O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

ALLOH TAOLOGA MAKON TAYIN QILISH AQIYDADA ADASHISHDIR!

 
 

Aqidatut-Tahoviyada, "U Zot chegaralardan, nihoyalardan, arkonlardan, a'zo va asboblardan oliydir. U Zotni boshqa paydo bo‘lgan narsalarga o‘xshab, olti taraf o‘ray olmas." deyilgan.
"U Zot chegaralardan oliydir", ya'ni Alloh taolo Uni birortasi o‘z chegarasi bilan ihota qilishidan oliy
ekani ta'kidlanmoqda. Chunki U Zot O‘z maxluqotlaridan ajralib turadi, ulardan tamoman o‘zgachadir.

"Nihoyalar"dan murod jismlarga xos bo‘lgan tugash nuqtalaridir. Alloh taolo narsalarning haqiqatini bayon qiluvchi chegaralar ihotasidan ham oliy bo‘lganidek, nihoyalarning ihotasidan ham oliydir. Chunki jismning nihoyasi sathdir. Sathning nihoyasi chiziqdir. Chiziqning nihoyasi nuqtadir. Bu narsalarning hammasi jismlarga xosdir. Alloh taoloni chegara yoki nihoyaning bayoni bilan tanib bo‘lmaydi. U Zotni sifatlaridan, af'ollaridan va payg‘ambarlarning bayonidan taniladi. Shuningdek Alloh taolo arkon, a'zo va asboblardan ham oliydir.
"Arkonlar"dan oliyliga kelsak, rukn mohiyatining bir bo‘lagidir. Alloh taolo esa yakkayu yolg‘izdir, bo‘laklarga bo‘linmas.
" A'zolar"dan oliyliga kelsak, unda ham bo‘linish, parchalanish ma'nosi bordir. Alloh taolo bunday narsalardan oliydir.
"Asbob" esa manfaat topish yoki zararni daf qilish uchun ishlatiladigan narsadir. Bu ma'noni hech qachon Alloh taologa nisbatan ishlatib bo‘lmaydi.
Shuningdek, Alloh taoloni o‘ng, chap, ust, ost, old va ortdan iborat olti taraf ham ihota qila olmaydi. Alloh taoloni maxluqotlardan hech biri ihota qila olmaydi va chagaralay olmaydi. Olti taraf xoh nisbiy, xoh haqiqiy ma'noda bo‘lsin, maxluqotlarga xos narsadir.
Ammo ust haqida gap ketganda, makon e'tibori ila gap ketadigan bo‘lsa, Alloh taolo bundan pokdir. Agar martaba, ustunlik haqida gap ketadigan bo‘lsa, u ma'noni Allohdan rad qilish noto‘g‘ridir. Chunki U Zot martaba jihitidan olamning hammasidan ustundir.
Alloh taolo Uni maxluqotlaridan biror narsa ihota qilishidan va biror narsaga muhtoj bo‘lishidan pokdir.
Alloh taoloni "osmonda" deb, isbot qilishga urinayotgan toifalar Alloh taologa nisbatan noto‘g‘ri nisbat berib, aqidada adashmoqda.


Nazarov Anvar Kattaqo‘rg‘on shahar "Muhammad Naqibbek" masjidi imom-xatibi (Manbalar asosida)


Kiritilgan vaqti: 12/11/2021 06:45;   Ko‘rilganligi: 536
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/alloh-taologa-makon-tayin-qilish-aqiydada-adashishdir
Chop etilgan vaqti: 17/05/2024 11:07
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing