O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

ALLOH RAHMLILARGA RAHM QILADI!

 
 

Nabiy alayhis salomning qizlari Zaynab roziyollohu anho o‘g‘ilchasi jon berayotganini aytib Rasululloh sallollohu alayhi va sallamni chaqirtirdi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam unga: "Olgan narsasi ham, bergani ham Allohniki. Uning nazdida barcha narsaning o‘lchab qo‘yilgan muhlati bor. Sabr qil, Allohdan savob umid qil!", deb odam yubordilar.
Qizlari Zaynab Allohning nomi bilan qasam ichib Rasululloh sallollohu alayhi va sallamni yana chaqirtirib odam yubordi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam bir qancha sahobalar bilan Zaynabning oldiga bordilar. Ular orasida Sa'd ibn Uboda, Muoz ibn Jabal, Ubay ibn Ka'b, Zayd ibn Sobit roziyollohu anhumlar bor edi.

Rasululloh sallollohu alayhi va sallamga bolani keltirishdi. U oxirgi nafaslarini olayotgan edi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning ko‘zlaridan yosh oqdi, yig‘ladilar. Shunda Sa'd ibn Uboda roziyollohu anhu ajablanib: "Bu nimasi ey Allohning Rasuli?!", dedi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam unga: "Bu bandalarining qalbiga Alloh solib qo‘ygan rahmat. Alloh bandalari ichidan rahmlilarigagina rahm qiladi!", dedilar.

Agar sabr hamroh bo‘lsa yaqinlarni yo‘qotishdan yig‘lashning zarari yo‘q. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam ham ko‘p yaqinlarini yo‘qotib yig‘laganlar. Ammo shuni bilish kerakki, rahmat faqatgina yig‘lashda cheklangan emas. Allohning rahmli bandalari yo‘qotish paytida doim ham yig‘layverishmaydi. Bandalardagi rahmat bu amaliy yo‘l. Uni har kuni qilish mumkin.
Misol uchun, xotiningiz uy ishlarini qilib yurganida unga yordamlashsangiz demak siz rahmdil insonsiz.
Agar xotiningiz sizga yoqmaydigan ish qilganida g‘azabingizni jilovlasangiz demak sizda rahmat namoyon.
Ko‘cha chetida arzimagan narsalarni sotib o‘tirgan bechora bir insonni ko‘rib qolib undan savob umidida biror narsa sotib olsangiz demak siz rahmdil insonsiz.
Peshanani tirishtiradigan ishlar biri shuki, ba'zilar faqir sotuvchilar bilan oldi-berdi qilganda arzimagan tiyinlar uchun xuddi yer sayyorasini sotib olayotgandek tortishib, brend kiyimlar xarid qilganda esa o‘zini saxiy-boy ko‘rsatib indamasdan aytgan va ko‘rsatilgan narxida olib ketaveradi.
Ikki er-xotin janjal qilib ajrashmoqchi bo‘lishganda ularga, ularning farzandlariga iching achib ularni yarashtirishga, isloh qilishga harakat qilsang demak rahm bor senda.
Hech kim e'tibor bermaydigan, yo‘qolsa birov yo‘qlamaydigan faqir insonning bemor bo‘lganini eshitsang, uni uyida ziyorat qilib ko‘nglini olsang, agar muhtoj bo‘lsa dori-darmoniga yordam bersang demak sen rahmlisan.
Ishdagi hamkasbing mashg‘ul bo‘lib qolganida uning o‘rnida ishlab turishing ham senda rahm otliq tuyg‘uning borligiga dalildir.

Allohning roziligini istab birovlarga yetkazgan foydang, birovlarning ko‘nglini olishing, insonlarga beradigan ehsoning qalbingda rahmatning aks etishidir. Inshaalloh rahmatning kattasini Allohning huzuriga borganingda ko‘rasan!

Urgut tumani "Urgut markaziy" masjidi xodimi A.Polvonov


Kiritilgan vaqti: 12/11/2021 06:55;   Ko‘rilganligi: 573
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/alloh-rahmlilarga-rahm-qiladi
Chop etilgan vaqti: 17/05/2024 07:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing