DINIY BAG‘RI KENGLIK VA MILLATLARARO TOTUVLIK
Darhaqiqat, go‘zal va betakror islom dini insoniyatni bag‘rikeng bo‘lib, o‘zaro hamjihatlikda yashashga buyurgan. Insoniyat tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, qaysi jamiyat yoki yurtda hamjihatlik, ahillik, bag‘rikenglik, birdamlik va mehru oqibat bo‘lgan bo‘lsa shu jamiyat yoki yurtda albatta osoyishtalik, farovonlik va taraqqiyot bo‘lgan. Agarda insonlar orasida birdamlik, hamjihatlik, bag‘rikenlik degan umuminsoniylik fazilatlari bo‘lmasa bunday jamiyatda tinchlik va taraqqiyot bo‘lmaydi.
Alloh taolo Quroni karimda shunday deydi:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ (سُورَةُ الحُجُرَاتِ/13).
ya'ni: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).
Mana shu oyaiy karimada Alloh taolo insoniyatni ko‘p millat va elat qilib yaratganligining xabarini berdi. Demak turli qabilalar, xalqlar, millatlar va elatlar qilib yaratilishimizni Alloh iroda qildi sababi o‘zaro tanishishish uchun birdam bo‘lib hamjihat bo‘lib yashashimiz uchundir.
Ma'lumki, O‘rta Osiyo, xususan O‘zbekiston hududi qadim asrlardan turli madaniyat, til, urf-odat turmush tarziga ega bo‘lgan, xilma-xil dinlarga etiqod qiluvchi, bir-biriga o‘xshash bo‘lmagan bir necha xalqlar yashagan. O‘zbekistonning jug‘rofiy nuqtai nazaridan muhim savdo yo‘llari chorrahasida joylashgani, ko‘plab davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar qilgani turli xalqlarning diniy va manaviy hayotiga, shuningdek, Movarounnahrdagi urf-odatlar ham o‘zga yurtlar madaniyati rivojiga salmoqli tasir ko‘rsatgan. Bu esa o‘ziga xos millatlararo xamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni shakllantirishdagi asosiy omillardan biri bo‘lib xizmat qilgan.
Bu haqda birinchi Prezidentimiz “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarida: “Ming yillar mobaynida Markaziy Osiyo g‘oyat xilma-xil dinlar, madaniyatlar va turmush tarzlari tutashgan va tinch-totuv yashagan markaz bo‘lib keldi”, deb qayd etganlari ham bejiz emas. Haqiqatan O‘zbekiston zaminida qadim zamondan islom dini bilan boshqa dinlar yonma-yon yashab, rivojlanib va bu jamiyatning ma'naviy yuksalishiga muayyan hissa qo‘shdi.
Hozirgi kunga kelib, Respublikamizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari istiqomat qiladi.
Mullo Ali Qorining “Mirqot ul-masobih” asarida kelgan xabarda Payg‘ambarimiz (s.a.v) dedilar:
"تَصَدَّقُوا عَلَي أَهْلِ الْأَدْيَانِ كُلِّهَا" عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ (رَوَاهُ الإِمَامُ ابْنُ أَبِي شَيبَةَ فيِ كِتَابِ مِرقَاةِ المَصَابِيحِ لِعَلِيِّ القَارِي).
“Barcha din ahliga xayru-ehson qilingizlar” (Imom Ibn Abu Shayba rivoyat qilgan).
Xayru ehson nafaqat moddiy balkim manaviy bo‘lsa yanada nur ustiga nur buladi. Maslan aytaylik o‘zga din vakillari bilan chiroyli muomala va munosabatda bo‘lishimiz, ular bilan bag‘rikenglikda va hamjihat bo‘lib yashamog‘imiz qaysidir ma'noda bu ham xayru ehsonning bir ko‘rinishidir.
Dinlararo bag‘rikenglik g‘oyasi nafaqat dindorlarning, balki butun jamiyat a'zolarining ezgulik yo‘lidagi hamkorligini nazarda tutadi hamda tinchlik va barqarorlikning muhim sharti hisoblanadi.
Hazrati Rasuli akram (s.a.v) ning yuksak insoniy tabiatli diniy erkinlik to‘g‘risidagi ko‘rsatmalariga u zotdan keyingi islom hukmdorlari ham qat'iy amal qilishdi. Umar ibn Xattob (r.a) Baytul-Maqdis (Quddus)ga fotih sifatida kirganlarida u yerning masihiy aholisi yahudiylar bilan shaharda birga yashamasliklarini shart qilib qo‘yishadi. Shunda u kishi bunga rozi bo‘ladilar. Vaholanki, Umar ibn Xattob Quddusni fath qilgan, bu shartni qabul qilmasliklari mumkin edi. U kishi “Quddus ul-kubro” cherkovida turganlarida asr namozi vaqti kirib qoldi. Shunda bo‘lgan takliflarga ham qaramay, u yerda namoz o‘qishdan bosh tortdilar. Sababi, musulmonlar buni dalil qilib olib, cherkovni masihiylardan tortib olib masjid qilib olmasliklari uchun shunday qilgan edilar. Zero, tarix kitoblarida:
"فَقَدْ ذَكَرَتْ كُتُبُ التَّارِيخِ أَنَّ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنهُ اِمْتَنَعَ عَنِ الصَّلاَةِ فيِ الكَنِيسَةِ حَتَّى لَا يَسْلُبَهَا المُسْلِمُونَ مِنَ الرَّهبَانِ بِحُجَّةِ صَلاَةِ عُمَرَ فِيهِ"
ya'ni: “Tarix kitoblarida kelishicha, Umar (r.a.) cherkovda namoz o‘qishdan to‘xtadilar, toinki musulmonlar Umar (r.a.) cherkovda namoz o‘qigan, deb kanisalarini rohiblardan tortib olib masjid qilmasinlar”.
Islom diniga ko‘ra, boshqa e'tiqodda bo‘lgan ahli kitoblarning ibodatxonalari ham xuddi masjidlar kabi himoyaga olinadi, ularni besabab buzish yoki biror zarar yetkazish dinimizga ko‘ra ta'qiqlanadi. Dinimiz ta'limotiga ko‘ra, ahli kitoblarni musulmonlar diyorida turli vazifalarga qo‘yish ta'qiqlanmaydi. O‘tmishda Bag‘dod va Damashq madrasalarida ahli kitoblardan ko‘plab mudarrislar tahsil berishgan. Hatto ayrim islom hukmdorlarining xos tabiblari va kotiblari nasroniy yoki yahudiylardan bo‘lgan.
Jahondagi barcha dinlarning asl mohiyati tinchlik, jumladan islom dini insonlarni irqi, millati, ijtimoiy kelib chiqishidan qat'iy nazar ular bilan tinch-totuv yashashga buyuradi. Afsuski, bugungi kunda biz jahonning turli nuqtalarida, ayniqsa Yaqin Sharq mamlakatlarida diniy, milliy va boshqa ijtimoiy-siyosiy omillar negizida yuzaga kelgan qurolli to‘qnashuvlar oqibatida yuzlab odamlarning qurbon bo‘layotgani, minglab kishilarning o‘z boshpanalaridan ayrilib, tug‘ilib o‘sgan yurtlarini tashlab ketishga majbur bo‘layotgani kabi ayanchli jarayonlarning guvohi bo‘lmoqdamiz. Ming afsuslar bo‘lsinki, ba'zi bir yoshlar din niqobi ostida bilib-bilmay mana shunday urush o‘choqlarida o‘zga din vakillarini turli qiynoqlar bilan azoblab, hatto ularni vahshiyonalik bilan o‘ldirmoqdalar. Zero, Payg‘ambarimiz (s.a.v) o‘z hadislarida:
“Kim ahli zimmaga biror zahmat yetkazsa, qiyomat kuni Meni o‘zining dushmani sifatida ko‘radi”, deb aytganlar (Imom Ahmad ibn Hanbal, “Musnad”).
Buyuk ajdodlarimizning boy madaniyat va ma'rifat buloqlaridan bahramand bo‘lgan xalqimiz nafaqat millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik balki dinu diyonat, iymon-e'tiqod, odobu axloq, mehru muruvvat, oila, farzand tarbiyasi, ota-ona hurmati va izzati borasida ham o‘ziga xos keng fe'llik, saxovat va mo‘tadillik tamoyillariga amal qilib kelmoqda. Mamlakatimiz tarixan ko‘pmillatli o‘lka bo‘lgani tufayli bu zaminda turli-tuman din vakillarining emin-erkin yashashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Muallif: Boboxon BOBOXONOV - Samarqand shahar “Xo‘ja Nisbatdor” jome masjidi imom xatibi.
Kiritilgan vaqti: 25/09/2019 16:38; Ko‘rilganligi: 3281
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 16:35