Dinda adashuvchi kimsalarning adashishlariga sabab bo‘luvchi omil
Dinda adashuvchi kimsalarning adashishlariga sabab bo‘luvchi omil bu g‘uluv, ya'ni dinda chuqur ketish hisoblanadi.
Bugungi kundagi diniy ektremistik va terroristik jamoalar faoliyatini tahlil qiladigan bo‘lsak, ularning eng asosiy mushtarak jihatlari o‘zlariga qo‘shilmagan barchani kufrda ayblash desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shu nuqtai nazardan bugungi kundagi barcha ekstremistik va terroristik jamoalarni takfiriy jamoalar deb atash ham mumkin. Takfir arabcha “kufr” so‘zi o‘zagidan olingan bo‘lib, lug‘atda “inkor qilish”, “yopish”, “kafforat berish” kabi ma'nolarni anglatadi. Istilohda esa mo‘min kishini asossiz sabablar bilan kofirga chiqarish demakdir.
Qur'onda “kufr” so‘zi bir necha o‘rinlarda kelgan. Bir joyda kofirlikni bildirsa, boshqa joyda noshukrlikni ifoda etadi. Alloh taolo kishi iztiroriy holatda, ya'ni majburlangan paytda “kufr” so‘zini aytib qo‘ysa, uni azoblamasligini ham bayon qilgan. Bu borada Savbondan Nabiyning: “Mening ummatimning xato qilgan, esdan chiqargan va majburlangan holatda qilgan ishidan qalam ko‘tarildi”, degan mashhur hadis rivoyat qilinadi. Imom Buxoriy “Sahih”idagi bir bob “Johiliyat ishlaridan bo‘lib, kufr sanalmaydigan gunohlar bobi” deb nomlangani ham musulmon inson gunoh sodir etish bilan Islomdan chiqmasligiga ishora qiladi. Katta (kabira) gunoh sodir etgan mo‘min kishi, Ahli sunna val jamoa e'tiqodiga ko‘ra, qilgan ishini halol sanamas ekan, kofir bo‘lmaydi. Shuningdek, to‘rt mazhab ulamolari ittifoqiga ko‘ra, katta gunoh sodir etgan shaxs do‘zaxda ham abadiy qolmaydi.
Musulmonni kofirga chiqarishdan kelib chiqadigan xatarlar bois Qur'on va Sunnada birovlarni kofirga chiqarishdan qaytariladi. Alloh taolo bunday deydi: «Ey imon keltirganlar! Alloh yo‘lida safarga chiqqaningizda aniq ish tutingiz! Sizlarga salom bergan (yoki taslim bo‘lgan) kishiga bu dunyo matohini (o‘ljani) ko‘zlab: “Mo‘min emassan”, demangiz! Allohning huzurida ko‘p o‘ljalar (bordir). Ilgari sizlar ham shunday (imoningizni sir tutar) edingiz, (so‘ngra) sizlarga Alloh ne'mat ato etdi. Bas, aniqlab ish tutingiz! Albatta, Alloh (barcha) ishlaringizdan xabardordir» (Niso, 94).
Hadisi shariflarda ham o‘zga shaxsni kufrga chiqarishdan ogohlantiriladi. Jumladan, Imom Buxoriy Ibn Umardan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz aytadilar: «Agar kishi birodariga “Ey kofir”, desa, u (so‘z) ikkisidan biriga qaytadi». Abu Zarrdan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz bunday deganlar: “Hech bir kishi boshqa kishini fosiq, kofir, deb ayblamasin. Agar u kishi bunday bo‘lmasa, aytgan gapi o‘ziga qaytib keladi”. Jumhur kalom va fiqh ulamolari ittifoqiga ko‘ra, qibla ahli bo‘lgan musulmonni kofirga chiqarmaslik kerak. Abu Hanifa qibla ahllaridan biror kishini kofirga hukm qilmaganlar.
Muxtorov Zikriyo
Samarqand viloyati Samarqand shahar "Xo‘ja Safoyi Valiy" jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 22/09/2023 16:25; Ko‘rilganligi: 555
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 05:02