Allohning hadyasi
Alloh taolo yer yuzida insonni yaratdi va unga aql berdi. Inson o‘sha aqlni ishlatsa farishtadan ham yuqori martabaga ega bo‘lishi mumkin, agar aqlini ishlatmasa aqlsiz hayvondan ham past darajada bo‘lishi mumkin. Aql insonga Alloh bergan eng ulkan ne'matlaridan biridir. Alloh taolo insonga shu kabi yuksak ne'matlarni hadya qilgan. Mana shunday ne'matlardan biri bu – farzand ne'mati. Robbul olamiyn insonga farzand ne'matini hadya qilganini Kalomi sharifda shunday bayon qiladi:
«Osmonlaru yerni mulki Allohnikidir. U Zot xoxlagan narsasini yaratur. U Zot xoxlagan kishisiga qizlar hadya etur va xoxlagan kishisiga o‘g‘illar hadya etur». (Shuuro surasi 49 oyat).
Insonlarni o‘rtasidagi muomalalarda bir-biriga hadya bersa, o‘zi hurmat qiladigan, qadrini biladigan, yaxshi ko‘radigan kishisiga beradi. Hadya olgan kishi esa, hadyani ehtiyot qiladi, asraydi, qancha qimmatbaho bo‘lsa ham uni sotib yuborishga harakat qilmaydi.
Avaylab, asrashga eng haqli bo‘lgan hadya Allohning o‘z bandasiga bergan hadyasidir. Alloh taolo bandasini yaxshi ko‘radi, ardoqlaydi, do‘zax o‘tida kuyib, yonishini istamaydi. Shu sababdan Robbimiz bizga ko‘plab ne'matlarini ato etadi, farzand ne'matini hadya qilishligi ham shu sababdandir. Bu ne'matlardan unumli foydalanishligimiz esa o‘sha ne'matni shukrini ado etishligimizdir.
Alloh taolo kimga farzand ne'matini hadya qilsa, unga shukr qilsin, ne'matni qadriga yetsin. Bu ne'matni qadrini bilish, unga shukr kilish, farzandga chiroyli ta'lim-tarbiya berib, uni dinga, vatanga, millatga xizmat qiladigan solih inson qilib voyaga yetkazishda bo‘ladi.
Tarbiya haqida Imom G‘azzoliyning «Ihyou ulumud-din» kitobida bunday deyiladi: «Bola ota-ona qo‘lida bir omonatdir. Qalbi turli naqsh va rasmlardan pok, nima naqsh solinsa, qabul qiladi, nimaga moyil qilinsa, moyil bo‘laveradi. Agar yaxshilikka undalsa va o‘rgatilsa, uning ustida o‘saveradi, dunyo va oxiratda saodatli bo‘ladi, ota-onasi hamda odob, ta'lim-tarbiya berganlar barchasi savobiga sherik bo‘lishadi. Agar yomonlikka undalsa va hayvon kabi bo‘sh qo‘yilsa, yomonlikka uchraydi, halok bo‘ladi va unga qarab turgan kishi zimmasiga gunohkorlik tushadi».
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Avlodlaringizni, birinchidan:
“Allohni sevadigan qilib tarbiyalanglar...” Chunki Alloh taolo uni yo‘qdan bor etib, ota-onani uning dunyoga kelishiga sababchi qildi. Va ularning qalblariga farzand mehru muhabbatini soldi. Agar Alloh taolo farzand muhabbatini qalbga solmaganida, uni bag‘riga bosmasdi, rahm-shafqat qilmasdi, ko‘chaga tashlab ketgan bo‘lardi. Shuning uchun farzand Alloh taoloni sevib, unga shukrlar qilishi lozim.
Ikkinchidan:
“Allohning Rasulini sevadigan qilib tarbiyalanglar”. Chunki Alloh taolo Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) xalq orasidan tanlab olib, xalqqa Payg‘ambar qilib yuborgan. Qur'oni karimning Anbiyo surasi 107-oyatida ul zotni “Biz sizni (butun) olamlarga rahmat qilib yuborganmiz”, deyilgan. Payg‘ambarimiz insonlarga ota-onasidan ham mehribonroq bo‘lgan, dunyodagi barcha yaxshiliklarni o‘rgatgan zot, butun dunyo ahlining ustozi sanaladi.
Uchinchidan:
“Allohning Kitobini sevadigan qilib tarbiyalanglar...”. Chunki bu Kitob insoniyatni hidoyatga chorlaydi.
Bu uchta talab inson farzandiga o‘rgatilishi lozim bo‘lgan qoidalardan sanaladi.
Alloh taolo barchalarimizni to‘g‘ri yo‘lidan adashtirmasin va farzan ne'matini shukrini chiroyli tarzda ado etishligimizni nasib qilsin.
Kattaqo‘rg‘on tumani «Yangiravot» jome masjidi imom xatibi Boxodirov Faxriddin manbalar asosida tayyorlari.
Kiritilgan vaqti: 03/06/2022 09:12; Ko‘rilganligi: 1863
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:49