O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

BAS, ANA SHU ILA XURSAND BO‘LSINLAR!

 
 

Habib payg‘ambarini olamlarga rahmat qilib yuborgan Alloh taologa hamdu sano bo‘lsin!

O‘z ummatiga dunyo va oxiratda mushfiq va mehribon bo‘lgan janob Rasulimizga salotu salomlarimiz bo‘lsin!

Rasululloh alayhis salomning tug‘ilgan oylari va yaqinlashib kelayatgan tavallud ayyomlari barchaga muborak bo‘lsin.

Deyarli har yil Rabiy'ul avval oyi kirishi bilan mavlid haqidagi har xil gap-so‘zlarga duch kelamiz. Birov mavlidni joiz desa, ba'zilar buni g‘ayri mashru' ekaniga urg‘u berishadi. Keyingi fikrni maxkam ushlaganlar hatto o‘z musulmon birodarlarini dindan chiqarishgacha borishadi. Hozirda salaflarga "ergashishni da'vo" qilayatganlar Rasululloh alayhis salomning mavlidlarini eslab xursandchilik izhor qilishni bu bid'at, buni  sahobalar va tobe'inlar qilishmagan, agar qilish mumkin bo‘lganida ana o‘shalar qilishar edi, deyishadi va bu borada ko‘p bahs-munozara qilishadi.

Xo‘p, sahobalar va tobe'inlar qilishmagan bo‘lsalar bu mamnu'likga dalolat qiladimi? Unda buning hukmi nima bo‘ladi? Ummat e'tirof etgan ulamolar bu borada nima deganlar?

Keling, islom tarixidagi zabardast ulamolarning gaplariga murojaat qilaylik!

  1. Ibn Taymiya rahimahulloh aytadi:

"Odamlardan  ba'zilari qiladigan mavlidni ulug‘lash va uni bayram qilish, unda maqsadning go‘zalligi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni ulug‘lash tufayli ULUG‘ ajr bordir" (Ibn Taymiya rahimahullohning" Iqtizou sirotil mustaqim fi muxolafati as'habil jahim" kitobidan 1/297

  1. Imom Navaviyning shayxi imom Abu Shoma aytadi:

"Har yili Nabiy alayhis salomning tug‘ilgan kunlariga muvofiq kunda qilinadigan sadaqotlar, yaxshiliklar va ziynat va xursandchilik izhor qilish zamonamizdagi go‘zal yangiliklardandir. Chunki, unda faqirlarga yaxshiliklar qilish bilan U zotning muhabbatlarini his qildirish bor. Uni qilgan kishida Rasululloh alayhis salomni ulug‘lash va olamlarga rahmat qilib yuborgan Nabiysi uchun Allohga shukronalik bor" (Ali ibn Burhoniddin Halabiyning "As-siyratul Halabiyya" kitobidan 84-1/83)

3.Ibn Hajar Asqaloniy aytadi:

"Mavlid amalining asli yangilik (bid'at )dir. Avvalgi uch asrdagi solih salaflardan biror kishidan naql qilinmagan. Shu bilan birga unda bir qancha fazilat ham, uning aksi ham bor. Kim unda go‘zal ishlarga kirishsa va fazilatli ishlarning ziddidan chetlansa, bid'ati hasana ( go‘zal bid'at) bo‘ladi. Aksincha, bunday bo‘lmaydi.

Menga buni o‘rganish jarayonida sahihaynda kelgan ishonchli asldan namoyon bo‘ldi-ki, Nabiy alayhis salom Madinaga kelganlarida yahudiylarning ashuro kunida ro‘za tutayatganlarini ko‘rdilar. Va bu haqida ulardan so‘raganlarida, ular: "Bu kun, Alloh Fir'avnni g‘arq qilib Musoga najot bergan kundir. Buning shukronasiga biz ro‘za tutamiz" deyishdi.

Bundan, ne'mat berilgan va balo daf qilingan muayyan bir kunda Allohga shukronalik qilish va unga mos keladigan kunda har yil qaytarsa joiz ekani istifoda qilinadi. Shukr sajda, sadaqa, tilovat kabi anvoi ibodatlar bilan bo‘ladi. Rahmat payg‘ambari payg‘ambarimiz alayhis salom ning shu kunda dunyoga kelganlaridan ko‘ra buyukroq ne'mat bormi?

Shunga ko‘ra, bu borada shukr tushunchasi tilovat, taom berish va qalbni yaxshi ishlarga va oxirat  amallariga harakatga keltiradigan Payg‘ambarimiz alayhis salomning madhiyalarini aytish kabi narsalarga cheklash lozim bo‘ladi. Ammo bunga lahv ishlar qo‘shilsa muboh bo‘lmaydi. Nima narsa harom yoki makruh bo‘lsa, bas, man qilinadi. Shuningdek, avvalgi gaplarga xilof bo‘lgani ham." ( Al- fataval Kubro 1/196)

  1. Ibn Obidiyn rahmatullohi alayhi Ibn Hajar rahimahulloh- ning mavlidiga qilgan sharhida aytadi:

"Nabiy alayhis salom tug‘ilgan oyda qilinadigan mavlid amali maqtalgan bid'atlardandir." Va yana aytadi: "Mo‘jizalarni va ko‘plab salovotlarni o‘zi ichiga olgani bois mo‘jizalar sohibi (U zotga salovotlarning afzali vasalomlarning mukammali bo‘lsin)ning qissalarini eshitish uchun jam' bo‘lish, Allohga yaqin bo‘ladigan ulug‘ ishlardandir".

Bu ro‘yxatni ancha uzaytirishimiz mumkin. Ro‘yxatning boshida Ibn Taymiya rahimahullohning kitoblaridan iqtibos keltirildi. Chunki, mavlid kunida Nabiy alayhis salomni jamlanib eslashga qarshi fikr bildirayotgan lar Ibn Taymiyani o‘zlarining imomlari deb bilishadi. Ammo Ibn Taymiya bunda ulug‘ ajr bor deyaptilar.

Lekin, gapning qisqasi shuki, kim bo‘lsada bu gaplarni insof bilan o‘ylab ko‘rsin! O‘zining va ustozlarining ilmiy saviyasini bu zotlarniki bilan solishtirib ko‘rsin!

Insof qilmasa, yuqoridagi azizlarimizni kim ekanlarini tanimasa, unga aytadigan boshqa gapimiz qolmaydi.

Ammo biz, ushbu allomalarning so‘zlariga tayanib, manmanlikga berilmasdan, xo‘jako‘rsinlik qilmasdan mavlid sururini  izhor qilaveramiz. Chunki, Nabiyimiz alayhis salom bundan Alloh taolo farishtalar oldida faxrlanishini aytganlar.

Imom Nasaiy, imom Ahmad, imom Bayhaqiy va imom Tabaroniylar rivoyat qilgan hadis sharifda Muoviya roziyollohu anxu aytadilar: "Bir kuni Rasululloh sallollohu alayhi va sallam sahobalar jamlanib o‘tirgan bir majlisga borib qoldilar. Ulardan so‘radilar: - Bu yerda nega o‘tiribsizlar? Ular javob berishdi: - Biz Allohga duo qilib, bizni O‘z diniga hidoyat qilgani, sizni bizga ne'mat qilib bergani uchun Unga hamd aytib o‘tiribmiz. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam so‘radilar: - Faqatgina shuning uchun o‘tirganingizga Alloh nomi bilan qasam ichasizmi? Sahobalar deyishdi: - Allohga qasamki, faqatgina shuning uchun o‘tiribmiz! Rasululloh sallollohu alayhi va sallam dedilar: - Men sizlarni ayblab qasamga tortganim yo‘q. Jabroil alayhis salom kelib menga Alloh azza va jalla farishtalariga sizlar bilan faxrlanishini aytdi". Robbimiz biz bilan faxrlansa bu amalni nega qilmaylik? Nega Robbimiz rahmat qilib yuborgan zot ila xursand bo‘lmaylik? Zero, Robbimiz O‘zingiz kalomida: "Sen:" Allohning fazli ila va Uning rahmati ila. Bas, ana shu bilan xursand bo‘lsinlar. U ular jamlaydigan narsadan yaxshidir" deb ayt"- degan.

Allohning O‘z bandalariga fazlu marhamati bo‘lgan Kalomini Robbidan qabul qilib, o‘z ummatlariga yetkazib ularning xursandchiligiga sabab bo‘lgan janob Rasulimiz bilan qanchalar farah tuysak ozdir.

Robbimiz U zotga bo‘lgan muhabbatimizni ziyoda qilsin!

O‘zi barchamizni to‘g‘ri yo‘lga boshlasin!

Nabiyimizga salotu salomlarimiz bo‘lsin!

Aminjon domla Qaroyev Urgut tumni “Urgut markaziy jome' masjidi imom-noibi


Kiritilgan vaqti: 19/10/2021 17:57;   Ko‘rilganligi: 556
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/bas-ana-shu-ila-xursand-bolsinlar
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 14:07
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing