O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

DEHQONCHILIK - KASBLARNING ENG AFZALI

 
 

Ziroatchilik bilan shug‘ullanish dinimizda ulug‘ amallardan hisobanadi. Chunki, dehqonlardan hamma manfaat oladi. Alloh taolo ularni hamma jonzotning rizqiga sababchi qilib qo‘ygan. Shuning uchun ham Islom ulamolari nuqtai nazarida dehqonchilik kasblarning ichidagi eng afzal kasb hisoblanadi. Qiyomat qoim bo‘lib, jannatilar jannat eshiklari oldida to‘planib, «Kim birinchi kiradi?», deyilganda «Dehqonlar», deb aytilar ekan.

Hadisi shariflarda dehqonchilik va chorvachiik bilan shug‘ullangan odamlarga ko‘plab savob va ajrlar borligi aytilgan. Jumladan, Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

«Qaysi bir musulmon biror ekin eksa-yu, undan yeyilgani, albatta, uning uchun sadaqa bo‘ladi. O‘g‘irlangani ham uning uchun sadaqa bo‘ladi. Yirtqichlari yegani ham uning uchun sadaqa bo‘ladi. Qushlar yegani ham uning uchun sadaqadir. O‘sha ekindan birortasi manfaat olsa, albatta, uning uchun sadaqadir».

Boshqa bir rivoyatda:

«Musulmon kishi bir ekin eksa-yu, o‘shandan insonmi, jonvormi, qushmi, yesa, albatta, qiyomat kunigacha uning uchun sadaqa bo‘ladi», deyilgan. Muslim rivoyati.

Dehqonchilik sahobalar orasida ham mashhur bo‘lgan. Ularning bir qanchalari dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Masalan, islom tarixida eng ko‘p hadis rivoyat qilgan sahoba Abu Hurayra, tajribali qo‘mondon, mohir mergan Sa'd ibn Abu Vaqqos va boshqa sahobalar roziyallohu anhumlar dehqonchilika ham usta bo‘lganlar, mo‘l hosil olish yo‘lini yaxshi bilganlar.

Har bir kishi o‘z mehnati bilan kasb qilib, rizq-ro‘z talab qilishi katta faziylat hisoblanadi. «Hech kim, hech qachon o‘z qo‘li (mehnati) bilan topgan taomidan yaxshiroq taom yegan emas» (Miqdom roziyallohu anhudan Imom Buxoriy rivoyati) deya Payg‘ambar alayhissalom peshona teri bilan topilgan molu mulk eng afzal rizqlardan ekanligiga ishora qilganlar. Shuning uchun ham ayni bahor fasli kirib kelishi bilan Alloh taolo bizga ne'mat qilib bergan yerdan unumli foydalangan holda unga turli xil ekinlarni qadash, ulardan hosil olib, o‘zimiz va boshqalarning rizqli bo‘lishiga harakat qilishiiz bandalik burchimizdir. Zero, Alloh taolo yerni insoniyat uchun buysundirib, unda tirikchilik, dehqonchilik, bog‘dorchilik va boshqa kasbu kor uchun vosita qilib bergan. Qur'oni karimda «U sizlarga yerni buysundirib qo‘ygan Zotdir» («Mulk» surasi, 15-oyat), «Batahqiqi, Biz sizlarni yer yuzida imkonli qildik va unda sizlarga maishat (vositalari) qildik. Juda oz shukr qilasizlar» («A'rof» surasi, 10-oyat) deyilgani ushbu fikrimizga dalildir.

Afsuslar bo‘lsinki, mana shunday imkoniyatlardan istifoda qilmayotgan kishilarimizning borligi achinarlidir. Axir, o‘z tomorqalarida dehqonchilik qilsalar, ham halol rizq, ham o‘zlariga sadaqa savobiga ega bo‘lishadiku. Bizning zaminimiz, serunum, hosildor. Unga nima qadalsa, albatta o‘nib, o‘z hosilini beradi.

Qadimda bir maddoh bo‘lgan ekan. O‘zining maza-bemaza qofiyalari bilan barchaning joniga tegibdi. Atrofidagilarning betakallufligidan norozi bo‘lgan maddoh bir hafta mobaynida podshohga atab qirq bayt madh bitibdi. Alqissa, podshoh huzuriga kirgan maddoh o‘z madhini o‘qiy boshlabdi. U o‘qigan sayn podshohning yuzi tundlashib boraveribdi. «Ash'or»i yarimlamay turib podshoh mulozimlariga «Shoirning har bir misrasi uchun bir darradan urilsin. Tumanidan to‘rt tanob yer ajratilib, bundan buyoniga dehqonchilik bilan shug‘ullansin. Yonidagi dehqonlardan kam hosil olsa, zindonband qilinsin», deya amr etibdi.

Jazodan qo‘rqqan maddoh bor mehrini berib, mehnat qilibdi. Natijada mo‘l hosilga ega bo‘lib, dastlabki hosilidan saroyga olib kelibdi. Uning mehnati samarasini ko‘rgan podshoh qirq tillo bilan siylab, «rahmat sizga bobo dehqon!» deya tasannolar aytgan ekan. Qissadan xulosa chiqarish o‘zimizga bog‘liq.

Ha azizlar, mehnat insonni ulug‘laydi, rizqning keng bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Agar ana shu mehnat yerga singdirilsa nafi bir necha karra bo‘lishi shubhasizdir, inshaalloh.

Muallif: Sarvarxon Boboyev, O‘MI Samarqand viloyati vakilligi xodimi


Kiritilgan vaqti: 12/04/2020 12:22;   Ko‘rilganligi: 3137
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/dehqonchilik-kasblarning-eng-afzali
Chop etilgan vaqti: 15/01/2025 20:29
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing