O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Bugunning imomi qanday ekanidan bexabarlarga!

 
 

Shu kunlarda internet tarmoqlarida “Yangi O‘zbekistonning yangi imomlari qanday bo‘lishi kerak?” nomli maqola e'lon qilindi. Dastlab ushbu mavzuning yoritilishida yurtimizdagi o‘zgarishlarga jonkuyarlik borga o‘xshaydi. Lekin teranroq mutolaa qiluvchi mushtariy ma'lumotlar faqat bir yoqlama ekani, muallif respublikadagi so‘nggi yillarda diniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlardan bexabarligi namoyon bo‘ladi.
Avval, ushbu mavzuga qo‘l urgan muallifning ish tajribasi, ma'lumoti, salohiyati va diniy sohadan qanchalik xabardor ekani bilan qiziqdik. Ma'lum bo‘lishicha, u O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Dehli universitetida, AQSHning Shimoliy Karolina universitetida ta'lim olgan. Xorijdagi tashkilotlarda faoliyat olib borgan. “VVS”, “Ozodlik” dasturlarida ham chiqishlar qilgan. Endi bir o‘ylab ko‘ring? So‘nggi yillardagi yangilanishlarni his etmagan, aksar umrini chet elda o‘tkazgan va bugungi kunda kechayotgan jarayonlarni ich-ichidan bilmagan inson qanday qilib, yurtning buguni haqida xolis fikr aytishi mumkin.
Ta'kidlash zarurki, diniy soha o‘ta nozik va hassos bo‘lgani tufayli diniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish lozim. Ularga nisbatan ko‘r-ko‘rona munosabatda bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q. Har bir kishining o‘z sohasi bor. O‘sha soha doirasida xizmat qilsa, avvalo o‘ziga foydali bo‘ladi. Qolaversa boshqalar uchun ham kerakli mutaxassis bo‘ladi. Ammo, o‘z doirasidan chiqsa, avvalo o‘ziga, qolaversa atrofidagilarga noxolis ma'lumot bilan zarar yetkazadi.
Shu o‘rinda sohadan bexabar muallifga quyidagilarni bildirib qo‘yishni lozim topdik:

Birinchi, maqolada “Bugungi madrasalar dunyoviy ilmlarni bera olmaydi”, deya iddao qilingan. Aytish mumkinki, yurtimizdagi diniy ta'lim muassasalarida diniy fanlar bilan bir qatorda ijtimoiy-iqtisodiy va tabiiy fanlar ham o‘qitilib kelinadi. Jumladan, O‘zbekiston tarixi, fuqarolik jamiyati, matematika, informatika va axborot texnologiyalari, geografiya, pedagogika, psixologiya, mantiq, oila psixologiyasi, huquqshunoslik, falsafa, iqtisodiyot kabi fanlar o‘quv dasturiga kiritilgan.

Ikkinchi, muallif yana “Qani edi ular bu ilmlarni xorijdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida o‘qisa…” degan gapni yozishdan avval imomlar faoliyatiga doir xabarlarni ko‘zdan kechirsa yaxshi bo‘lar edi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi va al-Azhar universiteti tomonidan imzolangan hujjatga asosan masjidlarda mehnat qilayotgan imomlar Misr davlatidagi malaka oshirish kurslarida ta'lim oladi. Imomlarga al-Azhar universitetining fazilatli shayxlari, taniqli ulamolari va yetuk olimlari tomonidan diniy fanlar bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari olib boriladi. Shuningdek, ushbu hujjatga asosan diniy ta'lim muassasalari talabalari ham al-Azhar universitetida tahsil olishlari nazarda tutilgan.

Uchinchi, diyorimizdagi masjidlar imom-xatiblari tomonidan AQSH, Rossiya, MDH, Sharqiy Osiyo va qo‘shni mamlakatlardan kelgan takliflar asosida ushbu mintaqalardagi mahalliy aholi hamda mehnat migrantlarining diniy-ma'rifiy ehtiyojlarini ta'minlash va sof Islom ma'rifatini tarqatish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bundan ko‘rinadiki, imom-xatiblarimiz ushbu hududlardagi mo‘min-musulmonlarning ilm-ma'rifatlarini yanada oshirish uchun juda ham zarurdir.
To‘rtinchi, birgina 2019 yil davomida imom-xatiblar tomonidan 61 mingdan ziyod ma'rifiy tadbir o‘tkazilgani, televideniyeda 1500 ta, radioda 600 ta, matbuotda 1000 ta, Internetda 17500 ta chiqish qilingangi bu borada naqadar samarali ishlar bajarilgani, natija esa imom-xatiblar faoliyati jamiyat bilan chambarchas bog‘liq ekanini yaqqol ifoda etadi. Shuningdek, o‘tgan yilning o‘zida 3000 nafar ushbu soha vakilining bilim va ko‘nikmalari oshirilgani sohadagi o‘zgarishlar zamon talablariga mos holda ketayotganini bildiradi.

Beshinchidan, aksar ulamolar va imom-domlalar yurtimiz hamda xorijdagi nufuzli oliy dargohlarni tamomlaganlarini alohida qayd etish kerak. Masalan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Termirxon o‘g‘li hazratlari Marokashning “Karaviyn” dorilfununida, birinchi o‘rinbosar Homidjon Ishmatbekov Saudiya Arabistonidagi Madina islom universitetini tahsil olganlar. Yana bir o‘rinbosar Ibrohimjon Inomov Rossiya Federatsiyasidagi Omsk davlat universitetining Yuridik fakultetini tugatgan. Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin Xoliqnazarov oliy diniy ma'lumot bilan birga Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan.
Bir qator imom-xatiblar O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi, Rossiya Federatsiyasidagi Bulg‘or islom akademiyasi kabi nufuzli dargohlarda hamda dunyoviy oliygohlarning sirtqi bo‘limlarida o‘z ilmiy salohiyatlarini yanada oshirish borasida jiddu jahd qilmoqdalar.
Xulosa shuki, bugungi kunda imom-xatiblarning bilimlari, kasb-mahoratlarini oshirish va zamon talablariga munosib din peshvolari bo‘lib yetishishlarini ta'minlash yo‘lida amaliy ishlar bundan keyin ham davom etadi.
Haq taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam qilsin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 01/02/2020 15:58;   Ko‘rilganligi: 1101
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/bugunning-imomi-qanday-ekanidan-bexabarlarga
Chop etilgan vaqti: 18/05/2024 17:38
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing