O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Arafa kuni Juma kuniga to‘g‘ri kelsa, ro‘za tutamanmi?

 
 

Darhaqiqat, bu yil Arafa kuni Juma kuniga muvofiq kelmoqda. Ko‘pchilik musulmonlarda "Juma kuni ro‘za tutsam bo‘ladimi?", degan savol tug‘ilayotgani tabiiy. Musulmonlar ushbu muborak kunda ro‘za tutish va Alloh taologa yaqinlik his qilishga juda ishtiyoqmanddirlar. Hadisi sharifda shunday keladi: Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Arafa kunining ro‘zasi o‘zidan avvalgi bir yil va o‘zidan keyingi bir yilning gunohlariga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman" (Imom Muslim rivoyati). Darhaqiqat, Arafa kuni ro‘zasini tutish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari bajargan sunnatlari, hamda hadislarida ro‘za tutishlikka undagan tavsiyalaridir. Zul-hijja oyining to‘qqizinchi kunida Arafa ro‘zasini tutish ikki yil uchun kafforat bo‘ladi: o‘tgan yil va kelasi yil uchun.

"Azhari sharif" fatvo hay'atining elektron markazining xabar berishicha, Juma kuni Arafa kuniga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, u kunda ro‘za tutish hech qanday karohiyatsiz joizdir. Shuningdek, musulmon kishining odatiga aylangan nafl ro‘zasi ham ushbu kunga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, ro‘za tutish joiz bo‘ladi. Ibn Qudoma rohimahulloh aytadilar: "Juma kunini ro‘za tutish uchun xoslash makruhdir. Biroq, odatiga aylangan ro‘zasiga to‘g‘ri kelsa, masalan, bir kun ro‘za tutib, bir kun og‘iz ochadigan kishining ro‘zasi Juma kuniga to‘g‘ri kelsa, shuningdek har oyning avvalida ro‘za tutishga odatlangan kishining ro‘zasi ushbu kunga to‘g‘ri kelsa, u kunda ro‘za tutish joizdir".

Jumhur ulamolar ro‘za tutishlikka biror sabab topiladigan bo‘lsa, Juma kuni ro‘za tutish mumkin ekanligini ta'kidlashadilar. Bu yil Arafa kuni Juma kuniga to‘g‘ri kelganligi bois, bu kunda ro‘za tutishning fazilati ulkan bo‘ladi. Ushbu kunda ro‘za tutishning hech qanday karohiyati yo‘q.

Alloh taolo ushbu kunda tutgan ro‘zalarimizni oldingi va keyingi yillar uchun kafforat qilsin! Qiladigan boshqa solih amallarimizni savobini ulkan qilib bersin!

 

Xayrulloh domla Sattarov   - Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 07/07/2022 17:17;   Ko‘rilganligi: 4094
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/arafa-kuni-juma-kuniga-togri-kelsa-roza-tutamanmi
Chop etilgan vaqti: 04/05/2024 02:20
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing