O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Belingda belbog‘ing bormi, Bek?..

 
 

Xalqimizning juda ko‘p ibratli udum va odatlari bor. Shulardan biri belbog‘ bilan bog‘liq qadriyat. Xalqimiz o‘g‘il farzandining beliga hali bola yoshidan belbog‘ bog‘laydi. El orasida “erkak kishining belida belbog‘i bo‘lsin”, degan gap ham yuradi. Bu esa erkak bu hayotda el-yurt koriga kamarbasta, oila ravnaqi, farzandlar tarbiyasi uchun mas'ul ekanining ifodasi. U Olloh tomonidan yerda xalifa etib tayinlangan zot va unga el-yurt ravnaqi, oila faravonligini ta'minlash, farzandlar tarbiyasiga sobit turish vazifasi yuklangan. Beliga belbog‘ bog‘lashi shundan.

Polvonlar belini bog‘lab kurash maydoniga tushganiga hammamiz guvohmiz. Demakki, belbog‘da bir hikmat, ma'no va mohiyat mavjud. U insonning tanasidagi kuch, g‘ayrat va shijoatni muayyan bir maqsadga yo‘naltirishga xizmat qiladi. Uning urfimizga kirib kelishida tabiatdan olingan andoza alohida o‘rin tutgan desam, mubolag‘a bo‘lmas. Fikr qiling, odam bolasi soy va daryolarning beliga band tashlab, sahrolarga suv olib chiqdi: qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan cho‘llarga obihayot ulashdi. Yoki oddiy bir qamishni olib ko‘ring: belini bog‘lab undan bo‘yro to‘qidilar, to‘shama bo‘lib ko‘pning koriga yaray boshladi.

“Bel bog‘lash” so‘z birikmasining tilimizda qo‘llanishiga ham e'tibor qarataylik. U qaror, ahd, azm, jazm qilish, lafzida turish singari ma'nolarni ifodalaydi. Bu esa mana shu so‘zning tarkibida burch va ont ma'nolari ham mavjud ekanini bildiradi.

Yangilanayotgan O‘zbekiston siyosati bugun barchamizdan xalq orasiga kirib, uning dardu tashvishlaridan xabardor bo‘lish vazifasini qo‘yayapti. Rahbarlar joylarda bo‘lib, oddiy odamlarning muammolariga quloq tutyapti. Ko‘p masalalar yechimini topyapti, ammo shunday dardu hasratlar borki, ularni eshitib og‘ir o‘yga tolasan kishi.

Kuni kecha bir mushtipar ayol va uning bolalari bilan muloqotda bo‘ldik. Besh nafar bolasi bilan o‘n besh yildirki xorijga ketgan erini kutib yasharkan. Shu yillar mobaynida u hayotning zalvorli yukini ojizgina yelkasiga olishga majbur bo‘lganidan, yuzlarini ajin bosib, kafti qadoqqa aylanibdi. Besh bolaning og‘zi bor: yeyman, deydi. Orzu-havasi bor, tengdoshlari qatori kiyinishni istaydi. Maktabi, maqsadi, qolaversa issiq jonning isitmasi – barisining xarajati bor. Shu paytgacha u ana shu zalvorni zimmasida tutib kelayotgan ekan. Bolalari katta bo‘lib, tashvishi ham tosh bosa boshlagani sabab yordam so‘rab kelbdi. Hokimiyatga, tegishli mutasaddi tashkilot vakillariga va saxovapesha insonlarga rahmat, yordam berishdi. Ammo.

Ha, xuddi yuzidagi ajinlar kabi, qalbida qat-qat bo‘lib yotgan armonlari-chi, aridimi?.. Kamina ana shu haqda so‘zlashga qaror qildim.

Alloh taolo Qur'oni karimning “Niso” surasi 34-oyatida: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab, Alloh erkaklarni ayrim jihatlarda ayollardan ortiq qilgani, erkaklar o‘z oilasiga o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishga burchli ekanliklaridandir” deb marhamat qiladi.

Ming afsuski ayrim eraklarimiz ana shu burchlarini unutib qo‘ymoqdalar. Xotin, bola-chaqasini taqdirning izmiga tashlab, o‘zlarining tinchini ko‘zlab, xorijga yo‘l olayotganlar ham uchrab turibdi. Rasululloh sallollohu alayhi vassallam hadislarining birida: “Kishi o‘z qaramog‘idagilarini nafaqasiz tashlab qo‘yishi uning qattiq gunohkorligiga kifoya qiladi”, deb marhamat qilganlar.

Oilamni orasta, ro‘zg‘orimni but, bolalarimni birovdan kam qilmayman, deb belni mahkam bog‘lab xorijga ketgan Bek! Siz-chi, ortga qaytishingiz uchun nima xalaqit qilyapti? Suvga tushgan toshdek, tubanlikning tubiga tushib ketganingizga izohingiz bormi?

Xotiningiz, andishali ayol ekan. Muloqot chog‘i sizni biror marta sensirab tilga olmadi. “Begim”, dedi, tilidan bol tomib, garchi botqoqlarga bulg‘ab ketgan bo‘lsangiz ham. Ko‘z yoshlarini ko‘rsatmaslikka harakat qildi. Ammo, yosh degancha bor-da, bir tomchisi baribir yoshlik qilib pastga dumaladi...

Bir sho‘rlikka shu qadar jabr...

Bolalaringizda nima gunohki, ularni tirik yetim qilib qo‘yibsiz, Bek! Mabodo, buzg‘unchi g‘oyalar ta'siriga tushib, g‘arazli kishilarning etagini tutib janggohlarga uloqqan bo‘lsangiz yana ham tezroq bu yo‘ldan qayting, deyman!

Mo‘jazgina oilasiga bir mirilik nafi tegmagan tekinxo‘rdan, dunyo qanday manfaat topishi mumkin?! Agar islomning ravnaqi uchun o‘z o‘rningizni o‘sha yoqdan axtargan bo‘lsangiz, adashibsiz: na islom va na asl musulmon qavmi buning kabi jonbozliklarga muhtoj emas. Aksincha, dinim degan odam uning avvalo ahkomlarini, o‘zi uchun farz bo‘lgan amallarini ado etadi. Ularning mag‘zini yuqorida oyat va hadislar misolida aytib o‘tdik. Donoga bir ishora kifoya, anglagan bo‘lsangiz ayni muddao.

Agar, belingizda hali ham belbog‘ingiz bo‘lsa albatta...

Zayniddin Eshonqulov,

Samarqand viloyati bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 20/09/2021 20:09;   Ko‘rilganligi: 536
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/belingda-belboging-bormi-bek
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 17:24
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing