O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

BID'ATNING IKKI KO‘RINISHI

 
 

Yaratganga shukronalar bo‘lsinki, jamiyat yildan-yilga taraqqiylashib, ilm-fanda yangidan yangi kashfiyotlar qilinmoqda. Insonlarga har tomonlama qulayliklar yaratilmoqda. Ajdodlarimizning boshqa tillarda, jumladan arab tilida yozilgan asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, yurtdoshlarimiz undan bahramand bo‘lmoqdalar. Yoshlarimiz o‘z salohiyatlarini dunyoga tanitib, aslida kim ekanligini namoyon qilishda davom etmoqda. Bularning barchasi quvonarli hol. Undan zavqlanmaslik mumkin emas.

Ammo har narsa me'yorida bo‘lgani yaxshi. Ko‘z qo‘yaman deb qosh chiqarish, turli bid'atlarni paydo qilish, shu orqali mo‘may daromad olishni ko‘zlash, turli safsatalarni o‘ylab topish, fitna chiqarish, odamlarga buni diniy yoki asliy urf deb tashviqot qilish yarashmaydigan hol, albatta.

Ibrohim ibn Maysara roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bid'atchini ulug‘lagan kishi islomning buzilishiga yordam beribdi», dedilar» (Imom Bay-haqiy rivoyati).

Haqiqatan ham, bid'at naqadar yomon illat. Uning yaqiniga ham yo‘lamaslik zarur. Turli bid'atlar tufayli ko‘plab xonadonlarda, kishilar orasida ziddiyatlar chiqib turgani hech kimga sir emas. Bid'atni haqiqatdan ustun qo‘yadiganlar, o‘z hayot nizomlarini bid'at asosida olib boradiganlar ham yo‘q emas.

Bugungi kunda ayrim kimsalarning ilmsizlik tufayli jamiyatdagi ba'zi yangilik va ixtirolarni bid'at deyishgacha borganlarining guvohi bo‘lmoqdamiz. Bu, albatta, achinarli hol. Ana o‘sha kimsalar mazhablar dinga hech bir aloqasi yo‘q, dinda tasodifan paydo bo‘lgan bid'at, deyishgacha borib yetdilar. Go‘yo mazhabboshilar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shariatlariga raqobatchilar bo‘lib, ishlari kishilar ongini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shariatlaridan burib, o‘z mazhablariga qaratish bo‘lgan emish. Bu kabi kimsalar aslida mazhab imomlari asrlar osha musulmonlarga Islom dinining ahkomlarini to‘g‘ri ko‘rsatib, Qur'on va hadisga amal qilish yo‘llarini yengillashtirib, o‘z fatvolari bilan o‘sha davrda yechimi topilmayotgan masalalarning yechimini topish, fikrlar chalkashligini yaxlitlash hamda firqalanish oldini olishda jonbozlik ko‘rsatishganini bilmaydilarmi?

Aslida bid'atning nimaligi va uning mohiyatini anglagan kishi bu kabi fikrlardan yiroqda bo‘lishi tabiiy.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim bizning bu ishimizda mumkin bo‘lmagan yangilik paydo qilsa, u rad etilgandir», dedilar».

Ushbu hadis ham quyidagi hadisga o‘xshab Islomning madori bo‘lgan hadislar qatoriga kiritilgan.

Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir. Albatta, har bir kishi niyat qilgan narsasi bo‘ladi. Bas, kimning hijrati Alloh va Uning Rasuli uchun bo‘lsa, uning hijrati Allohga va Uning Rasuliga bo‘ladi. Kimning hijrati dunyo uchun bo‘lsa, unga erishadi. Yoki ayol uchun bo‘lsa, uni nikohlab oladi. Bas, uning hijrati nima uchun qilgan bo‘lsa, o‘shanga bo‘ladi», dedilar».

Niyatlar turlicha bo‘lgani kabi, amallar ham turlicha bo‘lishi mumkin. Har qanday amalda yaratganning roziligi talab etilmas ekan, uni bajaruvchiga hech qanday savob yo‘q. Alloh va Payg‘ambarining amriga zid bo‘lgan har qanday ish shariatda ham, jamiyatda ham rad etilgan. Bu amalni bajargan kishi gunohkor bo‘ladi. Dinda Alloh va Rasuli ruxsat bermagan amallarni paydo qiluvchiga dinda hech qanday nasiba yo‘q.

Irboz ibn Soriya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Mendan keyin yashaganlar ko‘p ixtiloflarni ko‘radilar. Sizlar mening va mendan keyingi hidoyat topgan o‘rinbosarlarimning yo‘lini tutinglar. Unga mahkam yopishinglar. Amallarga yangilik kiritishdan saqlaning. Yangi kiritilgan narsa bid'at, bid'at esa zalolatdir», dedilar».

Hasanov Ahmad Samarqand shahar "Damariq" jome masjidi imom noibi manbalar asosida tayyorlandi


Kiritilgan vaqti: 15/02/2023 13:24;   Ko‘rilganligi: 298
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/bidatning-ikki-korinishi
Chop etilgan vaqti: 29/04/2024 03:01
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing