Abu Mansur al-Motrudiy
Imom Abu Mansur al-Motrudiy ahli sunna val jamoa e’tiqod qiladigan ikki yirik maktab imomining biri, Hanafiy mazhabidagilarning aqida masalasida murojaat qiladigan Motrudiya madrasasining imomi. To‘liq nomi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiydir. Uning nomi daryoning yonidagi “Moturid” qishlog‘iga nisbat berilgan. U zotning tavallud topgan yili tarixda zikr qilinmagan, lekin aytish mumkinki allomaning tavallud topgan zamonasi Abbosiylar xalifaligi davriga to‘g‘ri keladi. Abu Mansur al-Moturidiy dastlabki ta’limni shu qishloqda olib, keyinchalik Movarounnahrning o‘sha davrdagi diniy va ma’rifiy markazi bo‘lgan Samarqandda davom ettiradi.
Ma’lumki, o‘sha davrda musulmon sharqida barcha yetuk allomalar Fiqh, Hadis, tafsir va boshqa islom ilmlarini o‘rganishda o‘sha vaqtda islom markazlari bo‘lmish Bog‘dod, Dimashq, Kufa kabi yirik shaharlarga intilar edilar. Ammo ilohiyot, ya’ni, islom falsafasi borasida Buxoro, Samarqand va Xorazm kabi O‘rta Osiyo shaharlariga yo‘l olar edilar. Bu o‘lkadan islom olamiga dong taratgan mashhur allomalar yetishib chiqqanligi shu sababli bo‘lsa kerak.
Ahli sunna val jamoadagilar e’tirof etadigan qoidalar yoki imon talablari yettita: Alloh ta’aloning yagonaligiga, farishtalariga, muqqaddas hisoblangan kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxiratga, taqdirga va inson o‘lgandan keyin tirilishga ishonishdir. Kalom ilmi ham boshqa ilmlar kabi zarurdir. Hadis ilmi payg‘ambarimizdan rivoyat qilingan, aytilgan gaplarini va ishlarini o‘rgatsa, fihq ilmi shariat qonunshunosligini o‘rgatadi, kalom ilmi esa islom dinida e’tiqod qanday bo‘lishligini ta’lim beradi.
Al-Moturidiy ta’limoti mu’taziliylar kabi faqat aqlga suyanish emas, balki aql bilan naqlni qo‘shib foydalanishni zarur deb biladi. Aqida borasidagi uning qo‘shgan yana bir ulkan hissasi shuki o‘sha davrlarda juda ko‘plab firqalar e’tiqod borasida o‘z fikrlari bilan muslmon ahlini turli yo‘llarga boshlar edilar. Al-Moturidiy shunga chek qo‘yishda va bu o‘lkada yagona aqida tizimini o‘rnatishda ulkan hissa qo‘shdi. U barcha aqida borasidagi bahsli mavzularni har bir firqaga dalillar asosida isbotlab berdi. Buning natijasida turli xildagi mayda oqimlarning ko‘payishi oldi olindi.
Abu Mansur al-Moturidiy ilm o‘chog‘i bo‘lmish Samarqandda savodini chiqaradi. U kishining barcha ustozlari Abu Hanifa an-No‘mon ibn Sobit va uning talabalaridan tahsil olganlar. Ulardan Abu Nasr Ahmad ibn Abbos ibn Husayn al-Iyoziy, Abu Bakr Ahmad al-Juzjoniy, Nusayr ibn Yahyo al-Balxiy va Muhammad ibn Muqotil al-Roziy kabi kalom va fiqh olimlarini o‘zini ustozi deb bilgan. Fiqh va kalom masalalarini Hanafiy mazhabi olimlaridan dars olib o‘z bilimini oshiradi. Ushbu to‘rtta ustoz imom Moturidiyni imom Abu Hanifagacha bo‘lgan sanadini bog‘lovchi ustozlar hisoblanadi. Chunki mazkur Ahmad Juzjoniy, Iyoziy va Balxiylar 200 hijriy sanada vafot etgan Abu Sulaymon Muso Juzjoniyning shogirdlaridir. Bu zot esa Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlarning shogirdi bo‘lgan. Demak shunga ko‘ra hanafiya mazhabi imom Moturidiyga quyidagi sanad bilan bog‘liq:
- Imom Abu Hanifa;
- Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad;
- Abu Sulaymon Muso Juzjoniy;
- Ahmad Juzjoniy, Iyoziy va Balxiy;
- Moturidiy.
Imom Moturidiy rohmatullohi alayh fiqhda imom Abu Hanifa rohmatullohi alayh mazhablarida bo‘lganidek, aqidada ham u zotga ergashgan. Shuning uchun ham ba’zi asarlarda moturidiylarni hanafiylar deb ham ataladi.
Shu vaqt jarayonida ko‘plab mashhur faqihlar va muhaddislar bilan muloqatda bo‘lgan va ahli sunna val jamoaga qarshi chiqqan firqalarning da’volariga batafsil radddiyalar keltirgan. Ya’ni o‘sha paytlarda musulmonlarga tashvish tug‘dirib turgan mu’taziliy yetakchilarinig asarlariga birma-bir raddiyalar yozib, ularni sukut saqlashga majbur qilgan. Butun umri davrida shu sohaga oid asarlar yozib qoldirgan.
Bunga misol quyidagilardir: Abu Muhammad Bohiliy mu’taziliyning “Usulul xomsa” (beshta asos) nomli kitobiga “Roddu usulil xomsa” (“beshta asos” kitobiga raddiya), Abulqosim Ka’biy mu’taziliyning “tahziybul jadal” (ilmiy bahslarni o‘rgatish) nomli kitobiga “Roddu tahziybil jadal” (“ilmiy bahslarni o‘rgatish” kitobiga raddiya),
Abulqosim Ka’biy mu’taziliyning “Va’iydul fussaq” (Fosiqlarga tahdid) nomli kitobiga “Roddu “Va’iydil fussaq” (“Fosiqlarga tahdid” kitobiga raddiya), Abulqosim Ka’biy mu’taziliyning “Availul adilla” (Dastlabki dalillar) nomli kitobiga “Roddu availil adilla” (“dastlabki dalillar” kitobiga raddiya) nomli asarlar yozgan. Bundan tashqari “Kitob at-Tavhid” (Allohni yakkayu yagonaligi borasidagi kitob), “Kitob al-Maqolot”, “Ta’vilot ahli as-sunna” yoki “Ta’vilot al-qur’on” (ahli sunna yoki qur’on ta’viloti), Kitob al-roddu a’la al-qaromita (Qarmatiylarga raddiya), “Bayanu vahmil mu’tazila” (Mu’taziliy firqasining noto‘g‘ri tasavuri bayoni) kabi adashgan firqalarning umumiy qarashlaridagi xatolarni bayon qiluvchi ko‘plab asarlar yozgan.
Imom Moturidiy o‘z davrining islomiy ilmlari sohasida eng yetuk bilim sohibi hisoblanib, musulmon dunyosi olimlari tomonidan tan olingan va hozirda ham turli diniy asarlarda zo‘r ehtirom bilan tilga olinadi.
Imom Moturidiyni ulug‘lab "Imom al-Xuda" va "Imom al-mutakallimin" (Hidoyat yo‘li imomi va mutakallimlar imomi) kabi nomlar bilan ham ataganlar.
Imom Moturidiy shogirdlari orasida islom olamiga mashhur allomalar Abu al-Xasan ar-Rustug‘faniy (vafoti 350/961 y.), Is’hoq ibn Muhammad as-Samarqandiy va Abd al-Karim al-Pazdaviy (vafoti 390/999 y.), Abu Axmad al-Iyozi kabi olimlar bor edi. Shogirdlari o‘z ustozlarini juda hurmat qilishgan, hatto, uning ta’limotini davom etirishganligi tufayli Moturidiya maktabi vujudga kelgan.
Imom Moturidiy Camarqandda 333/944-945 yil vafot etgan va shahar chekkasidagi Chokardiza qabrstoniga dafn etilgan.
Kiritilgan vaqti: 07/10/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 3250
Chop etilgan vaqti: 04/12/2024 14:18