O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Bemorlik – ham ne'mat, ham...

 
 

Islom dinida kasalni ziyorat qilish eng ulug‘ savobli amallardan biri hisoblanadi. Barcha ezgu amallar kabi bu ishni ham astoydil, ixlos bilan ado etish lozim. Kishi bemor bo‘lganda savobli va xayrli ishlarni qila olmay qolsa, bemor paytida ham shu ishlarining savobi yozilaveradi. Muborak dinimizda bemorning har bir holati ibodat qilgan qatorida sanaladi. Kasallik tufayli musulmon kishi ulkan ajru savobni qo‘lga kiritadi, gunohlari kechiriladi. Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: "Musulmonga qiyinchilik, kasallik, tashvish, xafalik, aziyat va g‘am-g‘ussa yetadigan bo‘lsa, hattoki tikon kirsa ham, Alloh taolo o‘shalar bilan uning gunohlarini ketkazadi" (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Ummul A'lo raziyallohu anho aytadilar: “Men kasal bo‘lganimda, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam meni ko‘rgani keldilar-da: "Ey, Ummul A'lo! Xursand bo‘ling! Musulmon kishi kasal bo‘lsa, olov kumushning kirini ketkazgani kabi, Alloh taolo uning gunohlarini ketkazadi", – dedilar (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Alloh taolo har kimga ham dard beravermac ekan, balki dardni O‘zining suygan bandasiga uning amal daftariga yaxshiroq amal yozilishi uchun, uning gunohlarini kechirib, darajasini ko‘tarish uchun berar ekan.

Shu bilan birga, bemorni ziyorat qilishning fazli ham ulug‘. Bemorni ko‘rgani, hol-ahvolini so‘ragani borgan kishi ham ulkan ajru savobni qo‘lga kiritadi. Qolaversa, yaqinlarimiz yoki qavmu qarindoshlarimizdan bemor bo‘lib qolganlarini darhol ko‘rgani borish biz mo‘min-musulmonlarning bir-birimizdagi haq-huquqlarimizdan biridir.

Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: "Musulmonning musulmondagi haqqi beshtadir. Salomga alik olish, kasalni borib ko‘rish, janozaga ergashish, taklif etsa, borish va aksa urganga yaxshilik tilashdir" (Imom Muslim rivoyatlari).

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam marhamat qildilar:

«Bir odam bemor kishini faqat Alloh taolo roziligi uchun ko‘rishga borsa, Alloh taolo u haqda bunday deydi: "Juda yaxshi qilding! Borishing ham chiroyli bo‘ldi. Jannatda o‘zingga bir manzil tayyorlading" (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Shu bois bemor odamni ziyorat qilgani borganda, undan duo so‘rashni ham unutmaslik kerak. Zero Allohning bergan dardiga sabr qilib yotgan bemorning duosi albatta ijobat bo‘ladi. Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: "Agar hasta-bemor kimsani oldiga borsangiz, sizni haqqingizga duoi xayr qilishini so‘rang, chunki uning duosi farishtalarni duosi kabi ijobat bo‘ladi", – dedilar.

Demak, biror-bir orzu-niyatimiz bo‘lsa, tilak-duoimiz ijobat bo‘lishini xohlasak, ulkan savob istasak, bemor qo‘shnimiz, qarindoshimiz, yaqinimizni yo‘qlashimiz kerak ekan. Shunda nafaqat ajrga ega bo‘lamiz, balki undan duo olib, xojatimiz ravo bo‘ladi.

Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: "Musulmon kishi qachon kasal do‘stini ziyoratiga borsa, to u qaytib kelgunicha jannat bog‘lari ichra sayr qilib yurgan bo‘ladi", – deb marhamat qildilar (Imom Muslim rivoyatlari).

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar. Hazrati Payg‘ambar alayhissalom kasallarni borib ko‘rardilar va: “Yo Alloh, insonlarning Parvardigori! Kasallikni ketkazgin, shifo bergin! O‘zing  shifo beruvchisan! O‘zingning shifoingdan o‘zga shifo yo‘q! Kasalni tashlab qo‘ymaydigan shifo berishni so‘rayman!” desa, Alloh uning bu kasalligiga shifo beradi, – dedilar» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Uzoq umr ko‘rishi va sog‘ayib ketishini aytib, bemorni xushnud etish tavsiya etilgan amallardandir. Abu Said Xudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar, Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Agar kasalning oldiga kirsangizlar, unga umri haqida tasalli beringlar. Chunki u biron narsani qaytarmaydi va kasalni xushnud etadi”, – dedilar (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Ma'lumki, xasta odam, ayniqsa, ancha muddat yotgan bo‘lsa, injiqtabiat, ko‘ngli juda nozik bo‘lib qoladi. Bunday holga tushgan kishi muloyimlik va shirin so‘zga ehtiyojmand bo‘lib qolishi tabiiy. Inchunin, bemor ziyoratiga borgan kishi mazkur holatlarni albatta inobatga olib shirin so‘zlarni aytishi kerak.

Mabodo borishga vaqtimiz kamlik qilsa yoki masofa uzoqlik qilsa, bemor qarindoshimiz, yaqinimiz yo do‘stimizdan telefon orqali ham hol-ahvol so‘rashimiz, dardmand birodarimizning o‘zi yoki yonidagi kishilar orqali dori-darmon yo zarur oziq-ovqat uchun elektron shaklda pul o‘tkazib, duosini olishimiz ham nihoyatda ulug‘ va beqiyos chiroyli savobli ishlardan hisoblanadi.

Alloh taolo barchalarimizni xayrli ishlarga haris qilsin, bemorlarimizga komil shifo bersin, bir-birimizga mehr-oqibatli bo‘lishimizni nasib etsin!

Uyda yotgan, shifoxonada yotgan barcha-barcha bemorlarimizga Mehribon Parvardigorimiz O‘zi shifosini bersin! Tez kunlarda yaxshi bo‘lib, oilalari bilan doimo sog‘-omon bo‘lishsin!

 Ibrohimjon INOMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari.


Kiritilgan vaqti: 04/02/2022 18:47;   Ko‘rilganligi: 1748
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/bemorlik-ham-nemat-ham
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 05:05
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing