BEKORCHILIKNING ZARARLARI
Insonning nafas olib nafas chiqarishiga e'tibor bersa, vaqtning o‘tib borayotganini sezadi. Demak, insonning umri qisqa vaqtlardan tashkil topgan ekan. Vaqtning har bir soniyasi g‘animat! Qiyomatda so‘raladigan eng avvalgi narsalardan biri ham vaqtdir. Shuning uchun keksalarimiz “...vaqting ketdi-baxting ketdi”, deb bejiz aytishmagan. Ulug‘larimiz ham: “Ey odam farzandi, sen vaqtlardan iboratsan, agar bir kuning bekor o‘tsa, sening bir qisming ketibdi”, degan. Dangasaning omadi chopmasligi, uning erinchoqligidadir. Ba'zan sa'y-harakatni to‘g‘ri taqsimlash qanchadan-qancha insonlar hayotini baxtu-omadga to‘ldiradi. Aksincha, ayrim kishilarning g‘ayratining so‘nishi, uni tanballikka eltadi. Bekorchilik ko‘paygani sayin dangasalik kuchayadi. Inson doim harakatda bo‘lsa, dangasalikdan asar ham qolmaydi.
Mas'uliyat, jiddiyat, jur'at, harakat bir-biriga bog‘liq. Ulardan biri insonda topilsa, boshqa uchtasi ham topiladi. Barcha ulug‘ zotlar o‘z vazifalariga o‘ta jiddiy va katta mas'uliyat bilan yondoshishgan, butun diqqatlarini shu ishlariga qaratishgan. Yer yuzini obod qilish odam farzandining azaliy burchidir.
Dunyo hayotida yaxshi yashash uchun muomala, halol mehnat, tirikchilik, bilan umr o‘tkazish kerak. Albatta, shunday go‘zal amallar Alloh taoloning roziligini topishga sabab bo‘ladi. Jumladan, Qur'oni karimda : «Bas qachonki, namoz ado qilingach, yerda tarqalib, Allohning fazli (rizqi) dan istayveringiz. Allohni ko‘p yod etingiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz» (Juma, 10), deb ta'kidlangan. Mehnat qilish, kasb-hunar o‘rganish haqida Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: « Alloh taolo hunarmand bandani yaxshi ko‘radi». Hunur, kasb-kor esa insonni kamolot sari yetaklaydi.
Bugun yoshlarning aksariyati bekorchilik oqibatida xulqi buzilib, vaqtini isrof qilmoqda. Bejizga: «Bekorchidan Xudo bezor» deyilmagan. Ko‘p hollarda yoshlar internetdan ko‘ngilochar vosita sifatida foydalanib, ertayu kech g‘animat vaqtini besamar, behuda sarf qilmoqda. Afsuski, turli ijtimoiy tarmoqlar buzg‘unchilik, hayosizlik, loqaydlikka targ‘ib qiladi. U yoshlar tafakkurini zaiflashtirib, ongini buzuq g‘oyalar bilan zaharlaydi.Telefon xotirasidagi turli videolavhalar, internet orqali namoyish etilayotgan har xil ma'lumotlar yoshlarni manqurtlikka yetaklayapti. Bunday holatlar yigit-qizlarni oxir-oqibat sharmandalikka, og‘ir gunoh sodir etishiga sabab bo‘lyapti. Axir umr, vaqt, yoshlik, sog‘lik g‘animat emasmi?
Bekorchi odam orzu-umidlarining hayolida yashaydi. Bunday kishilar hech qachon hayotda o‘z istagiga erisha olmagan. Shunday ekan bu illatning davosi inson qalbini poklashi bilan bo‘ladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ogoh bo‘linglar! Albatta, jasadda bir parcha go‘sht bordir. Qachon u solih bo‘lsa, jasadning hammasi solih bo‘lur. Qachon u buzuq bo‘lsa, jasadning hammasi buzuq bo‘lur. Ogoh bo‘linglar! O‘sha narsa qalbdir”, dedilar”. Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rivoyat qilganlar.
Demak, inson bekorchilikdan saqlanishi uchun butun a'zolarini sog‘lom bo‘lishiga sababchi bo‘lgan qalbini sog‘lom qilishi juda ham muhim ekan. Shu bois ham hazrat Umar (roziyallohu anhu): «Nafsingni foydali narsalar bilan mashg‘ul qil, aks holda uni zararli narsalar egallab oladi», deb ogohlantirganlar.
Payg‘ambar (alayhissalom) shunday deganlar: «Kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va Allohga mahbubroqdir, lekin har ikkisida ham yaxshilik bor. Senga foydali bo‘lgan ishlarga haris bo‘lgin va (ishingda) Allohdan yordam so‘ragin, lekin hargiz ojizlanmagin!» (Imom Muslim, imom Ahmad va Ibn Moja). Ushbu hadisda Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) mo‘minlarni foyda va manfaat keltiradigan ishlarda Allohdan madad so‘ragan holda faol, g‘ayratli va peshqadam bo‘lishga targ‘ib qilganlar, ojizlanish va bekorchilikdan qaytarganlar.
Koronavirus pandemiyasi sharoitida karantin rejimida uyda o‘tirgan yoshlarimizning ko‘p vaqtlarini telefon titkilab bekorchilikda o‘tkazishlariga yo‘l qo‘ymay foydali ishlarga yo‘naltirishimiz, ayni muddao bo‘lar edi.
N. Temirova - O‘MI viloyat vakilining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi
Kiritilgan vaqti: 11/06/2020 11:44; Ko‘rilganligi: 2645
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 05:04