O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

 BAHSLASHISH KELISHMOVCHILIKKA SABAB BO‘LADI

 
 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib shunday deydilar: “Agar birovni sajda qilishga amr qiluvchi bo‘lsam, Alloh ularga (erlarga)  ular (xotinlar) ustidan bergan haqning sababidan ayollarni erlariga sajda qilishlarini amr qilgan bo‘lar edim”.

Garchi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o‘zlari bu borada alohida ta'kidlab o‘tmagan bo‘lsalar ham, Allohning bu amriga barcha musulmonlar itoat qilmoqlari kerak. Musulmonlar huddi boshqa ishlar kabi, oila masalasida ham ko‘ngliga kelgan narsani oilaviy hayoti uchun ko‘rsatma deb bilmasliklari kerak. Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning go‘zal hayotlarini o‘rganar ekanmiz, ul zot sollallohu alayhi va sallam butun umr muhtarama zavjalari bilan tortishib, janjallashmaganlar. Har bir masalani muloyimlik, xushmuomalalik bilan hal qilganlar. Vaholanki, ul zot sollallohu alayhi va sallamning zavjalari ham inson edi, bizinsonlar singari ularning ham o‘ziga yarasha xohish-istaklari bor edi. Hatto ularning ba'zi tilaklari hech qachon amalga oshmagan. Mana shu holatni sabab qilib, hazrat onalarimiz ham jahl qilishlari, gap talashishlari mumkin edi. Lekin har qancha mashaqqat bo‘lmasin, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan hech zavjalari tortishib, ul zot sollallohu alayhi va sallamning dillarigaozor bermaganlar. Chunki ikki kishini hadeb tortishishi, bir-birini kamsitishi, mana shu kelishmovchilik sabab ular huzur-halovatini, baxtini yo‘qotib qo‘yishi shaytonning ishi sanaladi. Janjallashish,bahslashish, tortishish insonning asabini buzadi, to‘g‘ri fikrlashigaxalaqit beradi. Har bir masalaga boshqacha yondasha boshlaydi. Oilaviy hayotda tinchlik, osoyishtalikning buzilishiga, er va xotin bir-birini xafa qilishiga, hatto o‘rtalaridan sevgi va hurmatning yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam va ul zot sollallohu alayhi va sallamning muhtarama ayollari butun musulmonlarga go‘zal ibrat bo‘ladigan chiroyli hayotni yashaganlar.

Bu hayotda er va xotin o‘rtasida talashadigan hech vaqomavjud emas. Janjal, tortishish, bahslashish bilan hech narsaga erishib, yoki muammolarga yechim topib bo‘lmaydi. Bu oddiy haqiqatni tushunmagan ayol faqat o‘ziga zulm qilgan bo‘ladi. Har bir inson  hayotda baxtli, tinch-totuv yashashni xohlaydi. Lekin baxt degan ne'mat arzon turmaydi, unga qanoat, shukr va solih ishlar orqali erishiladi. Inson go‘zal xulqi bilan suyukli bo‘ladi.Aqlli ayol har qanday chigal vaziyatdan turmush o‘rtog‘i bilan ortiqcha tortishmay, qanday chiqib ketishni yaxshi biladi.

Barcha ayol-qizlarimizga nodon go‘zallardan emas, balki latofatli zukkolardan bo‘lish nasib etsin.

 N. Temirova – viloyat bosh imom xatibi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi.


Kiritilgan vaqti: 25/02/2023 09:18;   Ko‘rilganligi: 727
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/bahslashish-kelishmovchilikka-sabab-boladi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:36
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing