O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Asliyatni boshqacha talqin qilmangiz!

 
 

So‘nggi yillarda Islom dinidagi eng hassos bo‘lgan “jihod”, “hijrat”, “shahid” kabi tushunchalarni adashgan oqimlar buzib talqin qilish orqali dinni yaxshi tushunmaydigan kishilarni o‘z taraflariga og‘dirmoqdalar. Islom dinini niqob qilib olgan bunday toifalar o‘ta noziklik va daqiqlik bilan yondashish talab etiladigan tushunchalarni g‘arazli talqin etishda hech narsadan tap tortmayaptilar. Bunday talqin odamlar ongida Islom dini go‘yo jangu jadal, qon to‘kish, boshqa dindagilarga qarshi murosasiz kurash olib borishga asoslangan, degan mazmundagi botil tasavvurlarning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.

Hozirda adashgan toifalar odamlarni “jihod” qilishga yoki o‘z yurtidan sababsiz “hijrat” qilib chiqib ketishga chaqirib, Islom dini niqobi ostida manfur niyatlarini amalga oshirish payida bo‘lmoqda. Ularning maqsadi din yo‘lida xizmat qilish emas, balki dunyoviy manfaat, mol-dunyoga erishishdir. Hali tafakkuri shakllanmagan, ilmi va tajribasi yetarli bo‘lmagan yoshlar bunday aldovlarga uchib, oqibati qanday ayanchli yakunlanayotganini guvohi bo‘linmoqda.

Shuning uchun mazkur diniy tushunchalar aslida qanday izohlanishini xolis bayon qilish maqsadida, O‘zbekiston televideniyasi orqali “Islom: mohiyat va talqin” nomli turkum ko‘rsatuvlar tashkil etildi. Ushbu ko‘rsatuvlarda soha mutaxassislari tomonidan “jihod”, “hijrat”, “shahid” kabi tushunchalarni Islom dini manbalari va e'tiborli ulamolar dalillari asosida batafsil yoritib berildi.

Biroq bir-ikki ijtimoiy tarmoq yurituvchi blogerlar ushbu ko‘rsatuvlarni g‘arazli talqin etib, “mana rasmiy imomlar ham jihod va hijrat qilishga chaqirmoqda”, degan fikrlarni tarqatishga urinmoqdalar.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, qadim-qadimdan ulamolarimiz agar yurtga yov bostirib keladigan bo‘lsa, shu yurtda yashayotgan xalq dinni, yurtni, oilani asrash, himoya qilish uchun ularga qarshi kurashishi, o‘z dinini, ona Vatanini, o‘z oilasini himoya qilishi lozimligini baralla aytib kelishgan. Bu narsa hozir ham amalda.

Ulamolarmiz, barcha ziyolilarimiz agar yurtimizga dushman qurol bilan tajovuz qiladigan bo‘lsa, din, vatan va oila himoyasi uchun hamma oyoqqa turishi lozimligini doim ta'kidlaydilar. Imom domlalar ham masjid minbarlaridan turib dinni, vatanni, oilani asrash har bir insonning burchi ekanini aytib, odamlarni yaxshilikka chorlab, yomonlikdan qaytarib keladilar.

Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qilgan:

“Siz odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo‘ldingiz. Amri ma'ruf qilasiz, nahyi munkar qilasiz va Allohga iymon keltirasiz. Agar ahli kitoblar iymon keltirganlarida, o‘zlariga yaxshi bo‘lar edi. Ulardan mo‘minlari bor. Ko‘plari fosiqdirlar” (Oli Imron surasi, 110-oyat).

Islom ummati o‘zi haqida bilib qo‘yishi zarur bo‘lgan haqiqatlardan biri – bu ummatning odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat ekanidir. Bu haqiqatni hozir o‘zini bu ummatga nisbat berayotganlar yaxshi tushunib olmoqlari lozim. Ajdodlarimiz xuddi shu haqiqatni yaxshi tushunganlari uchun ham butun dunyoga ustoz bo‘lganlar. Dunyo xalqlarining peshqadami bo‘lib, ularni ortlaridan ergashtirganlar. Hech qachon boshqalarga tobe' bo‘lmaganlar. O‘zgalarning ortidan ko‘r-ko‘rona ergashmaganlar. Ular huzurida o‘zlarini xoru zor tutmaganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflardan birida: “(Yo) yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarasizlar, yo Alloh sizlarga balosini yuboradi-da, duolar qilsangiz ham, mustajob bo‘lmaydi” deganlar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Hukumatimizning olib borayotgan islohotlarida ham 14 asrdan beri amal qilib kelinayotgan Islom dinini pok holda saqlash, uni xalqimizga sof holida yetkazish, jonajon diyorimizni himoya qilish, ota-ona, farzandlar va ahli ayolimizni asrash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rib boriladi. O‘z navbatida aytish mumkinki, har bir zamonda Islom shiorlari inkor etilmaydi, balki g‘arazli talqin etilishiga hech qachon yo‘l qo‘yilmaydi.

Biz barchamiz dinimizni xalqimizga Ahli Sunna val Jamoa, xususan hanafiy mazhabi e'tiqodiga muvofiq yetkazishga mas'ulmiz. Islom dinini pok saqlash, uni g‘arazli xurujlardan, tuhmatlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini tushuntirish bugungi kunda eng muhim vazifa bo‘lmoqda.

Bugun o‘zini go‘yoki “haqiqatni aytuvchi” qilib ko‘rsatishga urinayotgan ayrim blogerlar yuqoridagi o‘gitlarni quloqlariga qo‘yib, dillariga tugib olsalar o‘zlariga ham foyda bo‘lar edi.

Alloh taolo barcha mo‘min-musulmonlarni sof e'tiqodimizda hamjihat qilib, tinch va farovon hayotimizni yanada ziyoda aylasin.

 O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 10/12/2019 15:29;   Ko‘rilganligi: 1224
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/asliyatni-boshqacha-talqin-qilmangiz
Chop etilgan vaqti: 28/04/2024 22:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing