O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Chiroyli muomala fazilatdir

 
 

Muqaddas dinimiz samimiyat, halimlik, o‘zaro mehr-oqibatga chaqiradi. Binobarin, jamiyatda xushxulq bo‘lish, odamlar bilan chiroyli muomala qilish islom qoidalaridandir. Zero, chin musulmon kishi ochiq yuzli bo‘lishi kerak.

Chiroyli muomala nafaqat so‘zlashishda, balki xatti-harakatda ham o‘z ifodasini topadi. Alloh taolo Qur'oni karimning “Toho” surasi, 44-oyatida Muso va Horun alayhissalomlarga xitob qilib: “Fir'avnga yumshoq so‘zlanglar, shoyadki nasihatlansa yoki qo‘rqsa”, deya marhamat qilgan. Fir'avn ilohlikni da'vo qilayotgan kimsa yedi. Shunday bo‘lsa-da, Yaratgan uni ham shirinso‘zlik bilan zalolatdan qaytarishga buyurmoqda.

Haqiqatan, shirin so‘z bilan ko‘p muammolarni bartaraf yetish mumkin. Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar, naqli bejiz aytilmagan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, sizlar insonlarni mol-u, dunyo berib rozi qila olmaysiz, bas, chiroyli xulq va ochiq yuz bilan ularning ko‘ngillarini olinglar”, deganlar.

Chiroyli muomalada chegara yo‘q. Aksincha, barchaga birdek yaxshi munosabatda bo‘lishga buyurilganmiz. Yaxshilik ko‘rishdan avval yaxshilik qilish insonga xos go‘zal fazilatdir. Bundan tashqari, yomonlikka yaxshilik ila javob qilish ulkan savobga sabab bo‘ladi.

Odamlar bir-biri bilan hurmat va iltifotli bo‘lishsa, turli adovatlar, fitna va g‘arazliklar urchimaydi. Jamiyatda soflik, sog‘lom muhit qaror topadi. Islom aqidasining hikmati ham shunda.

Nurbek XIDIROV,
Ko‘k to‘nli bobo jome masjidi imom-xatibi.


Kiritilgan vaqti: 22/08/2023 15:40;   Ko‘rilganligi: 190
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/chiroyli-muomala-fazilatdir
Chop etilgan vaqti: 17/05/2024 14:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing