O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Alloh taolo musulmonlarni hech bir ishga bexikmat buyurmaydi

 
 

Dinimizda oilaga katta e'tibor berilib, uni qanday tashkil qilish, uning boshlig‘i kim bo‘lishi, huquqlari, farzand tarbiyasi a'zolari o‘rtasida kelib chiqadigan kelishmovchiliklarni muolaja qilish, umuman oilaviy hayotning barcha masalalariga javob berilgandir.

Albatta, oila insonlarning baxtu saodatini ta'minlovchi qo‘rg‘ondir, shuning uchun jamiyatning bir bo‘lagi bo‘lgan oilada er rahbar hisoblanadi.

Haqiqatda Alloh taolo erkak kishini uning jismoniy va ruhiy jihatlari bilan oila rahbari bo‘lishga mos qilib yaratgan. Oila qurish va uning osoyishtaligini saqlash va bu yo‘ldagi barcha sarf xarajatlar ham erkak kishining zimmasidadir. Shunday ekan u oilaning har tamonlama mustahkam bo‘lishi uchun mas'uldir.

Alloh taolo musulmonlarni hech bir ishga bexikmat buyurmaydi. Shuning uchun erkak kishiga oiladek muqaddas dargohga rahbar bo‘lishdek vazifani yuklab unga o‘z rahbarligini shariatda ko‘rsatilganidek ado etishga buyurishi bilan oilalarning baxtli bo‘lishlariga yo‘l ko‘rsatadi. Shuning uchun har bir er oilada doimo tinchlik va totuvlik davom etishi uchun o‘zining vazifa va burchlarini to‘liq ado etib borishi lozim.

Erning o‘z oilalari (ya'ni ayollari) oldilarida jismoniy va moliyaviy burchlari ham mavjudki islom shariati o‘zining asosiy manbalari bo‘lmish Qur'oni karim va sunnati nabaviyada ushbu burchlarni mufassal bayon qilib bergan. Jumladan, Alloh taolo erkaklarga xitob qilib: “Ular bilan totuv turmush kechiringlar” degan.(Niso 19).

Darhaqiqat, Islom dini o‘z ayollariga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lgan erlarni insonlarning eng yaxshilari qatoriga qo‘shadi. Bu haqda Rasululloh s.a.v. shunday deganlar: “Sizlarning ichlaringizdagi eng yaxshilaringiz bu o‘z ahli-ayollariga yaxshi munosabatda bo‘lganlaringizdir. Men esa o‘z ahlimga sizlardan yaxshiroq munosabatdaman”.

Albatta, “har to‘kisda bir ayb” deganlaridek inson zoti aybu nuqsonlardan xoli emas. Shundoq ekan, bizning olijanob dinimiz erkaklarni o‘z ayollarining ba'zi ayblaridan ko‘z yumishga buyurib, oilaning bardavom bo‘lishligini ko‘zda tutgan holda ularga pandu nasihat qilishni tavsiya qiladi.

Raximov Ziyovuddin Tayloq tumani “Yastepa” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 26/10/2023 12:32;   Ko‘rilganligi: 143
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/alloh-taolo-musulmonlarni-hech-bir-ishga-bexikmat-buyurmaydi
Chop etilgan vaqti: 04/05/2024 06:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing