O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

ABU MUIN NASAFIYNING KALOM ILMI RIVOJIGA QO‘SHGAN HISSASI

 
 

Nasaf azal-azaldan dunyo ilm-fani va madaniyati ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shgan shaharlardan biri hisoblanadi. Qadimiy qo‘lyozma va bibliografik qomusiy asarlar varaqlab ko‘rilsa, bu barakali kentdan ko‘plab olimu ulamolar yetishib chiqib, Nasafiy nisbasi bilan samarali ijod qilganining guvohi bo‘lamiz.

Tarixiy manbalardan ma'lum bo‘lishicha, mana shu ko‘p sonli ulug‘ Nasafiylar orasida IX asrning ikkinchi yarmi va X asrning birinchi yarmida samarali faoliyat ko‘rsatgan yirik olim Abu Muti' Makhul ibn Fazl Nasafiy (vaf. 930-y.) asos solgan sulola namoyandalari alohida o‘rin egallaydi. Ushbu sulolaning bir necha vakili diyorimizda qator ilmlarning, xususan, islomiy bilimlarning ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shgan. Misol tariqasida uch avlod osha mazkur suloladan yetishib chiqqan Abu Muin Nasafiy (1027-1114) o‘zining ma'naviy ustozi, buyuk mutakallim imom Abu Mansur Moturidiy ta'limotini yanada rivojlantirib, uning butun Sharq mamlakatlariga tarqalishida beqiyos xizmat ko‘rsatgan olim sanaladi.

Bu o‘rinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Termizga tashrifi chog‘ida aytgan “Nasafiy allomalar hayoti va ilmiy merosini to‘liq o‘rganib, joylarda keng targ‘ib etishimiz lozim. Yoshlarimiz ongiga ular qanday ulug‘ bobolarimizning davomchilari ekanini qanchalik chuqur singdirsak, ma'naviy boyligini shunchalik oshirgan bo‘lamiz. Shunda yosh avlod olim va mutafakkir ajdodlarimizga munosib bo‘lib, ulardan o‘rnak olib yashaydi”, so‘zlapini keltirishimiz o‘rinlidir [Mirziyoev Sh.M. 2016 yil oktyabr. Surxondaryo viloyati, Imom Termiziy ziyoratgohidagi suhbat].

Alloh taolo Qur'oni karimda buyuk martabani kimlarga berishi va uning maqomi naqadar yuksak ekanligi haqida bunday marhamat qiladi: “Alloh kimni hidoyatga yo‘llashni iroda etsa, uning ko‘ksi (qalbi)ni islom uchun (keng) ochib qo‘yadi. Kimni adashtirishni iroda qilsa, ko‘ksini go‘yo osmonga ko‘tarilib ketayotgandek tor va siqiq qilib qo‘yadi. Shunday qilib, Alloh imon keltirmaydiganlarga (loyiq) jazoni ravo ko‘rgay” [An'om surasi, 125-oyat. –B.144].

Bu xususda ko‘plab hadislar ham kelgan bo‘lib, ulardan birida bunday deyiladi:

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh taolo ummatimni zalolatda birlashtirmaydi”,dedilar”[Imom Termiziy rivoyat qilgan].

Shuningdek, Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh bir kishiga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi”,deb aytdilar”. [Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan].

Alloh taolo ilmning fazilatlari va uning martabasi haqida Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: “U O‘zi xohlagan kishilarga hikmat (payg‘ambarlik yoki Qur'on ilmi) beradi. Kimga (mazkur) hikmat berilgan bo‘lsa, demak, unga ko‘p yaxshilik berilibdi. Bundan faqat oqil kishilargina eslatma olurlar”[Baqara surasi, 269-oyat. –B. 45].

Ta'kidlanganidek, Nasaf zaminidan yetishib chiqqan Abu Muin Nasafiy moturidiya ta'limotining keng yoyilishi va rivojlanishida beqiyos xizmat ko‘rsatgan. Aqida masalalari har qanday davrda, har qanday jamiyatda alohida ahamiyat kasb etgan. Shu boisbu hayotiy muhim ilm har doim ulamolarning diqqat e'tiborida bo‘lib kelgan.

Abu Muin Nasafiy bu yo‘nalishda bir necha asaryaratgan. Xususan, “Tabsiratul adilla fi usulid din”, “At-tamhid li qavoidit tavhid” va “Bahrul kalom” shular jumlasidandir. Ularning o‘nlab qo‘lyozma nusxalari dunyo kutubxonalari fondlarida saqlanmoqda. Uchalasi ham tahqiq qilinib, dunyoning turli ilm markazlarida nashr etilgan.

Abu Mansur Moturidiyning “Tavhid”va Abu MuinNasafiyning “Tabsiratul adilla” kitoblarini tahqiq qilgan olimlarquyidagicha e'tirof qiladi: “Abu Muin Nasafiyning shoh asari – “Tabsiratul adilla” moturidiylik ta'limotida “Tavhid”dan keyingi kitob hisoblanadi. Balki“Tabsiratul adilla” “Tavhid”ga sharh, tafsir va bayon deb e'tibor qilinadi. Chunki, “Tabsiratul adilla” ko‘p o‘rinda “Tavhid”ning uslublari bayon qilinib, unga keng qamrovli tafsilotlar bilan boyitilgan asardir”.

Abu Muin Nasafiy o‘zining “Bahrul kalom” asarida mut'a (vaqtincha, kelishuv asosidagi qisqa muddatli nikoh) haqida fikr va mulohazalar bildirib, bunday deydi: “Mut'a nikohi xuddi mast qiluvchi ichimliklar kabi haromdir. U Alloh taoloning “Zinokor ayol va zinokor erkakning har biriga yuz darra uringiz!”[Nur surasi, 2-oyat. –B. 350]oyati bilan bekor qilingan”. Bu gaplar bugungi kunda tobora avj olayotgan “erkin nikoh”, “fransuzcha nikoh”, “shvedcha nikoh” kabi g‘ayriaxloqiy odatlarni ko‘r-ko‘rona o‘zlashtirayotganlar uchun o‘ziga xos ogohlantirish va tarbiya manbaidir.

Muxtasar aytganda, Nasafiy yozgan asarlar orasida mazkur uch kitobning o‘ziyoq tafsir, aqida ilmlari bo‘yicha qimmatli manba bo‘lib, ayni odob-axloq, ta'lim-tarbiya masalalarida ko‘p-ko‘p foyda beradigan manbalardir.

Shu ma'noda, mustaqillik sharofati bilan ko‘plab allomalarimiz qatorida Abu Muin Nasafiyning hayoti va asarlarini ilmiy asosda o‘rganish ishlari yo‘lga qo‘yilgani ayni muddao bo‘lib, xalqimiz buni asrlar davomida kutib yashagan edi.

Bugungi avlod olimlarining vazifasi ajdodlarning boy ilmiy-ma'naviy merosini chuqur tadqiq etish va keng targ‘ib qilishda izchillikni saqlash va faollikni oshirishdan iboratdir.

Abduhalim Muhiddinov,

“Xo‘ja Is'hoqi Valiy” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 04/11/2021 05:47;   Ko‘rilganligi: 770
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/abu-muin-nasafiyning-kalom-ilmi-rivojiga-qoshgan-hissasi
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 16:44
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing