O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Azhari sharif universitetining Qur'on, qiroatlar va Qur'on ilmlari ustozi Abdulloh Husayn Sha'lon do‘stimizning Hazrat rahimahulloh haqlarida yozgan arab tilidagi quyidagi maqolasi tarjimasini taqdim etamiz:

 
 

Islom ummatining sodiq o‘g‘loni Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin. Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin. Azhari sharif universitetining Qur'on, qiroatlar va Qur'on ilmlari ustozi Abdulloh Husayn Sha'lonning Hazrat rahimahulloh haqlarida yozgan arab tilidagi quyidagi maqolasi tarjimasini taqdim etamiz:

"Haqiqatda, buyuk insonlarning hayot yo‘lariga nazar solib tafakkur qilish insonning himmatini oshirib yuboradi va ularning maqomiga yetishish uchun tezroq urinishga undaydi. Shunday buyuklardan birlari, hayot yo‘llari, faoliyatlarini o‘rganishga musharraf bo‘lganim buyuk darg‘a, ilm bilan amalni jamlagan, ilmu hikmatda jo‘shqin dengiz, ummatni isloh qiluvchi olim, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasining sobiq muftiysi, mustaqil O‘zbekistonning birinchi muftiysi, butun dunyo ulamolar kengashi uyushmasi a'zosi kabi ko‘plab xalqaro ilmiy muassasalar, diniy tashkilotlarning a'zosi shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh bo‘ladilar. Men shayx rahimahullohning buyuk xizmatlar va ilmiy izlanishlarga to‘la sermahsul hayot yo‘llarini o‘rganish orqali shunday xulosaga keldimki, u zot o‘z ismiga munosib bo‘lgan ekanlar. U zotning hayot yo‘llarida ham, so‘zlarida ham sodiq rostgo‘yliklarini, Allohning dini va Uning Nabiysi sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishda ham sodiqliklarini bildim. Balki u zot men o‘ylaganimdek oliy himmat, doimiy ilmga amal qilishga e'tiborli, da'vosida sodiq, so‘zlari hikmatli, o‘ta aniq va og‘ir bosiqligi bilan birga mo‘tadil hamda sabru matonatli buyuk olim edilar. Shayx rohimahulloh butun umrlarini Allohning haq diniga, payg‘ambari Muhammad alayhissalomning yo‘llariga da'vat qilishga sarfladilar. U zotning bu yo‘ldagi shiorlari: 1. Ahli sunna va jamoa mazhabi asosida pok aqiyda va musaffo Islomga intilish. 2. Qur'on va sunnatni o‘rganib amal qilish. 3. Islomiy ma'rifat taratish. 4. Calafi solih–ulug‘ mujtahidlarga ergashish. 5. Kengbag‘irlik va birodarlik ruhini tarqatishdan iborat bo‘lgan. Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh sobiq kommunistik tuzum ostida yashab ham shar'iy ilmlarni o‘zlashtira oldilar. Chunki, u zot shar'iy ilm va ulamolar sulolasi bo‘lgan xonadonda tarbiya topdilar. Hatto, shar'iy ilmlarni o‘rganishni yoshliklaridanoq boshlagan edilar. Keyinchalik, ustoz jamlagan ilmlari asosida o‘z diyorlariga mos bo‘lgan uslubda turli islomiy bilimlarga oid yuzdan ortiq asarlarni ta'lif qilishga, tarjima qilishga va ko‘plab yetuk buyuk ulamolarning asarlari, mualliflarni taqdim etishga muvaffaq bo‘ldilar. Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh Qur'oni Karimni olti mujallad ko‘rinishida to‘liq tafsir qildilar. Unga «Tafsiri Hilol» deb nom qo‘ydilar. Ushbu kitob zamonamizda o‘zbek tilidagi birinchi mukammal tafsir edi. Shuningdek, u zot vasatiylik borasida yozilgan ko‘plab kitoblarni bir necha tillarga tarjima ham qildilar. Shayx janoblari ilmiy izlanishlarga intiluvchan edilar. «Sihohi tis'a» nomi bilan ataluvchi buyuk muhaddislar jamlagan ishonarli to‘qqiz hadis to‘plamlarini tadqiq, tahqiq qilish va o‘zbek tiliga tarjima qilinishi yo‘lida katta ilmiy xizmat va tashabbuslari bunga yorqin misol bo‘ladi. Shayx Muhammad Sodiq rohimahulloh o‘z ilmiy hayot yo‘llarida Allohning inoyati bilan shar'iy ilmlarni tarqatadigan, ulamolar va da'vatchilarni yetishtirib chiqaradigan muassasaga asos solishga ulgurdilar. Shayx rohimahullohning uylari tolibi ilmlar uchun maktab, yuzlanish nuqtasi bo‘lgandi. Shayx rahimahulloh peshqadam, salobatli diniy rahnamo edilar. U zotning xizmatlari faqat O‘zbekistonning o‘zida cheklanib qolmagan. Balki Markaziy Osiyodagi davlatlariga ham keng yoyilgan bo‘lib, shayx rahimahulloh u yerdagi ko‘plab ulamolarga muallim va ustoz edilar. Ular dini Islomga taalluqli mavzularda ko‘proq shayxga murojaat qilishardi. Shayx Muhammad Sodiq rohimahulloh o‘z vatanlarini juda yaxshi ko‘rar, uning tinchligi, xotirjamligiga o‘ta haris edilar. U zot o‘z yurtlarida juda katta iz qoldirib ketdilar. Shuningdek, shayx Islom diyorlariga ta'sirini o‘tkaza olgan, ulkan ilmiy uyg‘onishni paydo qilishda katta hissa qo‘shib o‘tdilar. U zot o‘z jamiyatlari uchun xuddi omonlik qal'asi kabi edilar. U zot Saudiya Arabistoni, Makkai mukarramada so‘ngra, Liviya Jamohiriyasida istiqomat qildilar va u yerda ilmiy ishlar bilan, kitob yozish bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Shuningdek, o‘z manhajlarini hikmat, mav'izai hasana va sokinlik bilan keng yoydilar. Shayx hazrat vatandan uzoq bo‘lgan yillarda diniy sohada bo‘shliq paydo bo‘lgani uchun xalq orasida, ayniqsa yoshlar orasida adashgan toifalar paydo bo‘lib, turli ixtiloflar tarqalib ulgurgan edi. Shayx rohimahulloh vatanlaridan kelgan chaqiriqqa labbay deb qaytdilar va o‘z yurtlarida istiqomat qilib, diniy sohada ilmiy ishlarini davom ettirdilar. O‘zbekistonga qaytib kelganlaridan so‘ng, ko‘plab ilm ahllari u kishining atrofiga to‘planishdi. Shayx rahimahullohning ko‘plab kitoblari nashr qilina boshladi, xalq uni o‘qib-o‘rgana boshladi. U zotning turli tadbir va uchrashuvlarda qilgan ilmiy suhbatlari va da'vatlari keng tarqalgach, insonlar u zotning kitoblariyu suhbatlariga husni qabul bilan yuzlandilar. Shayxning ilmiy asarlari sababli xalq orasidagi ko‘plab ixtilof va tortishuvlar barham topdi, turli fitnalarning oldi olindi, qanchadan-qancha adashgan insonlar to‘g‘ri yo‘lni tuta boshladi, musulmonchilikdan bexabar odamlar o‘z musulmonchiligiga qaytdi. Ushbu bitiklar diniga, vataniga ko‘p manfaati yetgan muslih olimning hayotlari, xizmatlari, ilmiy meroslaridan iborat dengizdan bir tomchi xolos. Alloh taolo u zotni O‘zining keng rahmati bilan burkasin, jannatning Firdavsi a'loga kirgazsin, Islom va musulmonlar nomidan eng yaxshi mukofot bilan mukofotlasin. Ummatga yana shayx hazratlariga o‘xshagan u zotning ishlarini davom ettirib, uning manfaati va dunyo va oxiratda najot topishi yo‘lida harakat qiladigan olimlarni chiqarsin! Omin".

Misr Arab Respublikasidan Abdulloh Husayn Sha'lon.

Bahodir domla Rahmatulloh 

tarjimasi.


Kiritilgan vaqti: 23/11/2021 09:09;   Ko‘rilganligi: 970
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/azhari-sharif-universitetining-quron-qiroatlar-va-quron-ilmlari-ustozi-abdulloh-husayn-shalon-dostimizning-hazrat-rahimahulloh-haqlarida-yozgan-arab-tilidagi-quyidagi-maqolasi-tarjimasini-taqdim-etamiz
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing