O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

ALLOH VA'DASIGA XILOF QILMAYDI

 
 

Jabroil alayhis salom Rasululloh sallollohu alayhi va sallam bilan kunduzi ma'lum vaqtda uchrashishga va'dalashdilar. Ammo o‘sha vaqt kelganida kelmadilar. Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning qo‘llarida aso bor edi. Asoni irg‘itib yuborib dedilar:
“Alloh va Uning elchilari va'dasiga xilof qilishmaydi!”.
So‘ngra uyoq-buyoqqa qaradilar. O‘rindiqlari ostida kichkina kuchukcha bor ekan. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam so‘radilar:
-Ey Oisha! Bu kuchukcha qachon kirib qoldi bu yerga?
-Allohga qasamki, bilmayman.

Shunda Rasululloh sallollohu alayhi vas sallam kuchukchani olib chiqib tashlashni buyurdilar.Uni tashqariga olib chiqib tashlashdi.
Jabroil alayhis salom kelganlarida Rasululloh sallollohu alayhi va sallam u zotga dedilar:
-Menga va'da bergan edingiz, sizni kutdim, kelmadingiz?!
Jabroil alayhis salom:
-Uyingizdagi kuchuk meni kirishdan man qildi. Biz it va surat bor bo‘lgan uylarga kirmaymiz!

Itning nimaligi ma'lum. Joni bor narsalarning surati va haykallar ham dinimizda man qilingan. Asrdosh ulamolarimizning ko‘pchiligi fotografiyani joiz deyishadi.
Ammo bizning maqsadimiz bugun bular emas. Biz Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning: “Alloh va Uning elchilari va'dasiga xilof qilmaydi!”, degan gaplariga biroz to‘xtalmoqchimiz.
Jabroil alayhis salom kechikkanlarida Nabiy alayhis salom avvalo uylarini tekshirdilar. Kichkina kuchukchani ko‘rib qolib, uni uydan chiqarib tashlashni amr qildilar. Biz Allohga ana shunaqangi ishonch bilan muomala qilishimiz kerak: Alloh va'dasiga xilof qilmaydi!
Alloh taolo “Agar shukr qilsanglar Men albatta sizga ziyoda qilaman!”, desa buning shartli va'da ekanligiga ishoning. Buning boshi sizda, oxiri esa va'dasiga xilof qilmaydigan Allohning huzuridadir. Siz ne'matga shukr qilib borganingiz sari Alloh ne'matini sizga ziyoda qilib boradi. Bu qaytilmaydigan va'dadir. Bu to‘silmaydigan qadardir. Shukr til va a'zolar bilan bo‘ladi. Til Allohga hamd aytadi, a'zolar esa amal qiladi.
Mol egasining shukri sadaqa va infoq qilishdir. Olimning shukri ilmini Allohning rizosi uchun o‘rgatishdir. Mansabdorning shukri adolat qilishidir. Kuchli insonning shukri zaiflar manfaati uchun harakat qilishdir.
Agar Alloh taolo “Meni zikr qilinglar, Men ham sizlarni zikr qilaman!”, desa buni ishonchla his qiling. Bu ish albatta sodir bo‘lishiga ishoning. Agar siz Allohning ichingizda zikr qilsangiz Alloh ham sizni hech kimga bildirmasdan zikr qiladi. Agar siz Allohni odalarning ichida zikr qilsangiz U ham sizni farishtalarining ichida zikr qiladi. Zikrning ko‘pi til orqali bo‘lsada, mavqiflar ham zikrdir. Gunoh qilayotganingizda Allohning ko‘rib turganini his qilishingiz va gunohdan qaytishingiz ham zikrdir!
Agar Alloh taolo “Menga duo qilinglar, sizlarga ijobat qilaman!”, desa ijobat qilishiga ishonib turib duo qiling. Allohning ijobatini sinab ko‘rish uchun duo qilmang. Allohga nisbatan odobda turish ham duoning bir qismi hisoblanadi. Shuni bilingki, agar Alloh sizni ijobatdan mahrum qilsa, U sizga zarurroq narsani berish uchun man qilayapti. Alloh har qanday misoldan oliy, ammo tushuntirish uchun aytamizki, ota-ona o‘z go‘dagining uyning bir burchagida turgan turli rangdagi dorilarni olib og‘ziga solayotganini ko‘rsa darrov u dorilarni undan tortib oladi. Chunki bu dorilar unga zararlida!
Agar Alloh taolo “Modomiki ular istig‘for aytishar ekan Alloh ularni azob berguvchi bo‘lmas”, desa ishoning, istig‘for Allohning g‘oridir. Unga kirgan kishi Allohning azobidan omonda bo‘ladi. Kasallik, faqirlik va xavf azob emas. Anbiyolar ham bemor bo‘lishgan. Ayyub alayhis salom sizdan uzoq emas. Rasullar ham faqir bo‘lishgan. Bir necha kunlar o‘tsada Nabiy alayhis salomning uylarida bir dona xurmo bo‘lmas edi. Payg‘ambarlar ham qo‘rqishgan. Sehrgarlar asolarini tashlashganda Muso alayhis salom ichlarida qo‘rquvni his qildilar. Shunda Alloh taolo: “Qo‘rqma! Sen ustunsan!”, degan edi!

Urgut tumani "Urgut markaziy" masjidi xodimi A.Polvonov


Kiritilgan vaqti: 30/12/2021 08:13;   Ko‘rilganligi: 1217
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/alloh-vadasiga-xilof-qilmaydi
Chop etilgan vaqti: 28/04/2024 19:12
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing