O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Alloh taolo har bir bandasiga niyatiga yarasha beradi, amaliga yarasha taqdirlaydi

 
 

Mo‘min kishining niyati –yurt tinch, hayot faravon, farzandlar omon bo‘lmog‘idir.

Allohga beadad shukrlar bo‘lsinkim, yurtimizda tinchlik-osayishtalik hukm surmoqda. Hayotimiz kundan kunga faravon bo‘lib bormoqda. Farzandlarimiz baxtli bo‘lishlari uchun barcha imkoniyatlar eshiklari ochilgan. Buni yoshlarimiz tarbiya olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlarda yaqqol ko‘ramiz. Umumta'lim maktablari, kasb-hunar maskanlari bilim olish, kasbu hunar o‘rganish orzusida bo‘lgan yoshlar uchun zamonaviy texnologiyalar asosida xizmat ko‘rsatmoqda.

Yoki oliy ta'lim muassasalar soni so‘ngi besh yilda deyarli uch marta oshgani, endilikda umumta'lim maktabi bitiruvchilarining deyarli uchdan birisi talabalik baxtiga erishayotgani –islohotlarimizning mo‘jizaviy samarasi emasmi?!

Yaqin-yaqinlargacha qishloqlarda ikki qavatli binolar barmoq bilan sanarli edi. Uyam bo‘lsa birorta maktab yoki ma'muriy bino. Endilikda eng chekka mahallarda ham besh, yetti va hatto to‘qqiz qavatli binolar qad rostlamoqda. Bular aholi uchun qurilayotgan turar joy binolari bo‘lib, ular yurtimiz ko‘rkini oshirish asnosida fuqarolarimizning turar joyga bo‘lgan ehtiyojini qoplashga xizmat qilayotir. Kunaro ishga tushirilayotgan tadbirkorlik inshootlari haqida aytmayapmiz hali.

Muhtaram Yurtboshimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan bu islohotlar –savobli ishlar barchamizni ushbu jarayonlarda imkonimiz qadar qatnashmoqni talab qiladi. Negaki, bularning barchasi biz uchun –kelajagimiz egalari bo‘lgan farzandlarimiz uchundir!

Bu esa muqaddas dinimizda aytilgan niyatimiz amalimizga mos bo‘lishi haqidagi tamoyillarga mos va uyg‘un keladi.

Bu yil ulug‘ bayramimiz shiorida “el aziz, inson aziz” so‘zlari behudaga keltirilmagan. Amaliyotga aylantirilayotgan barcha yangiliklar, islohotlar elimiz uchun, demak shu elda yashayotgan har bir inson uchundir!

El aziz bo‘lmog‘i uchun u obod bo‘lmog‘i, har bir fuqarosi baxtli yashamog‘i kerak.

Inson aziz bo‘lmog‘i uchun u oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishmog‘i, buning uchun davlatimiz kafolatlar yaratmog‘i lozim.

Beadad shukrlar bo‘lsinkim, Mustaqilligimizning 31 yillik to‘yi arafasida sodir bo‘lgan quvonchli voqealardan birisi ayni shu kafolatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan yangilikdir. Tezkor vaqt, keng ko‘lamli islohotlar va albatta fuqarolarning davr nuqtai nazaridan haq-huquqlari, baxtli yashashlari kafolati bo‘lmish Bosh qomusimizning yangi loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilganini va barcha bu jarayonda faol qatnashayotganini e'tiborda tutayapman. Hech shubhasiz, yangilangan Konstitusiyamiz ertangi osayishta hayotimiz uchun mustahkam poydevor bo‘ladi.

Yana bir quvonchli –barchamizni g‘oyatda hayajonlantirgan voqea Yurtboshimizning umra ziyoratini ado etganliklari, muqaddas qadamjolarda yurtimiz tinchligi, fuqarolarimiz baxtini Yaratgandan tilaganlari bo‘ldi.

Bu hayajonli daqiqalarni oynai jahon orqali kuzatayotgan yurtdoshlarimiz ko‘zlarida yosh ko‘rdim. Bular quvonch ko‘z yoshlari edi, minnatdorlik ko‘z yoshlari edi, shukronalik ko‘z yoshlari edi.

Hadisi muborakda aytilganidek: “Kim insonlarga shukr qilmasa, Alloh taologa shukr qilmabdi. Ne'matlarni gapirish shukrdir. Uni tark qilish esa kufrdir.Alloh taolo O‘zining ne'matlariga shukr aytishga buyurib, kalomida shukr qiluvchilarga ne'matlarini yanada ziyoda qilish va'dasini berib, shunday deydi: “Yana Rabbingiz e'lon qilgan (bu so‘zlar) ni eslangiz: «Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman.”.

Islom ta'limotida ne'matlarga shukr qilish ulug‘ fazilat va yuqori daraja xisoblanadi. Bu haqda Abdulloh ibn Abbos (r.z.) shunday degan ekan:

Shukr qilishlik imonning yarimidir”.Boshqa bir rivoyatda esaImon — sabr va shukrdan iboratdeb ham aytilgan. Yaxshi niyatlar, savobli amallar bilan qarshilayotgan ulug‘ bayram barchamizga muborak bo‘lsin!

Abrorov Jahongirxon O‘MI Samarqand viloyat vakilligi xodimi


Kiritilgan vaqti: 23/08/2022 10:37;   Ko‘rilganligi: 367
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/alloh-taolo-har-bir-bandasiga-niyatiga-yarasha-beradi-amaliga-yarasha-taqdirlaydi
Chop etilgan vaqti: 18/05/2024 09:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing