O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Daraxtdan meva olmoqchi bo‘lsangiz shoxini, insondan marhamat kutayotgan bo‘lsangiz qalbini sindirmang..!

 
 

Alloh azza va jalla Ahzob surasi 58-oyatida aytadi: «Mo‘min va mo‘minalarga biron gunoh qilmaslaridan ozor beradigan kimsalar ham bo‘hton va ochiq gunohni o‘z ustlariga olibdilar».

Chiroyli uslub bilan xatoni tuzating, uni hammaga yoyib, o‘sha odamni sharmanda qilib, qalbini sindirmang.

Imom Hasan va Imom Husayn roziyallohu anhumo keksa kishining noto‘g‘ri tahorat qilayotganini ko‘rib qolishdi va uning qalbiga ozor bermaslik uchun «Bizni kuzatib, qay birimiz tahoratni chiroyli qila olmasligimizni aniqlab bersangiz» deb, o‘sha kishining ko‘z o‘ngida ikkovlari tahorat ola boshladilar. Ularning tahorat qilishlarini kuzatib turgan boyagi odam kulgan holda «Orangizda men tahoratni yaxshilab qilmas ekanman» deya o‘z xatosini tushunib yetdi.

Islomda insonlar bilan birga har bir tirik jonga, hayvonlarga, kerak bo‘lsa atrof-muhitga ham ozor bermaslikka chaqiriladi. Ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan safarda edik. U zot bir yumushlari bilan ketdilar. Shu payt ikkita polaponi bor bir qushni ko‘rib qolib, uning polaponlarini olib qo‘ydik. Polaponlarning onasi kelib, tepamizda aylana boshladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam kelib, «Kim buni bolasi tufayli alamga qo‘ydi? Bolasini qaytarib beringlar», dedilar.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhisalom «Biror bir inson chumchuq yoki undan katta hayvonni parrandani haqsiz, nohaq holatda o‘ldiradigan bo‘lsa, Alloh taolo qiyomatda uni so‘rab oladi» deganlar.

Ko‘ngilni ko‘tarish, boshqalarning jismiga va qalbiga ozor bermaslik yuksak xulq namunasidir. Alloh azza va jalla Shuaro surasi 215-oyatida aytadi: «O‘zingizga ergashgan mo‘minlar uchun qanotingizni past tuting!».

Ma'lumki, Islomning ilk davrlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga dastlab faqir kishilar iymon keltirgan edilar. U zot Salmon, Suhayb, Bilol va Ammor ibn O‘sir roziyallohu anhumlarga o‘xshagan faqir kishilar bilan majlis qurib o‘tirar edilar. Mushriklar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam atrofidagi faqir musulmonlarni haydatib yubormoqchi bo‘lishdi. Shu maqsadda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: «Ey Muhammad, atrofingdagi kambag‘allarni haydab yubor. Ular bilan birga o‘tirishdan biz jirkanamiz. Agar ularni haydab yuborsang, senga oliy nasab, oliy maqom kishilar iymon keltiradi», deyishdi. Bunga javoban Alloh taolo: «Ertayu kech Parvardigorining Yuzi – roziligini istab, Unga duo-iltijo qiladigan zotlarni atrofingizdan haydamang», oyatini tushirdi.

Islom dini – tinchlik, osoyishtalik dini. Islom dini farzandlarga ozor berishdan qaytaradi. Nafaqat  farzandlar, balki barcha inson zotiga ozor berish, hattoki unga aziyat beruvchi biror so‘z aytishiga ham yo‘l qo‘ymaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan bir hadisda:

«Komil musulmon boshqa musulmonlar uning tili va qo‘lidan ozor chekmaydiganlaridir», – dedilar.

Nabiy alayhissalom Muoz raziyallohu anhu va uning sherigini Yamanga jo‘nata turib: “Yengil qiling va qiyin qilmang. Xushxabar bering va nafratlantirmang. O‘zaro yordam bering va ixtilof qilmang”, deganlar – Imom Buxoriy rivoyati.

Dindan odamlarni bezitish, ularni nafratlantirish yaxshi amal hisoblanmaydi.

Imom Muslim “Sahih”ida rivoyat qiladi, Muoviya ibn Hakam Salmo bunday dedi: “Otam, onam u zotga fido bo‘lsin. Nabiy alayhissalomdan oldin ham, keyin ham u zotdan yaxshiroq muallimni ko‘rmadim. Allohga qasam, biron marta menga qo‘pol gapirmadilar, urmadilar va koyimadilar”.

Dinimiz yetimlarga ham yaxshi muomila qilishga, ularning qalbini sindirmaslikka buyuradi.

Ibn Umar rivoyat qiladi: «Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Yetim ko‘ziga yosh olsa, uning yig‘isidan Rahmonning Arshi larzaga keladi. Shunda Alloh taolo farishtalardan: “Ey farishtalarim, otasi tuproqda yotgan mana bu yetimni kim yig‘latdi?” deb so‘raydi. Farishtalar: “Rabbimiz, Sen biluvchiroqsan”, deyishadi. Alloh taolo farishtalarga: “Ey farishtalarim, guvoh bo‘linglar, kim uni yupatsa va xursand etsa, qiyomat kunida O‘zim uni xursand qilaman”, deydi”, dedilar». Ibn Umar qachon yetimni ko‘rsa, boshini silab, bir nima berardi. Anas ibn Molik rivoyat qiladi: «Nabiy alayhissalom: “Kim yetimni qaramog‘iga olib, uni ta'minlasa, qiyomat kunida o‘sha yetim unga do‘zaxdan parda bo‘ladi. Kim yetimning boshini silasa, har bir soch tolasi miqdoricha savob yoziladi”, deb marhamat qildilar».

Shu bilan birga Islom ota-onaga yaxshilik qilish, ularning qalbini sevintirishni ulkan savob manba qilgan. Ota-onam qarigan chog‘larida g‘am chekmasinlar desangiz, xamisha ularning gaplari va maslaxatlariga jonu-dilingiz bilan quloq solmoq lozim.

Doimo ularni xursand qiluvchi gaplarni topib-o‘ylab gapirib, duolarini olsak, shunda baraka topamiz.

 Arabov Ilyos Samarqand viloyati “Qoraboy Oqsaqol” jome masjidi imom-noibi


Kiritilgan vaqti: 13/11/2023 15:03;   Ko‘rilganligi: 155
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/daraxtdan-meva-olmoqchi-bolsangiz-shoxini-insondan-marhamat-kutayotgan-bolsangiz-qalbini-sindirmang
Chop etilgan vaqti: 03/05/2024 14:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing