Allohning nuridan boshqa nur yo‘qdir
Alloh taolo Sod surasida marhamat qiladi:
«Bas, uni rostlab, ichiga ruhimdan puflaganimda, unga sajda qilib, yiqilinglar!»(72-oyat).
Ha, Alloh taolo loyga O‘z ruhidan puflab, uni oliy maqomga ko‘tardi. Aynan ana shu ruh uni boshqa jonzotlardan ajratdi, ularning hammasidan ustun qildi. Aynan o‘sha ruh Odamga farishtalar sajda qilishlari uchun sabab bo‘ldi.
Inson zotining yerdan chiqqan tanasiga oliy maqomdan ruh tushgandir. Buni barcha ulamolar, jumladan, mashhur faylasuf Abu Ali ibn Sino rahmatullohi alayh ham o‘zining ruh haqida bitgan mashhur she'rida ta'kidlagan:
Tushibdir u senga yuqori makondin,
Izzatli va man qiluvchi balanddin.
Alloh taologa nisbat berilgan va oliy makondan tushgan o‘sha ruh turli mashg‘ul qiluvchilardan bo‘sh bo‘lgan, ag‘yorlarning muhabbatidan pok bo‘lgan qalbga tushsa, undan turli-tuman sirlar va ma'rifatlarni qabul qilishi juda ham oson kechadi. Bu kabi sirlar va ma'rifatlarni o‘rganish ila idrok qilish va fikriy urinishlar bilan hosil qilish imkoni yo‘qdir.
Albatta, bu holat qalbi pok, Alloh taologa muhabbati ziyoda, qalbida U Zotning muhabbatidan o‘zganing muhabbatiga joy qolmagan yetuk bandalarda sodir bo‘ladi. Chunki ularning holi ayni shunga munosibdir.
Agar bandaning qalbi nopok bo‘lsa, Alloh taologa muhabbati bo‘lmasa, ag‘yorlarning muhabbati qalbini to‘ldirib, boshqa narsaning muhabbatiga joy qoldirmagan bo‘lsa, mazkur holatga yo‘l bo‘lsin...
Ularning holi mast qiluvchi moddalarga to‘yib olib, aqli to‘silib, mast-alas bo‘lgan odamga o‘xshaydi. Unday odamning aqli joyida bo‘lmaydi. Jinniga o‘xshab qoladi. Nima deyayotganini va qilayotganini o‘zi bilmaydi. Xuddi shuningdek, qalbi dunyo va uning matohlari bilan, shahvat va ag‘yorlar muhabbati bilan mast bo‘lib qolgan nobakorga mazkur oliy maqomdan tushgan ruhga nasib qiladigan sirlar va ma'rifatlarni qabul qilishga yo‘l bo‘lsin.
Yuqorida aytib o‘tilgan haqiqatlar Ibn Atoulloh Sakandariy rahmatullohi alayhning ushbu biz o‘rganayotgan hikmati ma'nosini yaxshi tushunib olishimizga yordam beradi.
«Qalbingni ag‘yorlardan forig‘ qilgin, U Zot uni ma'rifatlar va asrorlar ila to‘ldirur».
Shuning uchun ham o‘tmishda yuqorida zikr qilingan Abu Ali ibn Sino rahmatullohi alayh va u kishiga o‘xshash qalbini ag‘yorlardan forig‘ qilgan olimlarimiz o‘zlari bahs qilayotgan ilmiy masalalardan birortasini yechish qiyinlashib qolsa, hamma narsani yig‘ishtirib qo‘yib, yaxshilab tahorat qilganlar. So‘ngra joynamozda turib, ixlos bilan ikki rakaat yoki undan ziyoda namoz o‘qiganlar. Keyin Alloh taologa iltijo qilib, masalani yechishda yordam so‘rab duo qilganlar. Shu bilan ishlari bitgan, masala yechilgan va murod hosil bo‘lgan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, haqiqatlarni idrok qilish va ilm va ma'rifatning cho‘qqilarini egallash uchun aql xizmat qiladi. Ammo Alloh taolo haqida ma'rifat hosil qilish hamda boshqa iymoniy va g‘aybiy ma'rifatlarni egallash uchun aqlning o‘zi kifoya qilmaydi. Mazkur narsalarni bilish uchun ilohiy ilhom nuri ham kerak. Bu nur esa qalbda aks etadi. Mazkur nur qalbda aks etishi uchun esa qalb turli mog‘orlardan va ag‘yorlar muhabbatidan pok bo‘lishi lozim.
Alloh taolo Nur surasida marhamat qiladi:
«Kimgaki Alloh nur bermasa, uning uchun nur bo‘lmas»(40-oyat).
Chunki Allohning nuridan boshqa nur yo‘qdir. Shuning uchun Allohning nuridan mahrum bo‘lgan kofir va munofiqlar qat-qat zulmatlar ostida qolgan kishi kabidirlar.
Alloh taolo barchamizga qalbimizni ag‘yorlardan forig‘ qilishni va U Zot uni ma'rifatlar va asrorlar ila to‘ldirishini nasib etsin!
Bolibekova Dilnoza – Ishtixon tuman otinoyisi
Kiritilgan vaqti: 21/02/2022 08:31; Ko‘rilganligi: 1324
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 01:57