ABULAYSIYLARNI BILASIZMI?
Abu Lays Samarqandiy:
Samarqand nomini dunyoga mashhur qilgan buyuk Samarqandiylar haqida so‘z ketganda biz birinchilardan bo‘lib Abu Lays Samarqandiy nomini tilga olamiz.Allomaning ismi Nasr ibni Muhammad bo‘lib melodiy 910 yilda musulmon dunyosining ilm-ma’rifat o‘chog‘i bo‘lgan Samarqandda tug‘ilgan. Uning nomi Faqeh Abu Lays tarzida ham mashhurlikka erishgan. Faqeh – barcha islomiy ilmlar bilimdoni ma’nosida qo‘llaniladi. AbuLays kunyasiga to‘xtaladigan bo‘lsak ikki xil – Laysning otasi (olimning Lays ismli o‘g‘li bo‘lgan) yoki arslon kabi jasur (lays arslon ma’nosida) ma’noni bildiradi.
AbuLays Samarqandiyni tarixiy asarlarda “imamul huda” ya’ni xidoyatga boshlovchi imom deb atashgan.Tarixda bu zotdan boshqa faqatgina buyuk mutakallim olim Abu Mansur Motrudiygina shu nom bilat atalgani ma’lum. O‘zbekistonlik islomshunos olimlardan U.Uvatov va A.Abdullayevlar olimning ilmiy merosini o‘rganishgan va bir nechta risola va maqolalar chop ettirishgan. Faqeh Abu Laysning xayoti asosan Markaziy Osiyoda: Samarqand, Buxoro, Marv, Balx kabi shaharlarda o‘tgan.
Olim dastlabki saboqlarini o‘z otasidan olgan. Otasi Muhammad ibn Ahmad o‘z zamonasining olimlaridan bo‘lib, faqeh bir qancha asarlarida undan hadislar rivoyat qilgan. Uning ustozlarining barchasi Xanafiy mazhabining peshqadam allomalaridir. Ulardan:
Abu Ja’far Hinduvoniy o‘z zamonasining mashhur olimi. U Movarounnahrda hadis ilmini yoygan va fatvo berish darajasiga yetgan. Fiqh ilmidagi yuksak maqomi sababli uni kichik Abu Hanifa deb atashgan. U melodiy 972 yilda Buxoroda vafot etgan.
Xalil ibn Axmad Sijziy ham o‘z zamonasida peshqadam olimlardan edi. Movarounnahr shaharlarida qozilik ham qilgan. Melodiy 988 yilda Samarqandda vafot etgan.
Muhammad ibn Fazl Balxiy ham o‘sha davrning mashhur hanafiy olimlaridan edi. U xam Faqeh Abu Laysga ustozlik qilgan.
Tadqiqotchi A.Abdullayevning yozishicha dunyodagi ko‘plab kutubxonalarda Abu Lays Samarqandiy qalamiga mansub asarlarning 400 dan ziyod qo‘lyozmasi saqlanmokda.Olimning bizga ma’lum 40 dan ziyod asari bor. Ulardan 22 tasi fiqh, 13 tasi didaktik, 2 tasi tafsir, 4 tasi aqida sohasiga bag‘ishlangan.
Albatta, allomaning eng mashhur asari Kur’on oyatlarining mukammal tafsiridir. U «Tafsiru Bahrul ulum» (Ilmlar dengizi) deb nomlangan. Ba’zi manbalarda «Tafsiru Abi Lays» deb ham ataladi. Ushbu tafsir musulmon tafsirshunosligi tarixidagi eng dastlabki asarlardan biridir. Dunyo kutubxonalarida uning 77 ta qo‘lyozma nusxasi mavjud. Ulardan 2 tasi Misr Arab Resbublikasi, 1 tasi Edinburg kutubxonasida, yana biri O‘zR FA Sharqshunoslik instituda 2824 – ashyoviy raqam bilan saqlanadi. Usha davr ilmiy muhiti taqozosiga ko‘ra Abu Lays Samarqandiy ham ahli sunna e’tiqodini himoya qilish va turli adashgan oqimlar da’volariga raddiyalar yozish bilan shug‘ullangan. Uning tafsirida ham e’tiqodiy karashlarga katta e’tibor berilgan.Ushbu asar tadqiqoti ustida Toshkent Islom Universiteti dotsenti A.Abdullayev nomzodlik ishini muvaffaqiyatli ximoya kildi.
Faqeh Abu Lays o‘zining ma’naviy ustozi imom Abu Xanifa qalamiga mansub ahli sunna val jamoa e’tiqodi asoslab berilgan «Fiqhul absat» asariga mukammal sharh yozgan.
Olim hanafiy mazhabi fiqhiga oid «Navozil», «Xizonatul fiqh», «Uyunul masoil», «Muqaddimatu fis solat» kabi bir kancha asarlar yozgan. E’tiborli tomoni shundaki Abu Lays Samarqandiy tarixda birinchi bo‘lib o‘zidan oldin o‘tgan Abu Hanifa, Muhammad ibn Xasan kabi hanafiy mazhabi peshvolarining fatvolarini jamlab kitob xolatiga keltirgan.
Olimning axloq-odob mavzusiga bag‘ishlangan «Tanbehul g‘ofiliyn» va «Bo‘stonul orifiyn» asarlari nihoyatda mashhur. Bu ikki asar mustaqillik yillarida o‘zbek tiliga tarjima kilinib nashrdan chiqdi. «Bustonul orifiyn» asarida payg‘ambarlar, sahobalar va ummaviy, abbosiy xalifalar tarixiga oid qimmatli ma’lumotlar mavjud.
Faqeh Abu Lays muhaddis ham bo‘lganki o‘z tafsirida va «Tanbehul g‘ofiliyn» asarida bir qancha muhaddislardan hadislar rivoyat qilgan. Manbalarda keltirilishicha olim 100 ming hadisni yod bilgan.
«Xidoya», «Sharhul viqoya», «Fatovo Olamgiriya» kabi barcha fiqhiy asarlarda Abu Lays Samarqandiyning yuzlab fatvolarini topishingiz mumkin.
Faqeh Abu Lays o‘z davrida yashagan boshqa ikki Samarqandlik buyuk kalom ilmi namoyandalari Abu Mansur Motrudiy va Abul Qosim Hakim Samarqandiylar katorida Imom A’zam asoslagan ahli sunna e’tiqodini himoya kilish va uni O‘rta Osiyoda tarqatishda o‘zining katta hissasini qo‘shdi.
Tarixiy asarlarda aytilishicha Samarqanddagi mashhur Chokardiza qabristoni aslida Abu Lays Samarqandiyning bog‘i bo‘lgan. Olim melodiy 985-yilda vafot etganda o‘z bog‘ining janubi-g‘arbida hozirgi Faqeh Abu Lays jome masjidi yonida dafn etilgan.
Kiritilgan vaqti: 04/08/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3263
Chop etilgan vaqti: 07/10/2024 16:26