O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

AL-JOMI' AS-SAHIHDA FITNALAR MASALASINING YORITILISHI (1-maqola)

 
 

Ma'lumki, din ezgulik va barcha yaxshiliklar manbai hisoblanadi. Darhkaqiqat, islom dini jamiyatni ma'lum bir tartibga solish va  insoniyatning hayotini go‘zallashtirish uchun nozil qilingandir. Ammo, sof islomiy e'tiqodni noto‘g‘ri talqin qilish yoki ba'zi bir siyosiy kuchlarning o‘z manfaatlari yo‘lida dindan foydalanish oqibatida musulmonlar orasida turli fitnalarni kelib chiqishi tarixda ham hozirda ham mavjud bo‘lgan ko‘z yumib bo‘lmas holatdir. Agar biror jamiyatning ma'lum makonida bir fitna boshlansa-yu, u jamiyatning oqil insonlari johillarini unga aralashib qolishdan to‘sib qola bilmasa, u fitna kengayib jamiyatdagi oqilni ham johilni ham, solihni ham fojirni ham o‘z domiga tortadi. Jamiyatda buzg‘unchilik ko‘paysa, yaxshi-yomon birdek jazolanadi. Agar hech kim zolimning qo‘lini zulmdan to‘xtatmasa, Allohning balosi hammaga yog‘iladi. “Payg‘ambarning amriga xilof ish qiladigan kimsalar o‘zlariga biron fitna-kulfat yetib qolishidan yoki alamli azob yetib qolishidan hazir (ehtiyot) bo‘lsinlar”. (Nur surasi, 63-oyat).

Xalqimizda “O‘rmonga o‘t ketsa ho‘l quruq barobar yonadi,” degan maqolida ham fitna boshqarilmagan olovga o‘xshatiladi. Chunki, fitnaning ortidan keladigan ma'naviy va iqtisodiy zararni hech bir moddiy qiymatdagi narsalar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Fitnaning ko‘lami qanchalik kengaygan sari, uning zarari ham shunchalik kengayib, turli qavmlar va xalqlarni, turli millatlar va elatlarni o‘z domiga tortib boraveradi. Faqat Alloh taolo saqlagan bandalar bundan mustasnodir. Shuning uchun ham Alloh taolo barchalarimizni turli fitnalardan va unday fitnalarni tashkillashtiruvchi fitnachilardan ehtiyot bo‘lishimizga chorlab shunday deydi:

وَاتَّقُوا فِتْنَةً لاَ تُصِيبَنَّ الَّذِينَ ظَلَمُوا مِنْكُمْ خَاصَّةً وَاعْلَمُوا أَنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ

ya'ni: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo‘lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo‘ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo‘yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir”. (Anfol 25)

 Aslida, bunday buzg‘unchi kayfiyatdagi firqalarga Islom dini qanday qaraydi? Asl islomiy mohiyat nimalardan iborat?

Dindan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanish jamiyat uchun o‘ta xatarli ishlardan biri ekanligini janob Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sallollohu alayhi va sallam o‘z ummatini ogoh etganlar. Musulmonlar jamoasi adashib zololatga ketmasligi uchun bu kabi turli xil fitnachi oqimlarning chiqishi haqida Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam 14 asr muqaddam o‘zlarining hadisi muboraklari orqali bashorat bergan edilar.  Imom Buxoriy musulmonlarni haq yo‘ldan og‘ishmay iymonlarini basalomat saqlamoqliklari uchun ana shunday hadislarni jamlab o‘zining shoh asari “al-Jomi' as-sahih” hadis to‘plamida alohida kitob shaklida keltirdilarki, bu muborak hadislar asrlar osha ayni biz yashayotgan zamonda ham musulmonlar imoni uchun mustahkam qo‘rg‘on vazifasini o‘tab kelmoqda, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Imom Buxoriyning “al-Jomi' as-sahih” asarida jamiyatda uchraydigan turli muammolarni yechimiga oid hadislar keltirilgan bo‘lib, juda ko‘plab ijtimoiy va ma'rifiy, aqidaviy va fiqhiy masalalarni o‘zida qamrab olgan. Shu sababli ham “al-jomi'” – (turli masalalarning yechimini) o‘zida jamlovchi, deb nomlangan. Jumladan, Imom Buxoriyning bu hadis to‘plamida jamiyatda har bir makon va zamonda o‘z dolzarbligini yo‘qotmasdan kelayotgan jamiyatda uchraydigan turli fitnalarga oid hadislarni to‘plab, “Kitab al-fitan” – “Fitnalar kitobi”ni ta'lif etdi. Biz yuqorida aytilingani kabi savollarga javobni Imom Buxoriyning “al-Jomi' as-sahih” asarining “Kitab al-fitan” – “Fitnalar kitobi”dan topamiz. Imom Buxoriy mazkur kitobga 28 bobdan iborat 86 dona hadisni kiritgan. Unda kelajakda ummat ichida turli fitnalarni yuzaga kelishi haqida xabarlar, fitnalarni oldini olish uchun nimalar qilish zarurligi, fitna va ixtiloflar yuzaga kelganda nima qilmoq kerakligi va qiyomat alomatlaridan biri bo‘lgan eng katta fitna – Dajjolning zuhur bo‘lishi haqidagi hadislar keltirilgan.

Fitna – bu so‘z lug‘atda “imtihon, sinov, balo” ma'nolarini anglatadi. Aslida, tillo va kumushni boshqa aralashmalardan tozalash uchun uni olovda eritishga aytiladi. Ulamolarimizning shar'iy istilohda “fitna” so‘ziga bergan ta'riflariga ko‘ra, fitna – hox ixtiyoriy hox majburiy tarzda uning hududiga doxil bo‘lgan har qanday kimsa va narsalarni turli balo, vayronalik, mashaqqat, azob, fisqu fujur, jinoyatchilik, musibat va tashvishlar girdobida qolmog‘idir, deydilar.

Qur'oni karim oyatlarida kelgan fitna lafzi ham o‘zidan bir necha turli ma'nolarni anglatadi. Shirk, kufr, sinov, hidoyatdan adashishlik, junbushga kelish, isyon qilish va shulardan boshqa yuqorida tafsilotlari aytib o‘tilgani kabi so‘zlar ma'nolari uning asosini tashkil qiladi.

Shuningdek, Alloh taolo O‘z xalqini imtihon qilmoq uchun ba'zisini ba'zi bilan; musulmonni kofir bilan kofirni musulmon bilan, boylarni faqirlar bilan faqirlarni esa boylar bilan, kuchlilarni zaiflar bilan zaiflarni esa kuchlilar bilan, chiroylini xunuk bilan xunukni chiroyli bilan fitnalamog‘i  ham mumkin. Bu o‘rinda avlo bo‘lganlar o‘z nafsi bilan g‘ururlanib fitnalansalar, avlo bo‘lmaganlar Alloh taoloning qadari va qismatiga norizoligi bilan fitnalanadi. Shuning uchun Alloh taolo:

 وَجَعَلْنَا بَعْضَكُمْ لِبَعْضٍ فِتْنَةً 

“... Biz sizlarning ba'zilaringizni ba'zilaringiz uchun fitna-sinov qilib qo‘ydik. ....”  deydi.[1]

Imom Buxoriy fitna so‘ziga: “U – sinov, tanlash, imtihon qilish ma'nolarini o‘z ichiga olib, goho fitna yaxshilik ma'nosida, goho yomonlik ma'nosida qo‘llaniladi. Fitnalar ichida eng zarari kattasi insonni to‘g‘ri yo‘ldan adashtiruvchilaridir,” deb ta'rif beradilar va “al-Jomi' as-sahih” asarida “Fitnalar kitobi”da ham aynan insonni to‘g‘ri yo‘ldan adashtiruvchi fitnalarni nazarda tutgan hadislarni jamlab keltirganlar.

Imom Buxoriy “al-Jomi' as-sahih” asarida “Fitnalar kitobi”ni boshlar ekan, uning muqaddimasini Qur'oni karimning ushbu oyati bilan boshlaydilar:

وَاتَّقُوا فِتْنَةً لاَ تُصِيبَنَّ الَّذِينَ ظَلَمُوا مِنْكُمْ خَاصَّةً وَاعْلَمُوا أَنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ

ya'ni: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo‘lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo‘ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo‘yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir”.[2]

Mazkur oyatda keltirilgan fitna kalimasidan murod – jamiyatda turli vayronaliklarni va totalitar holatni keltirib chiqaruvchi urush olovini yoqish uchun bo‘lgan harakat nazarda tutilgan. Oyatning mazmuniga e'tibor qaratsak, bunday fitnani ommaviy bo‘lishi ta'kidlanmoqda. Zero, biror bir jamiyatda fitna olovining yoqilishi oqibatlari ma'lum jinoyatchi kishilarga xos bo‘lib qolmasdan, uning zarar berish ko‘lami aybdor va aybsizga ajratilmasdan unda yashaydigan yoshu-qarilarning barchasiga nisbatan ommatan tus oladi. Shu sababli Imom Buxoriy hazratlari butun jamiyat a'zolarini ogohlikka chaqirgan holda “Fitnalar kitobi”ning avvalida ushbu oyatni keltirdilar va undan so‘ng Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning turli fitnalarga oid hadislaridan rivoyat qildi. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam Alloh taoloning “(Ey Muhammad), Parvardigoringizning yo‘li — diniga donolik, hikmat va chiroyli pand-nasihat bilan da'vat qiling!”[3] oyatiga muvofiq ravishda biz ummatlarga hikmat ila chiroyli nasihatlar qildilar.

Albatta, jamiyatda fitnaga sabab bo‘luvchi har qanday ishlarning oldini olish, odamlarni ulardan qaytarish lozim. Pand-nasihat qilish fitnaning oldini oluvchi eng samarali omillardan biridir. Shuningdek, jamiyatda tarqalgan islom diniga nomuvofiq ishlarni oldini olish uchun qurol ishlatish eng nomaqbul yo‘ldir. Chunki, tinchlik hukmron bo‘lgan jamiyatda qurol ishlatish turli fitnalarni keltirib chiqarishi va nohaq qonlar to‘kilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Musulmon kishilar atrofidagi turli kamchiliklarni chiroyli pand-nasihat qilib bartaraf etadilar. O‘zaro mehr-oqibatni zavol topishiga yo‘l qo‘ymaydilar. Mu'min kishi din-diyonatni ro‘kach qilib jamiyatda fitna keltirib chiqarishga harakat qilmaydi va unday johil kishilar bilan Alloh taolo buyurganidek munosabatda bo‘ladi: “Parvardigoringizning yo‘li — diniga donolik, hikmat va chiroyli pand-nasihat bilan da'vat qiling! Ular (siz bilan talashib-tortishadigan kimsalar) bilan eng go‘zal yo‘lda mujodala — munozara qiling! Albatta, Parvardigoringizning O‘zi Uning yo‘lidan ozgan kimsalarni juda yaxshi bilur va U zot hidoyat topguvchi kishilarni ham juda yaxshi bilur.”[4] (Nahl surasi, 125-oyat)

Jamiyat ichra tinchlikni asrash har bir davrda, har bir xalq uchun eng dolzarb ishlardan biri bo‘lib kelgan. Ana shu tinchlikka rahna soluvchi eng katta xavflardan biri ichki fitna bo‘lib, uning ortidan keladigan zararni hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam ham shu sababli ummatni jamiyatni xarob qiladigan bunday fitnalardan ogoh va ehtiyot bo‘lishga chaqirganlar:

[1] Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsirni. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: TIU, 2009. Furqon surasi, 20-oyat.

[2] Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsirni. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: TIU, 2009. Anfol surasi, 25-oyat.

[3] Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsirni. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: TIU, 2009. Nahl surasi, 125-oyat.

[4] Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsirni. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: TIU, 2009. Nahl surasi, 125-oyat.

Nodir Qobilov, Payariq tuman “Sog‘ish ota” jome masjidi imom xatibi

Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,


Kiritilgan vaqti: 21/11/2019 15:05;   Ko‘rilganligi: 1736
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/al-jomi-as-sahihda-fitnalar-masalasining-yoritilishi-1-maqola
Chop etilgan vaqti: 11/02/2025 12:58
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing