O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Abul-Mu'iyn An-Nasafiyning kalom ilmi rivojida tutgan o‘rni

 
 

Abu Mu'in an-Nasafiy kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shganlar. Avvalo kalom ilmi nimaligi bilan tanishsak, “Kalom – islom ilohiyotining ilmi hisoblanib, XII-asrda paydo bo‘lgan. Kalom tarafdorlari mutakallimlar deb ataladi. Ushbu ilm turli diniy-siyosiy guruhlar, misol uchun, xorijiylar, qadariylar, jabariylar, murjiiylar kabilar paydo bo‘lishi bilan bog‘liq bahslar natijasida vujudga keldi va tarqaldi. Kalom ilmi vaqt o‘tgan sari taraqqiy topdi. Ayniqsa, Nasafiy yashagan XI-asrning ikkinchi yarmi va XII-asr boshlarida o‘zining yuksak cho‘qqisiga ko‘tarildi”. Abu Mu'in an-Nasafiy mana shunday oqimlar ko‘payib, noto‘g‘ri aqidalari har joyda ildiz otib borayotgan bir paytda ijod qilib, ularning ildizlariga bolta urdilar. Ularga qarshi raddiyalar berib, ularni mot etdilar.

Mutakallim olimlar Abu Mu'in an-Nasafiy rahmatullohi alayhining aqoid kitoblarini a'lo baholab, ularga turli xil sharhlar bitganlar. Hozirgi kunda bu kishining yozgan asarlari bilan butun olam musulmonlari foydalanib bormoqdalar.

Alloma mol-dunyoga qiziqmadi, parhezkor, faqih, muhaddis, mutakallim bo‘lib, qat'iy dalillar bilan salaflarning fikrlarini mustahkamladi, mo‘tazila, jahmiya, rofiziya, xorijiya kabi muxolif firqalarga qarshi turib, ularning aqidasi botilligini aniq, ishonchli hujjatlar bilan isbotlab, odamlar orasida ilmu ma'rifat ziyosini sochdi. AbulMuin an-Nasafiy hijriy 508, milodiy 1114 yili vafot etdi. Qabri Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi Qovchin qishlog‘ida joylashgan.

Muhtaram Prezidentimiz ushbu yil saylov kunlari oldidan Qashqadayo  viloyatiga tashriflari davomida kalom ilmining sultoni, o‘z zamonasining zabardast olimi Abul Mu'in an-Nasafiy hazratlarining ilmiy merosini o‘rganish, u kishi qo‘nim topgan muborak maskanni obod etish, mazkur ziyoratgoh qoshida kutubxona tashkil etish, u zotning bizgacha yetib kelgan asarlarini tarjima qilib, xalqqa, xususan, yoshlarga yetkazish maqsadida “Aqida ilmiy maktabi”  faoliyatinini takomillishtish haqida alohida ko‘rsatma berdilar.

Ziyoratgohda ulkan obodonlashtirish va qayta qurish ishlari jadal olib borildi. Ziyoratgohning qayta ta'mirlanishi buyuk allomaga bo‘lgan yuksak ehtiromni ifoda etib, u yerda tashkil qilinadigan “Aqida ilmiy maktabi” ajdodlarimiz qoldirgan boy ma'naviy merosni o‘rganish istagida bo‘lgan ilm ahli, shuningdek ziyoratchi yurtdoshlarimiz va xorijiy sayyohlar uchun qulay dargoh bo‘ladi.

Abul-Muiyn An-Nasafiy hazratlari musulmon olamiga ulkan foydalarni keltirdi. Bu kishi yozgan asarlarni hozirgi kunda olimlarimiz tarjima qilish bilan shug‘illanmoqdalar. Yaqinda «Tabsiratul adilla» kitobi  nashrdan chiqdi. Endilikda xalqimiz ushbu kitoblardan bemalol foydalanib ma'lumotlar olishlari mumkin.

Abu Mu'in an-Nasafiy hazratlari Kalom ilmiga cheksiz yordam ko‘rsatdilar. Mo‘tazila va shu kabi adashgan firqalarga qarshi raddiya berdilar va ularni yengib chiqdilar. Biz ham shu inson kabi kishilarni to‘g‘ri aqidaga boshlashimiz zarur. Zero, ilm o‘rganish har bir musulmon uchun farz. Bu borada biz tinim bilmay harakat qilishimiz zarur. Abu Mu'in an-Nasafiy hazratlarining asarlarini o‘qigan har bir o‘quvchi o‘zini dengizda suzayotgan baliqdek his qiladi. Zero, dengizda suzuvchi har baliq u yerdagi barcha narsani to‘laligicha ko‘rib his qila oladi. Odamlar ham shu kishining asarlarini qo‘llariga olib o‘qiy boshlasalar o‘zlarida huzur-halovatni his qiladilar.

Shu yerda bir narsani aytib o‘tsak, Samarqand Viloyatida ochilgan “Hadis va Kalom” maktabida Abu Mu'in an-Nasafiy hazratlarining “Tabsiratul adilla” kitobidan darslik qilib foydalanishlik ko‘zda tutildi. Buni qarang oradan 900 yil o‘tibdiki, bu kishining asarlari unitilgani yo‘q, unitilmaydi ham. Kelajak yoshlarimizga u kishining kitoblari o‘qitilib boriladi.

Yana shuni ta'kidlab o‘tish lozimki, bu kishining maqbaralari qayta ta'mirlanib, xalqimiz uchun ziyoratgohga aylantirildi. Bunda juda ko‘p foydalar bor. Xalqimiz orasidan bu kishi haqida haligacha xabardor bo‘lmagan kishilar ushbu maskanga tashrif buyurib, bu kishining hayotlari, turmushlari va ijodlari borasida keng ilm-ma'rifatga ega bo‘lishadi.

Uzoq yurtdagi buyuk, kuchli olimlar ham bu kishi haqida eng yaxshi so‘zlarni e'tirof etishgan. U kishining yozgan asarlariga sharhlar yozishgan va xalqqa namoyon etishgan.

Biz imomi xatiblargalarga bu kishining asarlarini o‘rganib, tatbiq etishimiz, hamda xalqimizga bu asarlar mohiyatini to‘laligicha yetkazishimiz zarur. Buning uchun biz tinmay harakat qilib, jidd-u jahd qilib o‘qib-o‘rganishimiz zarur.

Alloh taolo bu kishidan va aqidani to‘laligicha yetkazib kelayotgan barcha olimlaridan rozi bo‘lsin!

Bugun Samarqand shahar imom xatiblari Qashqadaryo viloyatida Abul-Mu'iyn An-Nasafiyning muborak qabirlarini ziyoratida bo‘lishdilar va bu buyuk allomaga xatmi Qo‘r'on qilishib, mamlakatimizni tinchligi tilab, xayrli duolar qilib qaytashdi.

Samarqand shahar Ruhobod masjidi imom xatibi Amirov To‘lqin Barot o‘g‘li.


Kiritilgan vaqti: 03/11/2021 06:05;   Ko‘rilganligi: 821
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/abul-muiyn-an-nasafiyning-kalom-ilmi-rivojida-tutgan-orni
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 17:12
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing