Daraxt ekish savobli amal- A.Hasanov
Alloma Movardiy aytadilarki: “Insonning tirikchiligi uch narsaga bog‘langan bo‘ladi: dehqonchilik, tijorat va hunarmandchilik. Mening nazdimda dehqonchilik eng pokizasi va eng afzalidir”, deganlar. Haqiqatdan ham dehqonchilik eng ulug‘, eng sharafli va eng afzal ishdir. Zero dehqon o‘zi o‘ylabgina qolmasdan, xalqini ham o‘ylaydi. U mehnat qilib, ekin ekib, ko‘chat o‘tqazib, uni o‘sishi uchun tinmay mehnat qiladi. Mevasini olib o‘zi ham foyda ko‘rish bilan birga, bozorlarimiz meva va sabzavotlar bilan to‘lib toshishiga sabab bo‘ladi. Dehqonning mehnatining samarasidan butun xalq bahramand bo‘ladi.
Deman dehqonchilik qilish faqat moddiy foyda emas balki savobli ham ishdir. Chunki o‘tkazgan ko‘chatlar va o‘simlik doimo Alloh ta'ologa tasbeh aytib turadi. Bu haqda Qur'oni Karimda shunday marhamat qilinadi: “Osmonlardagi va Yerdagi(bor) narsa (mutloq) Podshoh, (nuqsonlardan) Pok, Qudratli va Xikmatli bo‘lmish Allohga tasbeh aytur”.(Juma 1 oyat). Shuning bilan birga bir inson ekin eksa yoki ko‘chat o‘kazsa go‘yo u sadaqa qilgandek savobga ham ega bo‘ladi. Bu haqda Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Agar bir muslim banda ko‘chat o‘tkazsa yoki ekin eksa, undan qushmi, insonmi yoki hayvonmi yesa, buning uchun unga sadaqa (qilganlik savobi) bo‘ladi”. Bugun Yurtboshimiz tashabbuslari bilan anashunday sadaqai joriyaga qo‘l urilmoqda. Muhtaram Prezidentimiz raisligida ekologik holatni yaxshilash va “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizning qay bir jabhasiga qaramang ko‘chat ekish ishlari olib borilmoqda. Buning natijasida yangi-yangi bog‘lar barpo etilmoqda. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjid imomlari ham bu umummilliy loyihani bajarishda kamarbasta bo‘lmoqdalar. Xususan Samarqand viloyati bosh imom xatibi Zayniddin domla Eshonqulov boshchilik Samarqand viloyati masjid imomlari ham faol ishtirok etib, masjid hovlisi, qabristonlar, mahallalar bo‘sh turgan joylarga daraxt ekib bog‘lar tashkil qilmoqdalar. Anashunday bog‘lardan biri Urgut tumani “Domla Qurbon” jome masjidi bog‘i barpo etildi. Ushbu bog‘ga 100 tup archa va 500 tup mevali daraxtlar ekildi.
A.Hasanov Urgut tuman bosh imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 15/11/2023 14:16; Ko‘rilganligi: 705
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:35