O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

AYRILIQDAN O‘RTANDI DILLAR

 
 

 Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun.

  O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Temirxon o‘g‘illari bugun dorulfanodan dorulbaqoga ko‘chdilar.

    Ey, ayriliq! Bir butun nuktadon, daqiqnavis, ma'rifatparvar  allomaning umrlari shu kungacha bitilgan ekan.

    Muftiy hazratlari 1950 yilda Allomalar yurti Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi ziyoli, piru-murshid oilada tavallud topganlar.      Bu nurli oilaning farzandi o‘z umrlarini yoshlik davrlaridan ilmu irfonga baxsh etdilar. Ko‘plab ilm dargohlarida o‘z sohasini yetuk allomasi bo‘lish mehri bilan ta'lim olish natijasida samarali mehnatlari evaziga dinimizning peshvosi bo‘lishga musharraf bo‘ldilar.

      U zot rohmatulloh alayh muqaddas dinimiz asoslarini, arab va fors tillarini chuqur egallab, 1987-2006 yillarda Samarqand viloyati Payariq tumanidagidunyo imomi, muhaddis “Imom Buxoriy” nomli masjidda, Imom hazratlarining maqbaralari huzurida sidqidildan duoi-xayr bilan imom-xatib vazifa xizmatida samarali faoliyat olib bordilar.

      2000-2006 yillarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi lavozimida mehnat qilib, katta bilim va hayotiy tajribalarini ezgu amallarga, serqirra bunyodkorlikka safarbar etdilar.

     Allohning inoyati, marhamati, mo‘min-musulmonlarning iqboli o‘laroq 2006 yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga bir ovozdan saylandilar.

    U zot 2012 yilda Islom olami uyushmasi ta'sis majlisining a'zosi hamda Butundunyo ulamolar kengashi a'zosi etib saylandilar.

   So‘nggi yillarda Iordaniyaning Islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan e'lon qilinadigan “Jahonning eng nufuzli 500 musulmoni” ro‘yxatidan munosib o‘rin egalladilar.

     Muftiy hazratlari islomning barcha ilmlari sohasida tan olingan dunyo olimlari qatoridan o‘rin oldilar. Hazratga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining faxriy doktori unvonigaham munosib bo‘ldilar.

    Davlatimiz va xalqimiz oldidagi unutilmas xizmatlari, jamiyatimizda bag‘rikenglik va dinlararo totuvlik muhitining mustahkamlanishiga qo‘shgan munosib hissalari uchun “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan edilar.

     Muftiy hazratning qalamlariga mansub “Tafsiri Irfon” asari Qur'oni karim ma'nolarini ona tilimizda xalqimizga taqdim qilindi.

   Bundan tashqari ustoz tasnif etgan ko‘plab ta'lim-tarbiya, imom-e'tiqod, din-diyonatga yo‘g‘rilgan noyob asarlar ayni paytda xalqimiz qalb va qo‘liga yetkazildi.

    Inson erishishi kerak bo‘lgan eng yuksak martaba va axloq bobida namuna bo‘lgan oliyjanob ziyo nuri edilar.

   Bu kabi buyuk nurli yo‘l sohibi ustozimiz, muftiy hazratlari yoshlik davrilaridan to umrlarining oxirigacha dinimizning zuhdu taqvo ta'limi bilan hamnafas yashab o‘tdilar.

      U zotning so‘zlari, iqrorlari, axloqi hamidalari barchaga ibrat edi.

    U oliyjanob inson taratgan hikmatlardan insonni qalbi poklanib, ruhiy ozuqalanib, ilohiy madadga sug‘orilardi.

      Bu muhtaram inson hidoyat yo‘lini aniq ushlab, muborak yo‘lda yaxshilik izlovchilarga yo‘ldosh bo‘ldilar.

      Dunyo va oxiratning ezgulik hazinasini meros qoldirdilar.

      Mo‘min-musulmonda bo‘lgan barcha go‘zal sifatlarni o‘zlarida mujassam etdilar.

     Dinimizga bo‘lgan sadoqatlari o‘laroq masjid va madrasalarga tashrif buyursalar yuzlari oy va kun kabi yorishib ketardi.

   Ustoz xulqu odobda, xushmuomala va sadoqatda, qanoat va riyozatda ham tengsiz ekanliklari bizning qalbimizga o‘chmas iz qoldirdi.

    Taqdirga tabdil yo‘q! Biz ayriliq jafosini tortib turgan oila a'zolariga, nuridiyda farzandlariga, aka-uka jigargo‘shalariga, habib muxlislariga viloyat vakilligi, viloyatdagi diniy soha xodimlari va barcha Namanganlik mo‘min-musulmonlar nomidan ta'ziyamizni bildiramiz.

     Allohdan sabru jamil tilaymiz. Allohim ustozning ruhlarini bizlarning duolarimiz bilan ravhu rayhon aylasin! Omiyn, Yo Robbal Alamiyn.

Abdulhay TURSUNOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Namangan viloyat vakili


Kiritilgan vaqti: 17/08/2021 19:23;   Ko‘rilganligi: 517
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ayriliqdan-ortandi-dillar
Chop etilgan vaqti: 16/05/2024 03:12
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing