‘kach qilib qonunda belgilangan majburiyatlarni bajarishdan bosh tortishga haqli emas. Qonunga muvofiq bajarilishi majburiy bo‘lgan bir vazifani diniy e'tiqodi tufayli boshqasi bilan almashtirishga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasida din davlatdan ajratilgan. Hech bir dinga yoki diniy e'tiqodga boshqalariga nisbatan biron-bir imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Davlat turli dinlarga e'tiqod qiluvchi va ularga e'tiqod qilmaydigan fuqarolar, har xil e'tiqodlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashadi, diniy va o‘zga mutaassiblikka hamda ekstremizmga, munosabatlarni qarama-qarshi qo‘yish va keskinlashtirishga, turli konfessiyalar o‘rtasida adovatni avj oldirishga qaratilgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaydi.

Davlat diniy konfessiyalar o‘rtasidagi tinchlik va totuvlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Bir diniy konfessiyadagi dindorlarni boshqasiga kiritishga qaratilgan xatti-harakatlar (prozelitizm), shuningdek boshqa har qanday missionerlik faoliyati man etiladi. Ushbu qoidaning buzilishiga aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka tortiladilar.

Diniy tashkilot–bu ma'lum dinga ishonuvchilar va ularning jamoalarining uyushmasidir (masjid, cherkov, sinagoga, diniy o‘quv yurtlari). Uni tashkil etish uchun unga bir xil e'tiqodga ega bo‘lgan kamida yuzz kishi a'zo bo‘lishi kerak. O‘zbekiston Respublikasining har qanday fuqorosi 18 yoshga to‘lgandan keyin ma'lum diniy jamiyatga a'zo bo‘lishi mumkin. Diniy tashkilot yana diniy ehtiyojlarni birgalikda qondirish yoki qondirishga ko‘maklashish maqsadida tuziladigan va diniy marosimlarni ado etish asosida ish ko‘radigan ixtiyoriy, teng huquqli va o‘z-o‘zini boshqaruvchi uyushma. Ayni vaqtda u fuqarolarning vijdon erkinligini kafolatlovchi tuzilmalardan hisoblanadi. Diniy tashkilotlarning ta'limoti, tarixiy an'analari, diniy uyushmalar tuzilishida tutgan o‘rni va roli turli-tuman bo‘lishi mumkin. Fuqaroning Diniy tashkilotga a'zoligi uning huquqiy maqomini, jumladan boshqa shaxslar bilan tengligini cheklab ko‘ya olmaydi. Diniy tashkilot larning eng muhim belgisi—ularning o‘z-o‘zini boshqarishidir, ya'ni, ular ma'muriy jihatdan davlat idoralaridan ajratilgan. Diniy tashkilot larning faoliyati qonunlarga zid kelmasa, davlat ularning ichki aqidaviy ishlariga aralashmaydi. Ular o‘z ustav (nizom)lariga muvofiq tashkil topish va ish yuritish, xodimlarni tanlash, tayinlash va almashtirish huquqiga egadirlar. Diniy tashkilot larning ustavlari ularning tuzilishi, diniy ta'lim va faoliyatning boshqa masalalarini belgilab beradi.

O‘zbekistan Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi (1998) qonunida ta'kidlanganidek, O‘zbekistan Respublikasi fuqarolarining dinga e'tiqod qilish, ibodat, rasm-rusum va marosimlarni birgalikda ado etish maqsadida tuzilgan ko‘ngilli birlashmalari (diniy jamiyatlar, diniy o‘quv yurtlari, masjidlar, cherkovlar, sinagogalar, va b) diniy tashkilotlarlar deb e'tirof etiladi.

Tegishli ustav (nizom) asosida faoliyat yurituvchi respublika diniy uyushmalari O‘zbekistan Respublikasining Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinadi. Viloyat, tuman va shahar, shaharcha va qishloq hududida bo‘lgan Diniy tashkilotlar tegishli viloyatlar, shuningdek, Toshkent sh. hokimligi adliya boshqarmalari tomonidan ro‘yxatga olinadi. Diniy tashkilot ro‘yxatga olingandan so‘ng u yuridik shaxsga aylanadi. Diniy tashkilot yuridik shaxs sifatida qonunlarga va o‘z nizomiga muvofiq holda huquqlardan foydalanadi hamda majburiyatlarni o‘taydi.

Diniy tashkilot rahbarining tashkilot ustavini ro‘yxatdan o‘tkazishdan bo‘yin tovlashi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka olib keladi. Ro‘yxatdan o‘tmagan Diniy tashkilotlarning faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar qonun xujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.

Diniy tashkilotlar faoliyati ikki holda: ular o‘z nizomlariga muvofiq tugatilganda va «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘trisida»gi qonun qoidalari yoki boshqa qonun hujjatlariga rioya qilinmaganda to‘xtatiladi.

Diniy tashkilot faoliyatini to‘xtatish haqidagi qaror O‘zbekistan Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligining adliya boshqarmalari tomonidan qabul qilinadi. Diniy tashkilotlar qabul qilingan qaror ustidan xalq sudiga shikoyat qilish huquqiga ega, shikoyat fuqarolik ishlarini yurituvchi sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Diniy tashkilotlar tasarrufida binolar (masjidlar, cherkovlar, sinagogalar, kirxalar, monastirlar, ibodatxonalar va b. inshootlar), korxonalari (bosmaxonalar, fermalar, badiiy-tikuv sexlari), ijtimoiy va xayriya obyektlari (etimxonalar, qariyalar uylari), diniy anjomlar (diniy kitoblar, ikonalar, shamlar), ular faoliyatini ta'minlash uchun zarur transport vositalari, pul va boshqa mulklar bo‘lishi mumkin. Diniy tashkilot larning mulkiy huquqi qonun tomonidan himoya qilinadi.

Boxodirov Faxriddin - Kattaqo‘rg‘on tumani «Yangiravot» jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 04/06/2021 17:34;   Ko‘rilganligi: 1041
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/diniy-tashkilot-tushunchasining-ozbekiston-qonunchiligidagi-qiyosi
Chop etilgan vaqti: 24/04/2024 20:40
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing