O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Aqidaviy ixtiloflarning kelib chiqish sabablari

 
 

Alloh taolo insonlarni to‘g‘ri yo‘lda yurishini xohlaydi. Shu sababli barcha zamonlarda adashgan qavmlarga rahmat sifatida payg‘ambarlar yuborib turdi. Oxirgi payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam butun olamga rahmat qilib yuborildi. Islom dini tufayli bashariyat nurga chiqdi. Islom ummatining qilgan xayrli ishlari hamisha insoniyatga ko‘plab manfaat keltirmoqda. Zero maqsad ham shunday.

Lekin har bir narsaning ziddi bo‘lganidek, to‘g‘ri yo‘lda yurganlarning ham adashishi mumkin ekan. Alloh taolo O‘z kalomida: “Allohga va uning Rasuliga itoat qiling. O‘zaro nizo qilmang, u holda tushkunlikka uchraysiz va kuch quvvatingiz ketadi. Va sabr qiling. Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilandir” (Anfol 46) deb marhamat qilgan. Tarixda turli oqimlarning paydo bo‘lishi, tafriqalanish qanchadan qancha musibat va kulfatlarni keltirdi. Bu voqealardan xulosa chiqarmog‘imiz lozim.

Bizning diyorimiz ham Islom nuridan bahramand bo‘ldi. Islom diyoriga imom Buxoriy, Farg‘oniy, Termiziy, Zamaxshariydek buyuk olimu fuzalolarni yetishtirib chiqardi. Xalqimiz hozirgacha shunday zotlarning avlodlari ekanliklaridan faxrlanishadi. Aqida sohasida imom Motirudiy hazratlari katta jasorat ko‘rsatganligini hamma e'tirof qiladi. O‘z zamonasida turli oqim va guruhlarga, aqidaparastlarga qaqshatgich zarbalarni berib, muqaddas dinimiz pokligini saqlab qolishga ulkan  xizmatlarni qilganlar. Mana shu aqida asosida xalqimiz necha asrlardan buyon og‘ishmay o‘z dinlarida sobit turibdilar.

Xalqimiz boshiga turli davrlarda har xil balo va kulfatlar yog‘ilib turdi. Mug‘ullar bosqini, undan keyin turli o‘zaro nizolar va yaqin o‘tmishdagi mustabid tuzum bosqinlari o‘z izini qoldirmay qo‘ymadi albatta. Mustaqillikka erishganimiz Alloh taoloning buyuk ne'mati. Mana shu ne'mat tufayli diniy erkinlikka ham erishdik. Dastlabki yillarda yurtimizning barcha joylarida masjidlar, hujralar, madrasalar ochilib o‘z faoliyatini yurgiza boshladi. Turli diniy kitobchalar nashr qilindi. Har kim bilganicha diniy ilm o‘rganishga, ozgina ilmi bor kishilar ustozlik qilishga kirishib ketishdi. Shuning oqibatida qisqa muddat ichida keksa kishilar bilan yoshlar orasida turli munozara va tushinmovchiliklar kelib chiqa boshladi. Chunki Aqida masalasini o‘rgatadigan ustoz va tarbiyachilar kam edi. Ba'zi yoshlarning ilm o‘rgatgan ustozlari esa boshqa e'tiqod vakillari bo‘lib, bizning ota bobolarimiz e'tiqodlaridan farq qilar edi. Ba'zi qo‘shtirnoq ichidagi “allomalar” esa aqida tugul mazhabni ham inkor qilar edilar. Oqibatda esa o‘shanday kishilardan saboq olgan kishilar bilan turli munozara va ixtiloflar kelib chiqa boshladi. Endi ular davlatni qo‘lga olish, xalifalik o‘rnatish kabi da'volarni qila boshlashdi. Yurtimizning olimlari ularga qarshi ilmiy raddiyalar berishdi, davlatimiz tamonidan kerakli choralar ko‘rildi. Demak ularning asl maqsadi din emas, balki davlat va xalq orasida janjal chiqarish ekanligi ma'lum bo‘lib qoldi.

   Hozirgi kunda ham o‘z yurtidan chiqib ketib, kimlarnidir ko‘magi va yordami bilan balki, majburan yurtimizga, olimlarimizga turli xil ig‘vo, bo‘hton qilayotgan g‘alamislar bor. O‘zga yurtlarda dindoshlarini qonini to‘kib, “jihod” qilayapman deb yurgan nobakorlar bor. Internet saytlariga joylashib olib turli fitna va ma'lumotlar tarqatayotgan g‘alamislar bor. Tarixdan xulosa chiqarishimiz, jonajon yurtimizni asrab avaylashimiz, muqaddas dinimizni sofligini saqlashimiz har birimizning burchimizdir.

Alijon YAQUBOV - Ishtixon tuman bosh imom xatibi, "Polvon ota" jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 18/12/2019 11:36;   Ko‘rilganligi: 1259
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/aqidaviy-ixtiloflarning-kelib-chiqish-sabablari
Chop etilgan vaqti: 15/09/2024 09:19
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing