O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Boylik gunohga yetaklamasin

 
 

Alloh taolo inson zotini aziz va mukarram qilib yaratdi. Unga behisob ne'matlarni ato etdi. Ne'matlar ichida eng oliysi bu hidoyat – to‘g‘ri yo‘ldir. Chunki to‘g‘ri yӯlda bo‘lgan insongina ikki dunyoni baxt-saodatiga erishadi.

Alloh taoloning O‘zi bu haqda Qur'oni karimda shunday marhamat etadi:

Shuningdek, sizlarga barcha so‘ragan narsalaringizdan ato etdi. Agar Allohning ne'mat(lar)ini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. Haqiqatan, inson (o‘ziga) o‘ta zolim va (Rabbiga) juda noshukrdir” (Ibrohim surasi, 34-oyat).

Demak, aksar insonlar bu ne'matlarning shukrina ado etolmas va shu yo‘l bilan o‘ziga zulm qilar ekan.

Ushbu maqolamizda ko‘pdan buyon noshukrlik, isrof va manmanlik o‘chog‘i bo‘lib kelayotgan, ma'rifat ahli qanchalik bunga qarshi kurashmasin ortga chekinmayotgan, aksincha yangidan yangi illatlarni o‘zida paydo qilayotgan ba'zi to‘y marosimlari haqida so‘z yuritmochimiz. To‘g‘ri, xalqimiz to‘y-hashamni, topgan-tutganini el bilan baham ko‘rishni yoqtiradi. To‘y uchun yillab yig‘inadi. Bu yaxshi an'ana. Ammo bu yig‘inni haddan oshish, kimo‘zarga aylantirish tobora avj olmoqda. To‘y kortejlari, son-sanoqsiz tog‘oralar, behisob oldi-berdilar, qiz tomonni kuyovning uyini xorij mebellari, asbob-anjomlari bilan to‘ldirib berishi va hokazolarni sanab o‘tish mumkin. To‘ylarda yana bir salbiy odat urchimoqda. Bu ham bo‘lsa, xonanda va ba'zi shaxslar ustidan pul sochish. Ayrimlar, buning nimasi yomon, o‘zini pulini sarflayapdiku?, deyishi mumkin. Xalqimiz mo‘min musulmonlariga bu odatning zararlarini yana bir bor eslatib o‘tishni lozim deb bilamiz.

Avvalo, bior kishiga ehson sifatida berilgan mablag‘ Allohning roziligi uchun, savob umidida bo‘lishi kerak. Shu yo‘lda berilgan ehson esa o‘ta maxfiy, riyosiz bo‘lishi uning qabul bo‘lishining asosidir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Alloh taoloning arshi soyasidan boshqa soya bo‘lmagan kunda yetti toifa kishilarni Alloh soyalantiradi. Shulardan biri o‘ng qo‘li bergan narsani chap qo‘liga bildirmasdan maxfiy sadaqa qilgan kishi”,– deganlarini eshitdim”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Imom Termiziy Abu Barza Aslamiydan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qiyomat kuni har bir inson (to‘rt narsa haqida) so‘ralmagunigacha joyidan jilmaydi: Umrini qanday o‘tkazgani, ilmiga qanday amal qilgani, molini qayerdan topgani va qayerlarga sarflagani, jismini nima bilan qaritgani" deganlar. Demak banda o‘z boyligini qayerga sarflagani haqida qiyomat kuni albatta so‘raladi. Agar molu davlat manmanlik, ko‘z ko‘z, faxrlanish yo‘lida sarflansa oxiratdagi javobi qattiq bo‘lar ekan.

Mol-dunyo odamlarni sinash uchun berilgan. U yomonlikka ham, yaxshilikka ham sababchi bo‘lishi mumkin. Boylikka erishgan kishi Allohning roziligiga muyassar bo‘lish uchun boylikni to‘g‘ri yo‘lda sarflashi zarur. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

Va bilingki, mollaringiz va farzandlaringiz fitnadan o‘zga narsa emas va albatta, Allohning huzurida ulug‘ ajr bordir(Anfol surasi, 28-oyat).

Mol-dunyo fitnasi shundan iboratki, Qur'oni karimda tasvirlanishicha, inson boyligi ortganda va o‘zida qudrat his qilganida haddidan oshib, bosar-tusarini bilmay qoladi, boy bo‘lishi bilan aql va adolat chegarasini unutadi va noma'qul ishlarni qilishga o‘tadi. Shuning uchun ham Qur'oni karimda Alloh insonning ojizligini, jumladan, mol-dunyo oldidagi zaifligini bot-bot eslatadi.

“Yo‘q! Inson, albatta, tug‘yonga ketur o‘zini juda boy ko‘rgani uchun” (Alaq surasi, 6–7-oyatlar).

Aziz yurtdoshlar, dinimiz ta'limoti, xalqimizning ezgu urf odat va an'analariga rioya etgan holda to‘y marosimlarida haddan oshmaylik. Shu sochib yuborilayotgan pullarni zaruriy o‘rinlarga, muhtoj kishilarga sarflansa katta ajr hosil bo‘ladi. Uning o‘rnini Alloh taolo yana ko‘paytirib to‘ldiradi. Alloh taolo bergan boylik ne'matini noto‘g‘ri sarflansa, uning kasri nafaqat bu ishni bajargan kishilar balki, butun jamiyatga yetishi mumkin. Bundan alloh taoloning O‘zi asrasin.

Alloh taolo barchalarimizni U zot ato etgan ne'matlarni tejab-tergab ishlatadigan, bunda isrofga yo‘l qo‘ymaydigan tejamkor bandalaridan qilsin, Parvardigor bergan ne'matlarning qadriga yetib, ularning shukrini qiluvchi jannatiy insonlardan aylasin!

 Yoqubjon domla Mansurov
Samarqand tumani "Xo‘ja Ahrori Valiy"masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 08/08/2023 14:04;   Ko‘rilganligi: 189
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/boylik-gunohga-etaklamasin
Chop etilgan vaqti: 03/05/2024 03:10
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing