O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Bilasizmi?

 
 

Masjidul-Harom (Makka) hududida birinchi o‘rnashgan odam ayol kishi bo‘lgan. U Hojar onamizdir!

Rosululloh sollallohu alayhi va sallamga birinchi bo‘lib iymon keltirgan ham ayol kishi edi. U Xadicha onamizdir!

Allohning yo‘lida birinchi bo‘lib ayol kishining qoni to‘kilgan. U Ammor ibn Yosirning onasi Sumayya roziyallohu anho edi.

Alloh subhanahu va ta'olo Qur'onda asosiy hukmlari ayollarga bag‘ishlangan va ularning nomi bilan atalgan "Niso" ("Ayollar") surasini nozil qildi. Bu sura uzunligi bo‘yicha Qur'onda uchinchi o‘rinda turadi.

Rosululloh sollallohu alayhi va sallam hijriy 10-yil, Zulhijja oyida bo‘lgan Vado xutbasida "Ayollarga yaxshi muomalada bo‘lishingizni vasiyat qilaman", deb alohida ta'kidlaganlar. Muslim (1218), Abu Dovud (1905), Ibn Mojja (3074), Dorimiy (1850).

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: "Kimning uchta qizi bo‘lib, ularning (tarbiyasidagi) mashaqqatiga, qiyinchilik va yengillik (vaqt)lariga sabr qilsa (ya'ni qizlarini soliha qilib tarbiyalab, voyaga yetkazsa), ularga qilgan mehribonligi tufayli Alloh uni jannatga kiritadi", dedilar. Shunda bir kishi: "Ikkita (qizi) bo‘lsa-chi, ey Rosululloh?"— deb so‘radi. Rosululloh "Yoki ikkita (qizi) bo‘lsa ham", dedilar. Boshqa bir kishi: "Bitta (qizi) bo‘lsa-chi, ey Rosululloh?" — degandi, Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: "Yoki bitta (qizi) bo‘lsa ham", deb javob berdilar". Ahmad (8220), Hokim (4/176). Sahih hadis.

Boshqa bir rivoyatda Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: "Kim uchta qizni (tarbiyalab) o‘stirsa, ularga (chiroyli) odob bersa, turmushga uzatsa, yaxshiliklar qilsa, unga jannat bo‘ladi', deganlar. Abu Dovud (4481). Sahih hadis.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadis: "Bir kishi Rosululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga kelib: "Odamlarning qaysi biri yaxshi muomalamga haqliroq?" — deb so‘radi. "Onang", dedilar. "So‘ngra kim?" "Onang", dedilar. "So‘ngra kim?" "Onang", dedilar. "Undan keyinchi?" — deb so‘ragandi, "Keyin otang", dedilar". Buxoriy (5626), Muslim (2548).

Qizlarga, opa-singillarga, onalarga, bir so‘z bilan aytganda ayollarga bundanda ulug‘ hurmat bormi?!

Aziza Rahmatova - Samarqand tuman bosh otinoyisi


Kiritilgan vaqti: 28/11/2022 09:31;   Ko‘rilganligi: 807
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/bilasizmi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:37
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing