O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Anor haqida

 
 

Anor mevasi tabobatda o‘zining shifobaxsh dori ekani bilan barchamizga ma'lum va mashhur. Tabobatda uning foydalari haqida ko‘plab ma'lumotlar uchratishimiz mumkin. Anor haqida Qur'oni karim va hadisi sharifda qanday ma'lumot kelgan? Alloh taolo Qur'oni karimning Ar-Rohman surasida shunday marhamat qiladi:

 فِيهِمَا فَاكِهَةٌ وَنَخْلٌ وَرُمَّانٌ

“U ikkisida (ya'ni, ikki jannatda) mevalar, xurmo va anorlar bordir” (8-oyat).

Ushbu oyatda Alloh taolo xurmo va anor mevasini mevalardan alohida ajratib zikr qildi. Sababi bu ikki mevaning qolganlaridan fazilati o‘zgacha hisoblanadi. Imom Zamaxshariy “Al-Kashshof” asarida quyidagi ma'lumotni keltiradilar: “Xurmo meva va taom hisoblanadi. Anor esa meva va dori hisoblanadi. Ular oddiygina meva emas. Shuning uchun ham Abu Hanifa rohimahulloh “Bir kishi meva yemayman, deb qasam ichsa va anor yoki xurmo yeydigan bo‘lsa, qasamxo‘r bo‘lmaydi”, degan masalani chiqarganlar”.

Bundan tashqari Qur'oni karimning An'om surasida ikkita joyda anorning zikri kelgan:

مِّنۡ أَعۡنَابࣲ وَٱلزَّیۡتُونَ وَٱلرُّمَّانَ مُشۡتَبِهࣰا وَغَیۡرَ مُتَشَـٰبِهٍۗ

“Bir-biriga o‘xshagan va o‘xshamagan zaytun va anorlarni chiqaramiz” (99-oyat).

وَٱلزَّیۡتُونَ وَٱلرُّمَّانَ مُتَشَـٰبِهࣰا وَغَیۡرَ مُتَشَـٰبِهࣲۚ

“…zaytun va anorlarni bir-biriga o‘xshatib va o‘xshatmay paydo qilgan…” (141-oyat).

Ahmad ibn Hanbal rohimahullohning “Musnad” asarlarida Aliy roziyallohu anhuning shunday deganlari zikr qilingan: “Anorni po‘stlog‘i bilan yenglar. Chunki, u oshqozonni tozalaydi”. Ulamolar ushbu asarni hasan darajasida ekanini aytishgan.

Anorning fazilati va boshqa mevalardan afzalligi barchaga ma'lum bo‘lishiga qaramasdan, ba'zi toifalar tomonidan uning fazilati haqida yolg‘on hadislar to‘qilgani juda achinarli holat. “Kim anor yeydigan bo‘lsa, uning qalbini qirq kun munavvar qiladi”, “Kim anorning bir donasini tanavvul qilsa, shayton vasavasasidan shifo topadi” va “Kim bir dona anor yesa, Alloh taolo uning qalbini qirq kunga munavvar qilib qo‘yadi” kabi to‘qima hadislar odamlar orasida uchrab turadi. Bunday yolg‘on ma'lumotlarga aldanib qolmaslik lozim. Yana shuni ta'kidlash lozimki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg‘on to‘qishlik katta gunohlardan hisblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam bu borada shunday deb aytganlar: “Kim menga nisbatan qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdan joyini olaversin!” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom bo‘lishimizni nasib aylasin!



Xayrulloh domla Sattorov - Samarqand viloyati bosh imom-xatib o‘rinbosari 


Kiritilgan vaqti: 21/08/2021 14:04;   Ko‘rilganligi: 2031
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/anor-haqida
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 19:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing