O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

ABU BAKR MUHAMMAD NARSHAXIYNING “BUXORO TARIXI” ASARI

 
 

Abu Bakr Muhammad ibn Ja'far ibn Zakariyya Xattob ibn Sharik Narshaxiy mashhur tarixchi sifatida tanilgan. U 899 yil Buxoro vohasining Narshax qishlog‘ida dunyoga kelgan[1]. Alloma haqidagi ma'lumotlar manbalarda kam uchraydi. Bu haqda Sa'oniyning “Kitobul ansob” asarida u kishining to‘liq ismini Abu Bakr Muhammad ibn Ja'far ibn Zakariyo ibn xattob ibn Sharik deb keltirilgan[2]. Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asari orqali u kishi haqida ba'zi ma'lumotlar saqlanib qolgan. Somoniylar saroyida kotiblik qilgan. Narshaxiy. 943-944 yillarda "Buxoro tarixi" ("Tahqiqi viloyati Buxoro") nomli asarini arab tilida yozib, uni somoniylar amiri Nuh ibn Nasr (hukmronlik davri: 943-954)ga bag‘ishlagan. Narshaxiyning o‘g‘li Abu Bakr Mansur va nevarasi hadisshunos olim Abu Rafi al-Ala ibn Mansur ibn Muhammad ibn Ja'far asarni arab tilida davom ettirishib, Mansur ibn Nuh (hukmronlik davri: 997-999), ya'ni, so‘nggi somoniylar davrigacha to‘ldirishgan. Nasafiyning "Kitob al-qand"[3] ("Samarqandiya") va Abu Sa'd as-Sam'oniy (1113-1167)ning "Kitob al-ansob" asarlarida Narshaxiy. haqida ma'lumotlar mavjud. Narshaxiy. o‘zi tug‘ilgan qishlog‘ida vafot etgan. Asarning asl nusxasi bizgacha yetib kelmagan. 1128 yil Quvalik Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad al-Qubaviy asarni fors tiliga qisqartirib tarjima qilgan. 1178-1179 yillarda asar 2-marta qisqartirilgan.

Tarjimonlar qisqartirish bilan birga uni yangi ma'lumotlar bilan ma'lum ma'noda to‘ldirganlar. "Buxoro tarixi" 36 bobdan iborat bo‘lib, asosan, Buxoro vohasining tarixiga bagishlangan. Kitobning bir necha bobi Buxoroning barpo etilishi, nomlari, podshohlariga bag‘ishlangan. Asarning maxsus bir bobi Buxoro atrofidagi Karmana, Nur, Tavois, Iskajkat, Sharg‘, Zandana, Vardona, Afshona, Barkat, Romiton, Varaxsha, Baykand (Poykend), Farob va boshqalar bilan yoritilgan.

"Tarixi Narshaxiy" kitobining birinchi beti (Yangi Buxoro, 1904). "Buxoro tarixi" kitobining birinchi beti (Toshkent, 1966). shahar va qishloqlarning tasviriga bag‘ishlangan. Unda bu joylarning tarixi, axolisi va uning mashg‘uloti, faoliyati hamda tashqi shaharlar bilan munosabatlari hikoya qilinadi. Buxoro aholisining ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida sodir bo‘lgan muhim tarixiy voqealar bayon qilinadi. Kitobda O‘rta Osiyoda arab xalifaligi hukmronligining o‘rnatilishi, islom dinining yoyilishi va Buxoroning arablar tomonidan taqsimlab olinishi hamda xalifalikka qarshi kurashlar, ayniqsa, Muqanna va boshqalar boshchiligidagi xalq qo‘zg‘olonlari batafsil hikoya qilinadi. "Buxoro tarixi"da IX asrda O‘rta Osiyoning arab xalifaligidan ajralib chiqishi, Movarounnahr va Xurosonda somoniylar davlatining barpo bo‘lishi va Somoniylar davrida Buxoroning iqtisodiy va madaniy hayoti tasvirlangan. Asarda Buxoroning tarixiy topografiyasiga oid ma'lumotlar bo‘lib, unda Buxoro shahrining darvozalari, ichki va tashqi devorlarining qurilishi hamda ark va shaxristonning bino qilinishi hikoya qilinadi. Asar faqat Buxoro tarixinigina emas, balki butun O‘rta Osiyo tarixini o‘rganishda ham nodir manbadir. "Buxoro tarixi" Parij (1892)da fransuz, Buxoro (1904) va Tehron (1939)da fors, Toshkent (1897)da rus, Kembrij (1954)da ingliz, Toshkent (1966, 1993)da o‘zbek tilida, Dushanbe (1979)da tojik tilida nashr etilgan.

"Nar shax"ga nisbat berilgan. Narshax - Vobkent yaqinidagi Buxoro qishloqlaridan biri. Mazkur qishlokdan chiqqan olim:

 Abu Bakr Muhammad ibn Ja'far ibn Zakariyo ibn al-Xattob ibn Shariyk ibn Bazi' an-Narshaxiy ulamolardan, ulamolar ham undan hadis rivoyat qilganlar.[4] Abu Bakr Muhammad ibn Ja'far ibn Zakariyya Xattob ibn Sharik Narshaxiy hijriy 348 (959) yili safar oyida vafot etgan.[5]

"Buxoro tarixi"ning bosh so‘zida aytilganidek, bu kitobni dastavval Buxoroning Narshax qishlog‘idan bo‘lgan Abu Bakr Muhammad ibn Ja'far an-Narshaxiy 943-944 yillarda arab tilida yozgan. [6] Hozirda Narshaxiyning nomi O‘rta Osiyoning VIII-XII asrlar tarixiga oid deyarli barcha ilmiy tadqiqot ishlarida tilga olinadi-yu, ammo uning hayotiga oid biror to‘liq ma'lumot keltirilmaydi. [7] Bunga sabab, uning o‘z asarida ham va unga yaqin davrlarda yashagan boshqa mualliflar, Faqat Sam'oniyning "Kitob ul- ansab" asarida uning to‘la nomi "Abu Bakr Muammad ibn Ja'far ibn Zakariyo ibn Xattob ibn Sharik" ekanligi va u Buxoro ahlidan bo‘lib, 286 (899) yili tug‘ilgan va 348 (959- 960) yili vafot etganligi eslatiladi.[8]

Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr Quboviy shunday deydi: "Abu Bakr Muhammad ibn Ja'far an-Narshaxiy Buxoro (shahri), uning xususiyati va fazilatlari, shaharning o‘zida va qishloqlarida mavjud bo‘lgan qulay sharoitli va foyda yetkazuvchi narsalar, shaharga aloqador bo‘lgan narsalar haqida hamda payg‘ambar "Alloh unga o‘z rahmat va salomini yo‘llasin" uning suhbatdoshlari, tobelari va din olimlari "ularning barchasidan alloh rozi bo‘lsin" tomonidan Buxoroning fazilati borasida aytilgan hadislar va so‘zlar haqida bir kitob yozgan va uni marhum Amiri hamid Abu Muhammad Nuh ibn Nasr nbn Ahmad ibn Ismoil as-Somoniy nomiga bag‘ishlagan. Bu kitob arab tilida, go‘zal iboralar bilan hijriy 332-333 (milodiy 943-944) yillar yozilgan edi. Ammo ko‘pchilik kishilar arab tilida yozilgan kitobni o‘kishga rag‘bat ko‘rgazmaganliklari sababli, do‘stlarim mendan u kitobni fors tiliga tarjima qilishni iltimos qildilar. Men iltimosni qabul qildim va besh yuz yigirma ikkinchi yilning jumod ul-avval oyida (milodiy1128) kitobni fors tiliga tarjima qildim"[9]. Biroq, arab tilidagi nusxada keraksiz va buning ustiga o‘qiganda kishi tabiatiga malollik orttiradigan narsalar haqida ham so‘zlangan ekan. U tarjimaga kiritmay qisqartirib yuborgan. Undan yarim asr o‘tgandan keyin asar yana qaytadan tahrirga uchragan: 1178-1179 yillar mobaynida Muhammad ibn Zufar ibn Umar fors tilidagi tarjimani ikkinchi marta qisartirib bayon qilgan. Ammo asarni o‘qir ekanmiz, biz unda, ba'zan, mazkur 1178-1179 yildan keyingi to 1220 yilgacha bo‘lib o‘tgan tarixiy voqealar haqida ham, qisqa-qisqa ma'lumotlar uchratamiz. Bu hol shuni ko‘rsatadiki, Muhammad ibn Zufardan keyin ham bir yoki bir necha bizga noma'lum kishilar asarni tahrir qilganlar. Ular ham asarni qisartirganlar deyishga asos bo‘lmasa-da, lekin qo‘shimchalar kiritganliklari voqealar mazmunidan aniq anglashilib turibdi[10].

"Buxoro tarixi" ning biz tanishishga muyassar bo‘la olganimiz barcha qo‘lyozma nusxalari, ular orasidagi ba'zi farqlardan qat'i nazar, ana shu 1220 yilgacha davom ettirilgan matnni[11] o‘z ichiga oladi. Narshaxiyning hamda uning asarini bevosita qayta ishlab arabchadan fors tiliga tarjima qilgan Abu Nasr Ahmad va bu tarjimani qisqartirib bayon etgan Muhammad ibn Zufarlarning asl nusxalari esa hozirgacha ham manbashunoslik fani uchun noma'lumligicha qolib kelmoqda. Lekin bizgacha yetib kelgan asar nusxasining mazmuniga qaraganda, shuni aytish mumkinki, tarjimon Abu Nasr Ahmad ham, qisartiruvchi muharrir Muhammad Ibn Zufar ham o‘z ishlariga oddiy tarjima yoki tahrir tarzida qaragan emaslar. Asarning ko‘p yerlarida uning muallifi Abu Bakr Muammad ibn Ja'farga hamda tarjimon Abu Nasr Ahmadga ilova qilib so‘zlangan jumlalar shuni ko‘rsatadiki, tarjimon Abd Nasr Ahmad ham, qisqartiruvchi muharrir Muhammad ibn Zufar ham o‘z ishlariga mustaqil bir tus berganlar[12].

Tarjimon Abu Nasr Amad Narshaxiyning arab tilidagi nusxasida mavjud bo‘lgan ba'zi mavzularni tashlab ketish bilan bir qatorda asarga katta tarixiy qimmatga ega bo‘lgan ko‘pgina ma'lumotlarni qo‘shgan va bunda u o‘z davridan ilgarigi voqealarni yoritish uchun boshqa tarixiy manbaalardan foydalangan. Bu manbaalardan biri Abu Nasr Ahmadning o‘zi ko‘rsatib o‘tgani Abul-Hasan Abdurahmon ibn Muhammad Nishopuriyning "Xazoin ul-ulum" nomli asaridir. Bu asarning bizning davrimizgacha yetib kelgan kelmaganligi hozircha ma'lum emas. Ammo undan keltirilgan "Buxoro tarixi"dagi ayrim satrlarning o‘zi ham Abul-Hasan Abdurahmonning kitobi naqadar muhim bir tarixiy manba bo‘lganligini ko‘rsatadi. "Xazoin ul-ulum"dan ma'lumotlar keltirilishi haqiqatan ham Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad tomonidan bajarilganligiga esa qisqartiruvchi muharrir Muhammad ibn Zufarning o‘z nomidan keltirib: "Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr... shunday deydi. Abul-Hasan Nishopuriy "Xazoin ul-ulum"da aytishicha..." degan so‘zlari shubhasiz dalildir[13].

Ana shu mazmundagi ko‘p jumlalar yana shuni ko‘rsatadiki, Narshaxiynshg asariga qo‘shimchalar kiritgan kishi asosan tarjimon Abu Nasr Ahmad bo‘lib, Muhammad ibn Zufarning ishi, qat'iy qilib ayta olmasak ham, fors tilidagi tarjimani qisqartirib bayon qilishdan iborat bo‘lgan.

Tarjimon Abu Nasr Ahmad va undan keyingi muharrirlar asar matniga anchagina o‘zgartirishlar kiritgan bo‘lsalar ham, lekin Narshaxiy nomini musannif-muallif sifatida saqlab qolganlar: masalan, asardagi: "Bu kitobning musannifi aytadi" degan so‘zlar buni yaqqol isbotlay oladi. Lekin, shunga qaramay, asardagi bir qancha ma'lumotlar Narshaxiy o‘z kitobini yozib tugallagandan (944) keyingi tarjimonga yaqin (1128) davrlarga oid ekanligiga ko‘ra, biz bu ma'lumotlar muallifi deb Abu Nasr Ahmadni yoki undan keyin kitobni qisqartirib tahrir qilgan Muhammad ibn Zufar va boshqa, hozircha nomlari aniqlanmagan shaxslarni tanishimiz lozimligini taqozo etadi.

Narshaxiy aslida o‘z asariga qanday nom berganligi ma'lum emas. Shu sababli asar qo‘lyozma nusxalarda va hozirgi zamon ilmiy-tarixiy adabiyotida ham "Tarixi Narshaxiy" ("Narshaxiy tarixi"), "Tarixi Buxoro" ("Buxoro tarixi"). "Tarix ul-viloyat" ("Viloyat haqiqatini aniqlash"), "Axbori Buxoro" ("Buxoro haqida xabarlar")[14] kabi har xil nomlar bilan yuritilib kelgan. Bu nomlardan keyingi uchtasi asar mazmuni bo‘yicha to‘g‘ri bo‘lib, ulardan eng anig‘i "Tarixi Buxoro" hozirda tarixiy adabiyotda qat'iy o‘rnashib oldi. "Tarixi Narshaxiy" deb atalishi esa yuqorida eslatib o‘tganimizdek, asarning bizgacha yetib kelgan nusxasi Narshaxiydan boshqa kishilarning ham qo‘shimcha va tahrirlari, qisqartirishlariga uchraganligi tufayli tobora kamroq ishlatilib kelmokda. Shunga binoan, ushbu nashrda ham asarning nomi "Buxoro tarixi" deb qabul qilindi.

"Buxoro tarixi"ni bosh manba sifatida o‘rganib, undagi qimmatli ma'lumotlarni ilmiy tadqiqotlarga jalb qilish ishlari ko‘p vaqtlardan beri davom etib kelmoda. Buxoroning VIII-XII asrlardagi tarixidan bahs etuvchi hozirgi zamon yirik ilmiy tadqiqot ishlarining hammasida ham "Buxoro tarixi"dan olingan ma'lumotlarni uchratamiz desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Shu bilan bir qatorda asarning bir yoki bir qancha qo‘lyozma nusxalari asosida tayyorlangan matni ham bir necha bor 1892 yili Ch. Shefer tomonidan Parijda, 1904 yili Mullo Sulton tomonidan Buxoroda, 1939 yili Mudarris Rizaviy tomonidan Tehronda nashr qilingan. Shuningdek, "Buxoro tarixini"ning N. Likoshin tomonidan bajarilgan izohli ruscha tarjimasi, 1897 yili Toshkentda va R. Frayning izohlar ilova etilgan inglizcha tarjimasi, 1954 yili Kembrijda bosilib chikdi.

"Buxoro tarixi"ning keng o‘quvchilar ommasi diqqatiga tavsiya etilayotgan o‘zbekcha tarjimasi A. Rasulov tomonidan bundan bir necha yil avval O‘zbekiston SSSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida asarning Parij va Buxoro nashrlari hamda mazkur institutning qo‘lyozyomalar fondida saqlanayotgan 5388-11 raqamli 1235 (1819-1820) yili ko‘chirilgan qo‘lyozma nusxasi asosida bajarilgan edi. So‘ngra, ushbu satrlar muallifi tomonidan tarjimani tahrir qilib, nashrga tayyorlash asnosida bosma va qo‘lyozma nusxalar soni yana ko‘paytirilib, tarjima qaytadan ko‘rib chiqildi va ba'zi tekstologik izoxdar tuzildi. Chunonchi, bu ishga "Buxoro tarixi"ning Tehronda Mudarris Rizaviy tomonidan nashr qilingan fors tilidagi qiyosiy nashri va SSSR Fanlar akademiyasi Osiyo xalqlari institutining Leningrad bo‘limida saqlanayotgan 1008 (1599-1600) yilda ko‘chirilgan 675 raqamli hamda Tojikiston SSSR Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari fondidagi 1060 (1650) yilda ko‘chirilgan 513/11 raqamli qo‘lyozma nusxalar jalb qilindi. Bu qo‘lyozma va bosma nusxalarni bir-biriga taqqoslash natijasida Tehron nashrini asos qilib olish muvofiq topildi. Chunki garchi bu nusxa ham ayrim kamchiliklardan xoli bo‘lmasa-da, umuman olganda boshqa qo‘lyozma va bosma nusxalarni nazarda tutib nashrga tayyorlanganligi bilan e'tiborga sazovordir. Bu bosma nusxaning kamchiliklarini tekshirib borish uchun esa asosan Parij bosmasi, Buxoro bosmasi, Leningrad qo‘lyozmasi va Dushanba (Tojikiston SSSR) qo‘lyozmasi matnlaridan foydalanildi. Zarurat tug‘ilgan ayrim hollarda O‘zbekiston SSSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining XIX asrda ko‘chirilgan 2212/1 va 4355/111 raqamli qo‘lyozmalari ham jalb qilindi[15].

Jug‘rofiy va shaxsiy nomlarga berilgan qisqacha izohlar D. Yu. Yusupova tomonidan bajarilgan.

Ma'lumki, "Buxoro tarixi"ni dastlab yozgan Muhammad ibn Ja'far ham, so‘ng asarni qisqartirib va qo‘shimchalar qo‘shib arabchadan fors-tojik tiliga tarjima qilgan Ahmad ibn Muhammad va bu tarjimani qisqartirib bayon qilgan Muhammad ibn Zufarlar ham IX-XII asrlar sharoitida, o‘z davrlarida mavjud bo‘lgan iqtisodiy, ma'naviy hayot ta'sirida ish olib borganlar. Shuning uchun ham "Buxoro tarixi" IX-XII asrlar ijtimoiy muhiti taqozosicha islom diniga hamda o‘sha davrda hukmron bo‘lgan tuzumga qarshi harakatlar (masalan, Muqanna qo‘zg‘oloni) ni qoralash pozitsiyasida turib yozilgan. Biroq shunga qaramay, asarda katta tarixiy qimmatga ega bo‘lgan ma'lumotlar keltirilgan va ularni ilmiy obyektiv ravishda tahlil qilish tarix fani uchun foydadan holi emas. Bu hol "Buxoro tarixi" ma'lumotlari O‘rta Osiyonining VII-XII asrlar tarixidan bahs etuvchi ilmiy-tarixiy asarlarning aksariyatlari ko‘p vaqtlardan beri foydalanib kelinayotganligi bilan shak-shubhasiz isbotlangan. Bu qimmatli va noyob asarning ushbu o‘zbekcha nashri ham tarixchi-tadqiqotchilar, keng o‘quvchilar ommasi diqqatiga bosh manba hamda IX-XII asrlar tarixiy adabiyotidan namuna sifatida taqdim etiladi.

 Nursultonxon Abdumannonov Samarqand shahar "Damariq" jome masjidi imom-xatibi,
Oriyental Universiteti I bosqich magistranti
 

[1] Abu Bakr Narshaxiy. Buxoro tarixi. – Toshkent. “Oydin tafakkur”, 2022. – B. 7.

[2] O‘sha joyda, 7-bet.

[3]  Allomaning "Shoh asari" — "Kitob al-qand fiy zikri ulamoi Samarqand" Movarounnahr o‘lkasidan yetishib chiqqan mingdan ziyod yurtdoshlarimizning hayogi va ilmiy faoliyati haqidagi qimmatli biografik ma'lumotlarni bergan.

[4] Abdulloh Abdulhamid Saad. O‘rta Osiyo Olimlari Qomusi. - Toshkent," Imom Buxoriy respublika ilmiy- ma'rifiy markazi" nashriyoti, 2007.-B161.

[5] Abdulloh Abdulhamid Saad. O‘rta Osiyo Olimlari Qomusi. - Toshkent," Imom Buxoriy respublika ilmiy- ma'rifiy markazi" nashriyoti, 2007.-B161.

[6] Abdulloh Abdulhamid Saad. O‘rta Osiyo Olimlari Qomusi. - Toshkent," Imom Buxoriy respublika ilmiy- ma'rifiy markazi" nashriyoti, 2007.-B358.

[7] Abdulloh Abdulhamid Saad. O‘rta Osiyo Olimlari Qomusi. - Toshkent," Imom Buxoriy respublika ilmiy- ma'rifiy markazi" nashriyoti, 2007.-B358.

[8]«Buxoro tarixi»ning Texron nashrini (1939 yil) tayyorlagan Mudarris Rizaviyning muqaddimasi.

[9] Abu Bakr an-Narshaxiy. Buxoro tarixi asari. - Toshkent. "Kamalak", 1991. - B. 88 .

[10] Asarga ko‘p kishilar o‘z tahririni kiritganligi ko‘pchilik tadqiqotchilar tomonndan qayd etilib kelgan, ulardan biri, masalan, Eron olimi Muhammad Taqi Bahor «Malik ush-shuaro»dir.

[11]  Asarda keltirilgan ma'lumotlar hozirgi zamon nlmiy-tarixiy adabiyotida boshqa yozma manbalar hamda arxeologik, topografik, etnografik va hokazo turli xil tarixiy materiallar bilan solishtirilib bir qadar yoritilgan.

[12]  Abu Hacp Ahmad va Muhammad ibn Zufarlarning «Buxoro tarixi»ga kiritgan o‘zgartishlari miqdori va Narshaxiyning asl nusxasiga qo‘shimchalar kiritgan kishi asosan Abu Nasr Ahmad ekanligi haqida 0. A. Suxarevaning «K istoriy gorodov Buxarskogo xanstva» (Tashkent, 1958) nomli asarinnng kirish qismida bir oz to‘xtab o‘tilgan bo‘lsa ham, bu masala hali uzil-kesil hal qilingan emas va kelajakda yana ilmim tadqiqot ishlari olib borishni talab qiladi.

[13] Abu Bakr an-Narshaxiy. Buxoro tarixi asari. - Toshkent. "Kamalak" ,1991. - B. 85.

[14] "Sobraniye vostochnnx rukopisey AN UzSSR", t. 1, Tashkent, 1952, str. ", № 92.

[15]   "Buxoro tarixi" matnining aytib o‘tilgan qo‘lyozma va nashr etilgaa nusxalar orasidagi jiddiy deb topilgan farqlar asarning 1966 yili "Fan" nashriyotida chop etilgan o‘zbekcha tarjima ilovalarida to‘la keltirilgan.


Kiritilgan vaqti: 18/04/2024 15:58;   Ko‘rilganligi: 63
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/abu-bakr-muhammad-narshaxiyning-buxoro-tarixi-asari
Chop etilgan vaqti: 03/05/2024 03:40
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing