O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Alloh taolo yer yuzini inson uchun obod qilib, barcha sharoitlarni yaratdi

 
 

“U sizlarni yerdan paydo etib, sizlarni uni obod etuvchi qildi”

Alloh taolo yer yuzini inson uchun obod qilib, barcha sharoitlarni yaratdi. U Zot yerni inson uchun beshik qildi. Tog‘larni qoziq qilib yaratdi. Osmondan yog‘dirgan barakot suvlari bilan daraxtlar, o‘t-o‘lan va barcha nabototlarni o‘stirib, insonlar va hayvonlarga rizq qilib berdi.

Aslida insonning yaratilishi ham tuproqdandir. Alloh taolo insonni tuproqdan xalq qilar ekan, uning zimmasiga yer yuzini obod qilishni yukladi. Bu haqda Qur'oni karimda bunday deyiladi: “U sizlarni yerdan paydo etib, sizlarni uni obod etuvchi qildi” (“Hud” surasi, 61-oyat).

Muqaddas dinimizning mo‘tabar manbalarida insonlarni bog‘lar yaratishga, ekin ekishga, obodonchilik qilishga targ‘ib qilgan. Ushbu amallarga Yaratganning ulug‘ mukofati borligini ham ma'lum qilgan. Jumladan: Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam o‘z ummatlarini mazkur savobli amallarga targ‘ib qilib: “Biron-bir musulmon kishisi bir daraxt o‘tqazsa yoki bir narsa eksa, bas undan qush yoki inson tanavul etib, manfaatlansa, shu sababdan u kishi ehson qilganlik savobiga erishur” deb, marhamat qilganlar.
Anasdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bir musulmon bir daraxt o‘tqazsa yoki bir ekin eksa va uning mevasidan inson yo qush yoki hayvon yesa, unga sadaqaning savobi bordir”, deganlar (Muttafaqun alayh).

Mana shu o‘rinda quyidagi rivoyatni aytib o‘tishlik o‘rinli bo‘ladi.
Bir podshox o‘z vaziri bilan sayrga chiqib bir qishloqdan o‘tib borar ekan, bog‘ida ishlayotgan qari cholni ko‘rdi. Chol qarib qolganiga qaramay mehnat qilib daraxt ko‘chatlarini ekayotgan ekan. Cholning bunday mehnat qilishi podshoxga juda yoqdi. Podshoh vaziriga shu chol bilan biroz suhbatlashaylik, deya cholning oldiga keldi.

Podshoh: “Hormang ota, nima qilayapsiz? Yerga nima ekayapsiz?”, dedi.
Chol: “Salomat bo‘ling shohim. Mevali daraxt ekayapman”, dedi.
Podshoh: “Otaxon, bularning mevalarini yeyish sizga nasib etarmikan, axir siz qarigan bo‘lsangiz, bu daraxtlar ko‘p yillardan so‘ng hosil beradi-ku?”, dedi.

Chol: “Bularni yeyish menga nasib etmasa kerak”, deb javob berdi.
Podshoh: “U holda nega o‘zingizni bunchalar qiynab mehnat qilib daraxt ekayapsiz? O‘zingiz mevasini tatib ko‘rmasligingizni bila turib daraxt ekayapsiz-a?”, deb so‘radi.

Chol: “Podshohim, bizdan oldingi ota-bobolarimiz ekdilar, biz yedik. Endi biz ham ekamiz va bizdan keyingilar yeyishsin”, dedi.
Bu javob podshohga ma'qul bo‘ldi va cholga bir hamyon oltin berdi. Chol oltinlarni olib: “Allohga shukurlar bo‘lsinki, bizning daraxtimiz bugunning o‘zida hosil berdi”, dedi.

Bu javob podshohga yoqdi va cholga yana bir hamyon oltin berdi. 
Chol: “Allohga hamdu sanolar bo‘lsinki, hamma daraxtlar bir yilda bir marotaba hosil bersa, mening ekkan daraxtim ikki marotaba hosil beradi”, dedi.

Podshoh unga yana bir hamyon oltin bermoqchi bo‘ldi. Shunda vaziri darxol to‘xtatib: “Ey podshohim bu yerdan tezroq ketmasak xazinangizdagi oltinlar tugab qoladi”, dedi. Podshoh o‘z yo‘lida davom etdi. 
Chol juda xursand bo‘lib, qo‘lini duoga ochdi: “Yo Robbim, sen buyuksan men vaqtimni bekor o‘tkazmay sening roziliging uchun daraxt ekaman”, dedi.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) shunday deganlar: “Qiyomat kuni bo‘lsa ham qo‘lida bir nihol bor odam uni eksin”.

Dinimiz ko‘rsatmlarida yer yuzini obod qilish, undan unumli foydalanishga targ‘ib etilib, qarovsiz holda tashlab qo‘yilishiga salbiy munosabat bildiraladi. Jobirdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Allohga ishonib, savob umidida qarovsiz yerni obod qilsa, Alloh uning ishiga yordam va baraka beradi”, deganlar (Tabaroniy rivoyati).

Ma'lumki, bugungi kunda aholining bandligi ayniqsa qishloq joylarda ish masalasi qiyin ekani hech kimga sir emas. Prezidentimiz boshlab bergan ochiqlik, oshkoralik siyosati tufayli bu muammolar asta sekin o‘z yechimini topmoqda.

So‘ngi vaqtlarda fuqarolar, tadbirkorlar, fermerlarning yerlari olib qo‘yilishi hamda boshqa birovga sotib yuborilish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa, aholini tadbirkor va fermerlarni e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda edi.

Yer maydonlarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta'minlash, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash, shuningdek, yerning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik huquqiy munosabatlar obyekti sifatida erkin muomalaga kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta'minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.

Umuman, farmonning mazmun-mohiyati yer qonunchiligi sohasida tubdan yangi davr boshlanayotganini anglatadi. 

Islom shari'atida ham yerga bo‘lgan munosabatlar, unga egaliq qilish huquqi, obod etish kabi masalallar aniq yoritilgan. Jumladan hadisi shariflarda shunday deyiladi:

“Oysha raziyallohu anho Nabiy sollollohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan hadislarida: “Kim birovniki bo‘lmagan yerni obod qilsa, (o‘sha yerga) eng haqli kishi o‘shadir” , dedilar. Imom Buxoriy rivoyati.

Urva: “Umar raziyallohu anhu ham o‘z xalifalik davrida shunga hukm qilgan”, deydi.

Said ibn Zayid raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollollohu alayhi va sallam: “Kim biron-bir o‘lik yerni tiriltirsa, u uning uchundir. Zolimning tomiri uchun biron-bir haq yo‘q”.  Abu Dovud va Termiziy rivoyati.

Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollollohu alayhi va sallam: “Kim biron-bir o‘lik yerni tiriltirsa, u uning uchundir.” Imom Termiziy va Ahmad rivoyati.

Rofiye ibn Xodij raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollollohu alayhi va sallam: “Kim bir qavmning yerida ularning ruxsatisiz ziroat qilsa, u odamga ziroatdan biror narsa bo‘lmaydi va unga uning nafaqasi bordir.” Abu Dovud va boshqalar rivoyati.

Hulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Alloh bizlarga ne'mat qilib bergan yer ne'matini asrab avaylash, uni muhofaza qilish, tashlandiq va qarovsizlikka aylanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik har bir kishining insoniylik burchidir.

O‘z navbatida, davlatimiz rahbarining mazkur hayotbaxsh farmoni yer munosabatlarini har qanday ko‘rinishini tartibga solishda shaffoflikni va adolatni ta'minlashga xizmat qiladi.

 

ZAYNIDDIN ESHONQULOV – O‘MI Samarqand viloyat bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 19/06/2021 14:59;   Ko‘rilganligi: 1022
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/alloh-taolo-er-yuzini-inson-uchun-obod-qilib-barcha-sharoitlarni-yaratdi
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 20:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing