O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Aziz ayollar, o‘zingiz qo‘lingizdagi telefoningiz orqali oilangizni barbod bo‘lishiga, uyingizni vayron bo‘lishiga sababchi bo‘lmang!

 
 

Bugun ba'zi ayollar uylaridagi oila sirlarini ko‘chaga olib chiqyaptilar. Nomahram erkaklar bilan ijtimoiy tarmoqlarda yozishib, eri, oilasi haqida shikoyat qilyaptilar.

Aziz ayollar, ijtimoiy tarmoqlarni shaxsiy sirlaringizni e'lon qiladigan maydonga aylantirib olmang. Baxt-saodat ichra yashayotgan bo‘lsangiz buni hammaga e'lon qilishingiz shart emas. Qancha-qancha ne'matlarga erishgan insonlar borki, odamlarga aytavergach, Allohning izni bilan o‘sha odamlardan ba'zisining ko‘zi tegib, ne'matdan mahrum bo‘lgan. Yo‘qotilgan qancha ne'matlar bor, boshga tushgan qancha azoblar bor, fosh bo‘lgan qancha sirlar bor, yuz bergan musibatlar bor, bularning ko‘piga, Allohning izni bilan ijtimoiy tarmoqda e'lon qilish, maqtanish kabilar sabab bo‘lgan.

Ayol kishi ijtimoiy tarmoqga post qo‘yganda, ba'zida birorta ayolning yoki o‘zining rasmini birga joylaydi. Gohida ayol eri uni qadrlamayotganiga ishora qiluvchi post qo‘yadi. Shunday postlarga yozilgan izohlar orasida ayrimlar tomonidan go‘yo «yupatish uchun» «eringiz sizdek ayolning qadriga yetmabdi», «go‘zalsiz», «oysiz», «noziksiz» kabi ayolning tuyg‘ulariga ta'sir qiluvchi o‘ldim-kuydim turkumidagi izohlar ham qoldiriladi. Ayol bunday izohlarni o‘qiganda, oilamni boqaman deb ertadan kechgacha mehnat qilib, charchab, to‘shakda yotgan o‘zining eriga qaraydi.

Ba'zi ayollar eri bilan yashayotgan voqelikdagi, shirin so‘zlar eshitmaydigan hayotini o‘shanday «ko‘z qisish» qabilidagi izohlar bilan solishtiradi. Bu solishtirish oqibatida ayol eriga gap qaytaradigan, aytganini qilmaydigan bo‘lib qolishi mumkin. Bunday holat, oilalarning totuvligiga putur yetkazishi ehtimoli bor.

Opa-singillar! Postingizga yoziladigan qochirim, zimdan gap sotish bo‘lgan, o‘ldim-kuydim, maqtov, tilyog‘lamalik mazmunidagi izohlarga aldanmang! Virtual olamdagi sevgi izhorlariyu maqtovlar sizning nafsingizni yo‘ldan urishiga va oilangizning totuvligiga rahna solishiga yo‘l qo‘ymang! Eringizga xiyonat qilib qo‘yishdan Alloh taolodan panoh so‘rang, farzandlaringiz borasida Alloh taolodan qo‘rqing!

Aziz ayollar, o‘zingiz qo‘lingizdagi telefoningiz orqali oilangizni barbod bo‘lishiga, uyingizning vayron bo‘lishiga sababchi bo‘lmang!

Kim turmush o‘rtog‘ini sevmoqchi bo‘lsa, uyida muhabbat qo‘yaversin.

Kim turmush o‘rtog‘iga tashakkur aytmoqchi bo‘lsa, o‘z uyida aytsin.

Kim turmush o‘rtog‘inini maqtab g‘azal bitmoqchi bo‘lsa, uyida bitsin.

Kim turmush o‘rtog‘iga taom pishirib bermoqchi bo‘lsa, uyida pishirib bersin.

Kim turmush o‘rtog‘iga itoat qilmoqchi bo‘lsa, indamay itoat qilaversin.

Facebook, telegram, instagram, youtube kabi ijtimoiy sahifalar omma foydalanadigan maydon, shaxsiy ma'lumotlarni ulashadigan joy emas.

Alloh taolo barchamizni zinoga olib boradigan yo‘ldan saqlasin, shaxsiy sirlarimizni fosh qilishimizdan panoh bersin!

N.Temirova - Samarqand viloyat bosh otinoyisi manbalar asosida


Kiritilgan vaqti: 15/06/2022 11:43;   Ko‘rilganligi: 1114
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/aziz-ayollar-ozingiz-qolingizdagi-telefoningiz-orqali-oilangizni-barbod-bolishiga-uyingizni-vayron-bolishiga-sababchi-bolmang
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 02:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing