Abdussamad ibn Mahmud G‘aznaviy va uning “Tafsirul fuqaho va takzibus sufaho” asari
Tafsir ilmiga doir yozilgan kitoblar ichida Abdussamad ibn Mahmud G‘aznaviy Hanafiyning qalamiga mansub “Tafsirul fuqaho va takzibus sufaho” asari o‘z o‘rni va ahamiyatiga ega.
Asar muallifining to‘liq ismi Abul Fath Abdussamad ibn Mahmud ibn Yunus ibn Muhammad G‘aznaviy Hanafiydir. U hijriy 5 asr (milodiy XI asr)oxirlarida yashab o‘tgan. Hozirda Afg‘oniston hududiga kiruvchi G‘azna shahrida tug‘ilgani uchun G‘aznaviy nisbasini olgan. Bu davr Abbosiylar xalifaligining so‘nggi davrlari bo‘lib, Xuroson yerlari xalifalik nazoratidan chiqqan edi. Olimning hayoti Saljuqiylar hukmronligining oxiri G‘aznaviylar hukmronligining avvalgi qismlariga to‘g‘ri kelgan[1].
Mufassirning tug‘ilgan sanasi haqida aniq ma'lumotlar mavjud emas. Tadqiqotchilar musannifning asarning nihoyasida: “Mazkur kitobni yozishdan 487 (1094 mil.) yilning Rajab oyida forig‘ bo‘lindi” deb yozganiga asoslanib, hijriy beshinchi asrda yashab o‘tganini ta'kidlaganlar[2]. Uning vafoti haqida ham mazkur sanaga tayangan holda, tafsirni yozib bo‘lgan yili yoki undan keyingi yil vafot etgan deyiladi[3].
Abdussamad ibn Mahmud G‘aznaviy ma'rifat nurlari porlab turgan oilada tarbiya topgan. Otasi Abul Qosim Mahmud ibn Yunus G‘aznaviy chuqur bilim sohibi va o‘z davrining qozilaridan bo‘lgan. Amakisi Shayx Abu Sulaymon Dovud ibn Yunus G‘aznaviy ham qozi edi. Musannif asarning oxirida “Nos” surasi tafsiridan keyin otasi va amakisi haqida ularning katta ilm sohibi bo‘lganini yozib o‘tgan, xususan, amakisini qozilar qozisi deb atagan[4].
Mufassir ahli sunna val jamoa ulamolaridan hisoblanadi. Uning aqidaviy qarashlari qazo va qadar, payg‘ambarlarning gunohdan pok bo‘lishi va boshqa shu kabi masalalarda salaf ulamolarining e'tiqodiga asoslangan edi. Allohning ba'zi sifatlari borasidagi qarashlari esa ko‘proq ash'ariy mazhabi mos kelgan.
Fiqhiy masalalarda esa hanafiy mazhabiga amal qilgan. Ulamolarning tarjimai holi haqida kitob yozganlar mufassirni hamisha hanafiylarga ajratilgan bob ichida zikr qilganlar. Mufassirning o‘zi ham asarida Abu Hanifa, Imom Abu Yusuf, Imom Muhammaddan (rahmatullohi alayhim) masalalar naql qilgan[5].
Shuni ta'kidlab o‘tish lozimki, Abdussamad ibn Mahmud G‘aznaviyning hayoti va shaxsiyatini ifoda etuvchi ma'lumotlar unchalik ham ko‘p emas. Shu jumladan, uning ustozlari va shogirdlari haqida ham manbalarda keng yoritilmagan. Bu borada izlanish olib borgan Saudiya Arabistoni “Ummul Quro” universiteti tadqiqotchilari mufassirning quyidagi shayxlardan ta'lim olganini aniqlaganlar:
- Amakisi Shayx Imom Abu Sulaymon Dovud ibn Yunus ibn Muhammad G‘aznaviy.
- Shayx Abu Mansur Muhammad ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Shabib Kog‘idiy Balxiy.
- Shayx Abu Ja'far Ahmad ibn Muhammad ibn Tolha Noshboniy.
- Shayx Abu Ja'far Ahmad ibn Makkiy ibn Husayn.
- Otasi Shayx Abul Qosim Mahmud ibn Yunus ibn Muhammad G‘aznaviy.
Olimning shogirdlari haqida ma'lumotlar juda kam. Tadqiqotlarda Mahmud ibn Abu Hasan ibn Husayn Naysoburiy (vaf. 553/1158)[6], olimning o‘g‘li Yahyo G‘aznaviy[7] singari shogirdlari nomi aniqlangan. Shogirdlari haqida ma'lumot kamligi mufassir tarjimai holi haqidagi ma'lumot kamligi sababidandir.
Dunyo kutubxonalarida tafsirning bir nechta qo‘lyozma nusxalarini uchratish mumkin. Ulardan biri Turkiyaning Istanbul shahridagi “Sulaymoniya” kutubxonasi, “Mehr Shoh Sulton” qismida uchta juzda №24, №25, №26 raqam bilan saqlanmoqda[8].
Keyingi nusxa ham Turkiyada bo‘lib, “Boyazid” davlat kutubxonasida №562 raqam bilan saqlanadi. Bir tomlik qo‘lyozma nusxasida qisman tushib qolgan varaqlar bor. Jumladan, 202dan 219 varaqqacha mavjud emas. Bu nusxa “Mehr shoh sulton” kutubxonasidagi nusxadan ko‘chirilgan bo‘lib, Usmon Mus'hafiga muvofiqdir[9]. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi manbalar fondida aynan ushbu nusxaning elektron shakli saqlanmoqda. Nusxa 943/1537 sanada Abdul Karim ibn Muhammad ibn Ali nomli kotib tomonidan oqqa tushirilgan. Nusxa 625 varaqdan iborat. Har bir sahifasida 35 qator va har bir qatorda o‘rtacha 16-19 so‘z mavjud. Kotib asarni nasx yozuvida ko‘chirgan. Sura nomlari va oyatlar qizil rangda keltirilgan.
Asarning boshqa bir nusxasini ham “Boyazid” davlat kutubxonasida №552 raqam bilan uchratishingiz mumkin.[10]
“Tafsirul fuqaho va takzibus sufaho” asari o‘ziga xos yo‘nalishda ta'lif etilgan. Olim tafsirda bir nechta uslublardan foydalangan. Jumladan:
- “Tafsiri bil ma'sur”[11] uslubi. Bu uslubda beshta yo‘nalishga asoslangan:
- Qur'onni Qur'on bilan tafsir qilish;
- Qur'onni hadis bilan tafsir qilish;
- Qur'onni sahobaning so‘zi bilan tafsir qilish;
- Qur'onni tobi'iynlar ijmo qilgan rivoyatlar bilan tafsir qilish.
- Mufassirning Qur'onni tafsir qilishda isroiliyotlarga[12] munosabati
- “Tafsiri bir ra'y”[13] uslubi. Bu uslubga yetti xil yo‘nalishda yondashgan.
- muallifning Allohning ism va sifatlariga nisbatan nuqtai nazari;
- muallifning tafsir qilish davomida aqida masalalaridagi yondashuvi;
- muallifning tafsir qilish davomida fiqhiy masalalarga yondashuvi;
- muallifning tafsir qilish davomida balog‘at masalalariga e'tibori;
- muallifning tafsir qilish davomida lug‘at va grammatik qoidalarga e'tibori;
- muallifning tafsir qilish davomida borliq haqidagi mulohazalari;
- muallifning tafsir qilish davomida ijmo qilingan masalarga bo‘lgan e'tibori.
Mufassir ushbu yondashuvlari ichida fiqhiy masalalarni yoritishga katta e'tibor qaratgan. Kamdan kam hukm oyatlaridagina u haqdagi fiqhiy istinbotlar haqida gapirmasdan o‘tib ketgan xolos. Ma'nolarni yoritishda ijmo qilingan masalalardan ham keng foydalangan. Faqihlar fikrlaridan ko‘p foydalangani kitobni “Tafsirul fuqaho va takzibus sufaho” deb nomlashiga asosiy sabab bo‘lganini tadqiqotchilar aytib o‘tganlar.
Tafsirning ilmiy qiymati beqiyosdir. Unda oyatlar ma'nosi aniq qilib yoritilgan, shuning bilan birga ortiqchalikdan ham saqlanilgan. Qisqa va lo‘ndalikka ko‘p e'tibor qaratilgan. Tushunishda mushkullik kelib chiqadigan ma'nolar yoritib berilgan. Fiqhiy masalalarga keng o‘rin berilgan. Kitob bamisoli hanafiy mazhabini bayon qiluvchi asarga aylangan. Oyatdan fiqhiy hukm chiqarib olishda ishonchli va kuchli uslubdan foydalangan.
Movarounnahr va Xuroson yerlarida yashab o‘tgan mufassir Abdussamad ibn Mahmud G‘aznaviy Hanafiy qalamiga mansub “Tafsirul fuqaho va takzibus sufaho” tafsiri boy tariximizning muhim bo‘g‘inlaridin biridir va asar tadqiq etilib, ilm ahli va xalqimizga taqdim etishga munosib.
Usmonxon Muhammadiyev.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi xodimi
[1] Abdussamad ibn Mahmud G‘aznaviy Hanafiy. Tafsirul fuqaho va takzibus sufaho (Bundan keyin “Tafsirul fuqaho”) // Sammoh binti Mahmud. Tahqiq-magistirlik ishi. – SAP.: – Ummul quro universiteti, 2011. –B.:20.
[2] Tafsirul fuqaho. Munniy binti Solih. Tahqiq-magistirlik ishi. – SAP.: – Ummul quro universiteti, 2010. –B.:21.
[3] Tafsirul fuqaho. Najoh binti Jamil. Tahqiq-magistirlik ishi. – SAP.: – Ummul quro universiteti, 2012. –B.:28.
[4] Abdussamad ibn Mahmud G‘aznaviy Hanafiy. Tafsirul fuqaho va takzibus sufaho. Turkiyadagi “Boyazid” davlat kutubxonasida №522-raqam bilan saqlanayotgan qo‘lyozma nusxasi. –B.:1402
[5] Tafsirul fuqaho. Sammoh binti Mahmud. Tahqiq-magistirlik ishi. – SAP.: – Ummul quro universiteti, 2011. –B.:39.
[6] O‘sha kitob, –B.:40.
[7] Tafsirul fuqaho. Munniy binti Solih. Tahqiq-magistirlik ishi. – SAP.: – Ummul quro universiteti, 2010. –B.:23.
[8] O‘sha kitob. B.32
[9] Tafsirul fuqaho. Najoh binti Jamil. Tahqiq-magistirlik ishi. – SAP.:– Ummul quro universiteti, 2012. –B.:34.
[10] Tafsirul fuqaho. Najoh binti Jamil. Tahqiq-magistirlik ishi. – SAP.:– Ummul quro universiteti, 2012. –B.:35.
[11] Tafsiri ma'sur deganda, biror oyatning ma'nosini boshqa oyat yoki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hadislari bilan, sahobiy yoki tobiiyndan naql qilingan so‘z bilan bayon etish tushuniladi.
[12] Isroiliyot deyilganda Tavrot va Injilda naql qilingan hodisalar nazarda tutiladi.
[13] Tafsiri bir ray' uslubida mufassir o‘z fikri va ijtihodi bilan tafsir qiladi va u ikkiga, joiz va g‘ayri joizga bo‘linadi. Joiz bo‘lgan ray bilan tafsir qilishda mufassir ishonchli masdarlarga suyangan holda jaholat va zalolatdan uzoqda bo‘lib tafsir qiladi. Joiz bo‘lmagan qismda yesa, mufassir jaholat, bid'at va zalolat bilan tafsir qiladi, shuning uchun ham barcha allomalar bu navdagi tafsirni man qilganlar.
Kiritilgan vaqti: 16/12/2020 15:17; Ko‘rilganligi: 2105
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 03:19