Afv etilgan yurtdoshlarimizda Vatanga muhabbat, kelajakka ishonch tuyg‘ulari paydo bo‘lmoqda
Insondagi ulug‘ sifat va fazilatlardan biri – bu kechirimli bo‘lishdir. Alloh taolo marhamat qiladi: “Agar sizlar afv etsangiz, koyimasangiz va kechirsangiz, u holda, albatta, Alloh (ham sizlarga nisbatan) mag‘firatli va rahmlidir” (Tag‘obun surasi 14-oyat). Demak, kishi birodarini kechirishi bilan Alloh taolo ham uning gunohini kechirar ekan.
Barcha yaxshi xulq va sifatlarni o‘zlarida mujassam qilgan Zot – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam kechirimli bo‘lish fazilatida ham eng go‘zal namuna edilar.
Oisha raziyallohu anho onamizdan Payg‘ambarimizning xulqlari haqida so‘ralganda shunday javob berganlar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam fahsh ishlarni qiluvchi, fahsh so‘zlarni so‘zlovchi va bozorlarda baqir-chaqir qilib yuruvchi inson emasdilar. Yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarmas edilar, balki afv etib, kechirib yuborar edilar” (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyatlari).
Muqaddas islom dinimiz insonlarni kechirimli bo‘lishga targ‘ib qiladi. Chunki kechirimli bo‘lishda insonlar uchun ko‘p manfaatlar bor. Avvalo, kechirgan inson o‘zini yengil tortib, Allohdan bo‘ladigan ajrga loyiq bo‘lsa, kechirilgan inson esa kechirguvchiga nisbatan bo‘lgan adovati ketib, qalbida unga nisbatan iliqlik va mehr paydo bo‘ladi.
Shu o‘rinda aytish joiz, Yurtboshimiz tashabbuslari bilan oxirgi uch yil ichida bayram va hayitlar arafasida turli xil jinoyatlarni qilib, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tgan minglab shaxslar avf etilmoqdalar. Jumladan, kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligini nishonlash arafasida “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan 113 nafar fuqaro afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 5 nafari asosiy jazodan ozod etildi, 53 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 15 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 40 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 1 nafarini 60 yoshdan oshgan erkak, 2 nafarini chet davlat fuqarolari, 105 nafarini taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilari tashkil etadi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas'ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ushbu afv etilgan yurtdoshlarimiz o‘z oilalari bag‘riga qaytib, qalblarida Vatanga muhabbat, kelajakka ishonch tuyg‘ulari paydo bo‘lmoqda. O‘z navbatida avf etilgan kimsalar ham kechirimni suiste'mol qilmasligi va shunga munosib javob berishi shariatimiz talabidir.
Alloh taolo barchalarimizni kechirimli, sabrli va xushmuomala bandalaridan aylab, o‘zgalarga nisbatan bag‘rikeng bo‘lishimizni nasib aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 04/09/2020 07:12; Ko‘rilganligi: 1076
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 05:02