O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Asliyatni buzib talqin qilayotgan bid'atchi toifalar haqida Ulamolar kengashining FATVOSI

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

Taassuflar bo‘lsinki, hozirda ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga rahna solish bilan shug‘ullanmoqdalar. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘ldir. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma'rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.

Bugungi kunda ayrim adashgan toifalar ming yillardan beri ajdodlari musulmon bo‘lib kelgan va o‘zlari ham Islom diniga amal qilib kelayotgan jamiyatimizni kufr diyori deb e'lon qilishlari, undan keyin bu yerdan hijrat qilishga da'vat qilish, o‘zlarining maqsadlariga ergashgan yoshlarni jihod qilish va “shahid” bo‘lishga da'vat qilishmoqda. Bunda “takfir”, “hijrat”, “jihod”, “shahidlik” tushunchalarini asliyatidan buzib talqin qilib, g‘o‘r yoshlarni aldashmoqda. Shu maqsadda ushbu shar'iy istilohlarni asl mohiyatini dalillar asosida yoritishni maqsad qildik.

Takfir tushunchasi:

“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma'nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan turib, “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:

لا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً

“Sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi 94-oyat).

Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshma-shosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarib, ish ko‘rishdan qaytarmoqda.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam “La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday dedilar:

‏ "‏ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ:‏ الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ"

(رَواهُ الإمامُ مسلم عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه).

Uch narsa imonning aslidandir. “La ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya'ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, uni qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.

Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

"وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ" (رَواهُ الإمامُ البُخاري عن ثابتٍ بنِ الضَحَّاكِ رضي الله عنه).

“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

"أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر؛ فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا؛ إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ، وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ"

(رواه الإمامُ مسلم عن عبدِ اللهِ بْنِ عُمَرَ رضي الله عنه)

“Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Bu ma'nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta'kidlangan.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning ta'limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq o‘zlarini ehtiyot qilganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.

Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:

قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ

Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi (“Sharhush-shifo” kitobi).

Demak, hozirgi  kundagi adashganlar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqizini qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, – deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga tamomila ziddir.

Hijrat tushunchasi:

Ijtimoiy tarmoqlarda yurtimiz musulmonlarini mamlakatni tark etib qonli urushlar ketayotgan hududlardagi jangari guruhlarga qo‘shilishga da'vat qiluvchi hamda ushbu amalni go‘yoki “hijrat” ekanini da'vo qilayotgan chaqiriqlar kuzatilmoqda.

Soxta da'vatchilar Islom dinidagi muqaddas tushunchalarni g‘arazli siyosiy maqsadlar yo‘lida soxtalashtirgan holda talqin qilib, tinch-totuv va ozod mamlakatda, barcha ibodatlarni xotirjamlik bilan ado qilib turgan musulmonlarni qurolli to‘qnashuvlar ketayotgan mamlakatlarga chaqirmoqdalar. Hijratga da'vat qilayotganlar: “Musulmonlarning barchasiga hijrat qilish farz bo‘ldi, hijrat qilmagan kofir bo‘ladi”, deyish darajasiga bormoqda.

“Hijrat” so‘zi arab tilida “ajramoq”, “tark etmoq” ma'nolarini beradi. Hijratning shar'iy ma'nosi esa – Alloh taoloning roziligi yo‘lida “Kufr diyori”ni tark etib “Islom diyori”ga ko‘chishga aytiladi.

Demak, ta'rifdan ma'lum bo‘lmoqdaki, shariatda katta savob va'da qilingan hijrat maqomiga yetishish uchun Alloh taoloning roziligi yo‘lida “Kufr diyori”dan “Islom diyori”ga ko‘chish kerak ekan. Aks holda bu shar'iy hijrat bo‘lmaydi, farz yoki vojiblik kasb qilmaydi, balki oddiy bir manzildan boshqasiga yashash uchun ko‘chish bo‘lib qoladi.

Ta'rifda keltirilgan “Islom diyori” va “Kufr diyori” tushunchalarini hozirgi kunda noto‘g‘ri talqin qilinishi natijasida Ahli sunnat ulamolarining hukmlariga zid, soxta fatvolar tarqalib, musulmonlar o‘rtasida ixtiloflar vujudga kelmoqda. Ular musulmonlar yashaydigan yurtlarni “Kufr diyori” deb atab, bu yurtlardan hijrat qilish farz bo‘ldi demoqdalar.

Bugungi kunda tinch mamlakatda yashab kelayotgan musulmonlarni xorijdagi jangarilar huzuriga go‘yoki hijratga chiqishi farz amal ekanini da'vo qilayotganlar Qur'onning “Niso” surasi 97-oyatini dalil qiladi: “O‘ziga zulm qiluvchi holida joni olinayotganlarga farishtalar: “Nima qilayotgan edinglar?” – derlar. Ular: “Yer yuzida bechora edik”, derlar. “Allohning yeri keng edi-ku, hijrat qilsangiz bo‘lmasmidi?” – derlar. Ana o‘shalarning joyi jahannamdir. U qanday ham yomon joy!”. Aslida ushbu oyat avval Islom dinini qabul qilib, Makkada yashab kelgan bo‘lsada, milodiy 624 yilda bo‘lib o‘tgan Badr jangida makkalik mushriklar safida turib, musulmonlarga qarshi jangda ishtirok etgan va o‘ldirilganlar haqida nozil bo‘lgan. 

Tarixdan ma'lumki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘zlarining atroflaridagi barcha sahobalari – musulmonlar bilan birga Makka shahridan Madinaga ko‘chib ketishlari farz qilingan edi. Shundan so‘ng qariyb sakkiz yil davomida musulmonlar Madinada kuch-qudrat to‘plaganlaridan keyingina o‘zlarining ona vatanlari bo‘lgan Makka shahrini fath qildilar. Makka fath qilingandan so‘ng shar'iy hijrat hukmi bekor qilindi. Chunki Makkada musulmonlarning emin-erkin yashab, din arkonlariga amal qilishlari uchun hamma imkoniyatlar vujudga kelgan edi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hijrat uchun bay'at qilaman deb kelgan sahoba Mujolidga:

لا هجرة بعد فتح مكة ولكن أبايعه على الإسلام

“Makka fathidan keyin hijrat yo‘q! Lekin Islom uchun bay'at qabul qilaman”, deganlar (Imom Buxoriy, “Al-Jome' as-sahih”, 2913-hadis)

Hozirda hijrat farz, deb da'vo qilayotganlar mazkur hadisi sharif haqida hech narsa demaydilar. Holbuki, bu hadis mansux bo‘lmagan, hukmi bekor qilinmagan, balki uning o‘zi hijrat hukmini bekor qiluvchidir. Uning iboralari va mazmuni juda aniq va sahih hadisdir!

Muhammad sallallohu alayhi vasallam va U zotdan keyin Islom diyorlarini boshqargan xulafoi roshidinlar o‘zga hududlarda yashayotgan musulmonlarni hech qachon xalifalik hududiga ko‘chib kelishlariga chaqirmagan hamda o‘z yurtlarida yashashlarini ta'qiq qilmagan.

Tobe'inlardan biri Mujohid rahimahulloh taniqli sahoba Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhuga: “Men Shomga hijrat qilmoqchiman!”, deganlar. Ibn Umar raziyallohu anhu unga: لا هجرة اليوم – Bugun hijrat yo‘q! Ortingga qayt!”, deganlar (Imom Buxoriy, “Al-Jome' as-sahih”, 3900-hadis).

Tarixdan ma'lumki, havorijlar ilk chiqqan vaqtda Basradan chiqib ketib, o‘zlarining harbiy qarorgohlariga joylasha boshlaganlar. Odamlarga: “Hijrat farz. Biz bilan hijrat qilinglar!”, deb hammani shunga da'vat qila boshlaganlar. Odamlar buyuk sahoba Anas ibn Molik raziyallohu anhuning oldiga kelib, ular o‘zlarini muhojirlar deb atashayotganini aytibdilar. Shunda, Anas ibn Molik raziyallohu anhu: “Ular shaytonga hijrat qilganlar. Axir, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Fathdan keyin hijrat yo‘q!”, deganlar-ku!”, dedilar (Imom Abdurrazzoq rivoyati).

Demak, Makkai mukarrama fath qilinganidan keyin “Dorul Islom” – musulmonlar diyoridan hijrat qilinmaydi. Bizning jamiyatimiz ham ming yillardan beri Islom diyori – musulmonlar yashaydigan jamiyat hisoblanadi. 

Jihod tushunchasi:  

“Jihod” so‘zi arabchada “kuch sarflash”, “mashaqqat chekish” degan ma'noni anglatadi. Shariat istilohida esa fuqaholarimiz uni shunday ta'riflangan:

الْجِهَادُ الدُّعَاءُ إلى الدِّينِ الحَقِّ وَقِتَالُ مَنْ لَمْ يَقْبَلْهُ

“Jihod – haq dinga da'vat qilib, uni qabul qilmagan bilan jang qilishdir” (“Al-Lubob fi sharhil kitob” kitobining “Siyar bob”i).

Jihod Islomda dinning asoslaridan emas balki, dinning far'iy masalalaridan bo‘lib, unga ko‘ra o‘rtalarida tinchlik bitimi bo‘lmagan ikki — kofir va islom davlatining bir-biri bilan, islom davlati tarafidan dastlab tinch yo‘l bilan Islomga kirish da'vati amalga oshirilgach va unga kofir davlat tarafdan rad javobi berilgach, Allohning so‘zini oliy qilish maqsadida harbiy urush qilishiga aytiladi. (Fathul-Qodir 4/277, Al-Fatava al-hindiya 2/188).

Jihod qo‘l, mol-dunyo, til va qalb bilan ham bo‘lishi mumkin. Shuningdek, nafs, shayton va fosiqlarga qarshi kurashga ham jihod so‘zi ishlatiladi (“Fathul Boriy” kitobi).

Sahobalarning davrida jihod xuddi shu tarzda amalga oshirilgan. Agar mazkur tar'rifda belgilangan birorta qayd voqelikda topilmasa, bu harbiy harakat shar'an jihod bo‘la olmaydi. Unda qatnashganlar mujohidlik maqomiga erisha olmaydi, unda qatnashib o‘lganlar shahidlik maqomiga yetmaydi.

Jihod ikki qismga bo‘linadi: talab jihodi va mudofaa jihodi. 

- “Talab jihodi” – Islom dinini yetkazish va Alloh taoloning kalimasini oliy qilish maqsadida kofirlar bilan jang qilishdir. Alloh taolo Qur'oni karimning bir nechta oyatlarida ushbu jihodga musulmonlarni buyurgan. Jumladan Tavba surasida shunday degan:

قَاتِلُوا الَّذِينَ لَا يُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ وَلَا بِالْيَوْمِ الْآَخِرِ وَلَا يُحَرِّمُونَ مَا حَرَّمَ اللَّهُ وَرَسُولُهُ وَلَا يَدِينُونَ دِينَ الْحَقِّ مِنَ الَّذِينَ أُوتُوا الْكِتَابَ حَتَّى يُعْطُوا الْجِزْيَةَ عَنْ يَدٍ وَهُمْ صَاغِرُونَ

“Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan, Alloh va Rasuli harom qilgan narsalarni harom sanamaydigan, haq din (Islom)ni din qilib olmaydigan ahli kitoblardan iborat kishilarga qarshi – to ular o‘zlarini past tutib, jizya (soliq)ni naqd bergunlariga qadar jang qilingiz!” (29-oyat).

Rasuli akram alayhissalomning mazkur oyat nozil bo‘lganidan keyin arab jazirasidagi qabilalarga g‘azotga chiqishlari yoki sariyyalar yuborishlari talab jihodi hisoblanadi. Shuningdek, xulofoyi roshidinlar va ulardan keyingi mo‘minlarning amirlari tomonidan olib borilgan janglar ham shu qabilda bo‘lgan. Bundan ko‘zlangan maqsad dinga boshqa xalqlarni majburan kiritish bo‘lmagan. Balki, asosiy maqsad Islom shariatini boshqa xalqlarga yetkazish hisoblangan. Islomni qabul qilmagan, lekin sulh taklif qilganlar bilan moliyaviy sulhga kelishilgan.

Ulamolar talab jihodining hozirgi kunda yo‘qligiga ittifoq qilishgan. Xususan 2015 yil 25 mart kuni Islom fiqhi akademiyasi hozirda hamma davlatlar urushmaslikka kelishganlari va o‘zaro aloqalar o‘rnatib elchixonalar ochganlari sababidan bugungi kunda talab jihodi yo‘q ekani borasida alohida qaror e'lon qilingan (Qaror raqami: 207 (3/22)).

- “Mudofaa jihodi” dushmanlar musulmonlar yashaydigan yurtga urush qilib, bostirib kirsalar, ushbu mamlakatda yashaydigan musulmonlarga himoya uchun mudofaa jihodi farzi kifoya bo‘ladi.

Aslida “Mudofaa jihodi” har bir fuqaroning dini, qadriyatlari hamda Vatani oldidagi burchidir. Ushbularga qaratilgan har qanday tahdidga qarshi turib, ularni himoya qilishi nafaqat kishining diniy, balki insoniy burchidir.

“Mudofaa jihodi” ham hammaga emas, urushga qodir bo‘lgan kishilarga farz hisoblanadi. Chunki, Madinai munavvaraga Makka mushriklari hujum qilganida ba'zi sahobalar ma'lum sabablarga ko‘ra mudofaa janggiga chiqa olmaganlar. Shunda Alloh taolo ular haqida shunday oyat nozil qilgan:

وَكُلًّا وَعَدَ اللَّهُ الْحُسْنَىٰ ۚ وَفَضَّلَ اللَّهُ الْمُجَاهِدِينَ عَلَى الْقَاعِدِينَ أَجْرًا عَظِيمًا

ya'ni: “Alloh hammalariga yaxshilikni va'da qilgan. Alloh mujohidlarni o‘tirib oluvchilardan buyuk ajr ila afzal qilgan” degan (95-oyat).

Hozirgi kunda buzg‘unchi toifalar o‘zlari ilgari surayotgan g‘oyaga erishish maqsadida yangi “jihod” turlarini o‘ylab topib, ulardan foydalanishga urinmoqdalar. Ular ko‘pgina musulmonlarning Islom ahkomlarini bilmasligi, ilmiy saviyaga ega emasligidan foydalanib, “jihod – muqaddas urush” degan tushunchani targ‘ib qilib, nohaq qon to‘kilishiga sababchi bo‘lishmoqda. Bunga dunyoning turli chekkalarida “jihod” niqobi ostida sodir etilayotgan qo‘poruvchilik harakatlari misol bo‘la oladi.

Shahidlik tushunchasi:  

Islom ta'limotida dini, joni, moli, Vatani va oila ahli himoyasi yo‘lida o‘ldirilgan kishini shahid deyiladi. Hadislarda biror falokat tufayli vafot etgan kishi ham shahid hukmida bo‘lishi bayon etilgan. Hadisi sharifda shunday deyiladi: “Shahidlar – Alloh yo‘lida qatl qilingan kishidan tashqari ham yettitadir. Vabo, qorin og‘rig‘i, suvga g‘arq bo‘lish, devor ostida qolish, zotiljam (o‘pka yallig‘lanishi), kuyish va tug‘ruqdan (yoki ichidagi homilasi bilan) vafot etganlarni sanab o‘tdilar” (Imom Molik Jobir ibn Atikdan rivoyat qilgan).

Molini bosqinchi va qaroqchidan himoya qilib, o‘ldirilgan kishi ham oxirat shahidlaridan sanaladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim molini himoya qilib o‘ldirilsa, u shahiddir” – deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Yong‘inda o‘lgan kishi ham shahidlardan hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlarni sanagan bir hadislarida: “Yong‘in(da o‘lgan) shahiddir”, deganlar (Imom Molik rivoyati).

Shuningdek, dini, joni, ahli-oilasi himoyasida o‘ldirilgan kishi ham shahid sanaladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim molini himoya qilib o‘ldirilsa, u shahiddir, kim qonini (jonini) himoya qilib o‘ldirilsa, u shahiddir, kim dinini himoya qilib o‘ldirilsa, u shahiddir, kim ahlini himoya qilib o‘ldirilsa, u shahiddir”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Hozirda ba'zi adashgan oqimlar “shahidlik” tushunchasini juda tor doirada tushuntirmoqchi bo‘lishadi. Ular bu iborani o‘z manfaatlariga burib, go‘yoki kishi faqat urushda o‘lsa, shahid bo‘ladi, deydilar. Vaholanki, ularning qilib turgan bu ishlari jihod emas, balki katta fitna ekani aniq. Fitnaga aralashib o‘lgan odam qanday qilib shahid bo‘lsin?! Tinch-totuv yashab turgan musulmon davlatda fitna chiqarib, urush chiqarilsa, bu jihod sanalmaydi, unda o‘lgan inson aslo shahid bo‘lmaydi.

Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim noma'lum bayroq ostida jang qilsa va bu yo‘lda o‘ldirilsa bas u johiliyat o‘limini topibdi”, deb aytganlar. Ya'ni, kimki noma'lum bayroq ostida, uni kimning qo‘lida ekanini, uning maqsadi qandayligini bilmagan holda jang qilsa va bu yo‘lda o‘lsa u johiliyatda o‘lgandek bo‘ladi”.

Bugungi kunda e'tibor qilsak, Suriya bo‘ylab hukumat armiyasi, mo‘tadil musulmonlar, radikal kayfiyatdagi “jihodchilar”, kurd ko‘ngilli askarlari, g‘arbparast guruhlar va bundan tashqari adashgan oqim vakillari o‘rtasida ayovsiz urush olib borilmoqda. Ma'lumotlarga qaraganda, bunday qarama-qarshi guruhlarning soni yuzdan ortiq. Ular orasida o‘zaro ittifoq tuzganlari va umuman, o‘z holicha kurash olib borayotganlari ham ko‘p. Har qanday sog‘lom fikrli inson hech qachon dinini, jonini va eng muhimi oxiratini bu kabi xatarlarga qo‘ymaydi.

Bunday fitnalar urchigan davrda musulmon inson hushyor bo‘lishi, o‘zini chetga olishga buyurilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Albatta, kelajakda ko‘p fitnalar bo‘ladi. U vaqtda (jim) o‘tiruvchi tik turuvchidan yaxshi, tik turuvchi (fitnaga qarab) yuruvchidan yaxshi, yuruvchi yuguruvchidan yaxshidir. Kim fitnani kuzatib tursa, fitna uni o‘ziga jalb qiladi. Demak, kim boshpana yoki panoh bo‘ladigan joy topsa, o‘shani lozim tutsin!” (Imom Buxoriy rivoyati).

Xulosa qilib aytganda, yuqorida zikr qilib o‘tilgan “takfir”,  “hijrat”, “jihod” va “shahidlik” masalalarida asliyatni buzib talqin qilayotgan terrorchi tashkilotlar vakillarining targ‘ibotlarini eshitib yurgan ayrim yoshlar, afsuski, unday kimsalarning gaplariga aldanib qolmoqda. Ayniqsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalar nazarda tutilgan oyatlarni o‘zlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tatbiq etib, oyatdan ko‘zlangan asl ma'noni o‘zgartirmoqda.

Bunday buzg‘unchi toifalar hozirga qadar duch kelayotgan inqirozlar va mag‘lubiyatlarini yashirish uchun “Ahdga vafo qiladigan vaqt keldi”, “Shahid bo‘ladigan davr keldi”, “Endi biz g‘alaba qozonamiz” kabi soxta shiorlarni takrorlashdan nariga o‘tmayapti. Chunki, ayni damlarda ularga g‘arazli maqsadlarga erishish uchun “tirik qalqon” juda ham zarur. Aldanganlar esa ularga hokimiyatni egallaguncha kerak.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolar Kengashi quyidagilarni ma'lum qiladi:

  1. O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolar Kengashi “takfir”, “hijrat”, “jihod” va “shahidlik” kabi tushunchalarni asliyatini buzib talqin qiluvchi toifalarni bid'atchi toifalar deb hisoblaydi. Bid'at ahlining hukmi esa og‘ir gunohkorlik sanalib, ular tezda tavba qilishlari, bu yo‘ldan qaytishlari vojib bo‘ladi.
  2. Respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha rasmiy masjidlarning imom-xatiblari juma ma'ruzalari va turli tadbirlarda ushbu fatvoni keng tarqatsinlar.
  3. Takfir xatarli yo‘l ekani, bu yo‘l kishini shariatga muxolif bo‘lish, zalolatga ketish va musulmonlarning qonlarini to‘kish, mollarini halol sanash, jamiyatni parchalab, parokanda qilish va musulmonlarni birdamligiga putur yetkazish kabi salbiy oqibatlar mutasaddilar tomonidan yoshlarga tushuntirilsin.
  4. Xalqimiz, xususan yoshlar o‘rtasida g‘uluv – dinda chuqur ketishning oldini olish borasida imom-xatiblar mahalla oqsoqollari va faollari bilan maslahatlashgan holda o‘z taklif va tavsiyalarini mahalla ahliga taqdim etsinlar.

Mo‘min-musulmonlar birdamligi, Dinimiz musaffoligi, yurtimiz obodligi yo‘lida qilayotgan xayrli ishlarimizda Alloh taolo tavfiq va inoyatlar  ato etsin!

  O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov


Kiritilgan vaqti: 13/04/2023 13:09;   Ko‘rilganligi: 649
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/asliyatni-buzib-talqin-qilayotgan-bidatchi-toifalar-haqida-ulamolar-kengashining-fatvosi
Chop etilgan vaqti: 05/05/2024 14:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing